Jamiyat | 11:49 / 08.02.2025
53
4 daqiqa o‘qiladi

Keraksiz bo‘lib qolish dahshati – «Evrilish»

Yaqinlaringiz sizni nima uchun qadrlashadi? Ular uchun qay darajada ahamiyatlisiz? Atrofingizdagilarga nega keraksiz? Pul topishingiz, mehr-muhabbatingiz, obro‘-e’tiboringiz va yana nimalar uchun keraksiz? Aytaylik, siz bir kunda ularning hammasidan ajrab qolsangiz nima bo‘ladi? Hasharotga aylanib qolsangiz ular qanday yo‘l tutishadi?

"5 daqiqa" loyihasining navbatdagi sonida Kafkaning "Evrilish" asari haqida gaplashamiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Frans Kafka Pragada tug‘ilgan, nemis tilida ijod qilgan. O‘z asarlarida inson ruhi, jamiyatdagi begonalashish va ma’naviy bog‘liqlik kabi mavhum mavzularni chuqur tadqiq etgan yozuvchi.

Uning “Evrilish” hikoyasi 1915 yilda nashr etilgan va o‘sha paytda ham, bugun ham odamni titratuvchi, savollar bilan qiynovchi falsafiy kuchga ega.

Kafka ko‘plab asarlarini chop etmaslikni vasiyat qilgan. Lekin uning do‘sti Maks Brod yozganlarini saqlab qoladi.

Bugun “Evrilish” dunyo universitetlarida o‘rgatiladi, teatr sahnalari va kino ekranlarida qayta-qayta jonlantiriladi. Uning asarlarida sukut balandroq baqiradi, ma’nolar go‘yo siz bilan pichirlashadi.

U hasharotga aylanib qoladi

Asarning bosh qahramoni - Gregor Zamza. U kundalik mehnat bilan oilasini boqadigan inson. Bir kun u ulkan hasharotga aylangan holda uyg‘onadi. Umurtqali, shoxli, gapira olmaydigan, qiynalib yuradigan jonzot.

To‘g‘ri eshitdingiz - aynan hasharotga. Kafka janoblari bunga izoh berib o‘tirmagan, albatta. Anglash uchun o‘quvchining o‘zi ter to‘ksin, degan.

Moddiy jihatdan evrilgan Gregorning qalbi hamon inson edi. Biroq uning ko‘rinishi nafaqat jamiyatda, balki eng yaqinlari - oilasida ham nafrat va rad etish hissini uyg‘otadi.

Keraksizga aylanish og‘rig‘i

Gregor avval oilasining suyanchig‘i edi. Qarzlarni u to‘lar, ro‘zg‘or uchun mehnat qilar, bunday olib qaraganda, risoladagidek oila a’zosi edi. Bir kunda, aynan bir kunda u muammoga aylanadi. Oila a’zolari avval undan qo‘rqadi, keyin yuz o‘giradi, ovqat berishmaydi, bora-bora uning yo‘q bo‘lishini istay boshlashadi.

Siz shunday qilarmidingiz?

Eng alamlisi hasharotga aylangan yigit xorlikda vafot etadi va bu voqeadan so‘ng oilasi yengil tortgandek bo‘ladi. O‘sha kuni ular dam olish uchun shaharga chiqishadi. Hatto kelajak rejalari haqida xursand holda suhbatlashishadi.

Hasharotga aylangan insonning o‘limi hech kimni qayg‘uga solmaydi. Kafka aynan shu orqali o‘quvchiga savol qo‘yadi: Inson hayoti va qadri uning qanchalik foyda keltirishi bilan o‘lchanadimi? Oilada shartlarsiz, talablarsiz mehr-muhabbat bo‘lmaydimi?

Kafka ruhingizni silkitadi

Kafka so‘z bilan baqirmaydi. U shivirlaydi. Lekin shu shivir - qalbimizda to‘fon uyg‘otadi. “Evrilish” aynan shunday asar. Shuning uchun ham bu hikoya hali ko‘p o‘qiladi, anglanadi va og‘riq beradi.

***

“Besh daqiqa”ning bu galgi soni mana shular haqida. Agar sizni besh daqiqa davomida hayot haqida o‘ylashga, o‘zingizga chuqur savollar berishga majbur qila olgan bo‘lsak, demak, maqsadimizga erishdik.

Isomiddin Po‘latov.

Mavzuga oid