24 yanvar yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Toshkent-Andijon pulli yo‘li uchun tender, tabiiy gazga ulanmaydigan yangi uylar, takroran mast holda avto boshqarganlik uchun jinoiy jazo va taqiqlanayotgan elektron sigaretalar — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Yangi uylar gaz tarmog‘iga ulanmaydimi?
O‘zbekistonda yangi quriladigan ko‘p qavatli uylarda tabiiy gazdan voz kechilib, energiya manbasi sifatida faqat elektr energiyasidan foydalanish rejalashtirilmoqda. Yangi uylarda markazlashgan issiqlik ta’minoti joriy etilib, ovqat pishirish uchun elektr plitalar qo‘llanishi mumkin.
23 yanvar kuni o‘tkazilgan prezident selektorida ma’lum bo‘lishicha, 18 ming xonadon gazda individual isitiladigan tarzda qurilgani sababli foydalanishga qabul qilinmagan. Mutasaddilarga bu holatni o‘rganib, yechim taklif qilish topshirildi.
Shuningdek, joriy yilda 135 ming xonadon markazlashgan isitish tizimi bilan qurilishi ko‘zda tutilgan. 2025 yildan boshlab quriladigan yangi uylarda tabiiy gaz o‘rniga elektr energiyasidan foydalanilishi mumkin.
Deputat Alisher Qodirov bu taklifni qo‘llab-quvvatlab, gazni uylarda ishlatish o‘rniga yuqori qiymatli mahsulot ishlab chiqarishga yo‘naltirishni taklif qildi.
Mast holda mashina boshqarganlik uchun jinoiy jazo
O‘zbekiston Senati transport vositasini takroran mast holda boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etishga oid qonunni ma’qulladi. Endi bunday qoidabuzarlik uchun haydovchilar 3 yilgacha mashina boshqarish huquqidan mahrum qilinib, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlariga hukm qilinishi, hattoki ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Senatda 2024 yilda O‘zbekistonda 9364 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lib, 2203 nafar inson halok bo‘lgan va 8901 kishi yaralangani ma’lum qilindi. Mast holda boshqargan 8 ming haydovchi takroran qoidabuzarlik sodir etgan.
Yangi qonun «agressiv boshqarish» va «drift» uchun ham javobgarlikni ko‘zda tutadi. Qonun prezident imzolaganidan keyin kuchga kiradi.
Toshkent—Andijon pulli yo‘li uchun tender
Toshkent—Andijon pulli avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha tenderning birinchi bosqichi e’lon qilindi. Transport vazirligi ushbu loyihani davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Loyihaning dastlabki bosqichi 171 kilometr uzunlikdagi Toshkentdan Angrengacha bo‘lgan yo‘l va Qamchiq dovonini o‘z ichiga oladi.
Tender Jahon banki ko‘magida, Arup and Partner’s, PWC va CMS Cameron kabi xalqaro konsultantlar ishtirokida o‘tkaziladi. Hukumat tender orqali xususiy sherikni tanlab, qurilish, moliyalashtirish, boshqarish va texnik xizmat ko‘rsatish vazifalarini yuklaydi.
Tender ikki bosqichda tashkil qilinadi. Birinchi bosqichda kompaniyalar dastlabki malakalash uchun hujjatlarini taqdim etadi. Ikkinchi bosqichda esa saralangan ishtirokchilar texnik va moliyaviy takliflarini taqdim etadi. G‘olib kompaniya bilan uzoq muddatli bitim imzolanadi. Loyiha konsepsiyasi 2025 yil 21 yanvarda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan.
O‘zbekistonda elektron sigaretalar taqiqlanadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi elektron sigaretalar va nikotinni iste’mol qilish moslamalarini taqiqlovchi qonunni qabul qildi. Bu qonunga ko‘ra, elektron sigaretalar va ular uchun suyuqliklarni ishlab chiqarish, saqlash, tashish, sotish, respublika hududiga olib kirish va olib chiqish taqiqlanadi.
Shuningdek, qonunga xilof ravishda bu mahsulotlarni muomalaga kiritish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari belgilandi. Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda deputatlar tomonidan takomillashtirildi va uchinchi o‘qishda qabul qilindi.
Deputatlar qonunning asosiy maqsadi aholi salomatligini himoya qilish, millat genofondini saqlash va atrof-muhitni tamaki va nikotin mahsulotlarining yangi turlaridan muhofaza qilish ekanligini ta’kidlashdi. Qonun kuchga kirgandan so‘ng, elektron sigaretalarning muomalasi to‘liq taqiqlanadi.
Toshkentda ikki o‘quvchida sil aniqlandi
Toshkentning Shayxontohur tumanidagi 59-maktabda 11-sinf o‘quvchisida sil kasalligi aniqlandi. Bemor bilan muloqotda bo‘lgan sinfdoshida ham kasallik qayd etildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yana to‘rt kishida (uch o‘quvchi va bir o‘qituvchi) kasallikka moyillik aniqlanib, profilaktik davolanish boshlangan.
Bemor qiz so‘nggi oylarda sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolarga duch kelib, 2024 yil dekabrida rentgen tekshiruvi natijasida silga chalingani ma’lum bo‘lgan. U maxsus shifoxonaga yotqizilgan. Holatdan so‘ng Sanitariya epidemiologik osoyishtalik qo‘mitasi tomonidan maktabda va qo‘shimcha dars o‘tkaziladigan muassasalarda tekshiruv va zararsizlantirish tadbirlari amalga oshirilgan.
59-maktab direktoriga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Maktab rekonstruksiya qilinayotgani sababli o‘quvchilar boshqa maktablarda o‘qishni davom ettirmoqda.
Mavzuga oid

22:55 / 21.04.2025
21 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:39 / 18.04.2025
18 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:37 / 17.04.2025
17 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

21:07 / 16.04.2025