O‘zbekiston | 23:39 / 05.08.2025
3933
5 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda hokimlar almashinuvi, Toshkentda 560 ming dollarlik o‘g‘rilik va andijoncha majburiy mehnat – mahalliy dayjest

Shavkat Mirziyoyev Turkmanistondagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi va «Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun» ordeni bilan taqdirlandi. Andijonda o‘qituvchilarni maktabni ta’mirlashga majburlagan direktor ishdan olindi va jarimaga tortildi. Samarqandda “baza ishlamayapti” degan bahona bilan haydovchilar jarima to‘lay olmayapti. Toshkentdagi ofisdan 560 ming dollarni o‘marib ketgan shaxslar ushlandi. Kun.uz yoritgan ushbu muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Shavkat Mirziyoyev Turkmanistondagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 avgust kuni Turkmanboshi shahridagi «Avaza» milliy turizm hududida o‘tayotgan Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha BMT uchinchi konferensiyasida ishtirok etdi. Davlat rahbari dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlarning umumiy tahdid va muammolarini bartaraf etish bo‘yicha qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan maxsus tadbirda ishtirok etdi.

Konferensiya doirasida Shavkat Mirziyoyevga Turkmanistonning «Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun» ordeni topshirildi.

Samarqand viloyatining bir necha tumanlariga yangi hokimlar tayinlandi

Toyloq tumanida Bahodir Bobonazarov o‘rniga Behzod Rahmatullayev, Payariq tumanida Isroil Jabborov o‘rniga Shunqor Xudoyberdiyev yangi hokim sifatida ish boshladi.

2023 yil avgust oyidan Payariq tumaniga rahbarlik qilib kelgan Isroil Jabborov tadbirkor mulkini sudning hal qiluv qarori kuchga kirmasdan ichidagi texnikalari bilan birga buzdirib tashlagani bilan OAV e’tiboriga tushgandi.

Urgut tumanini 2020 yildan buyon boshqarib kelgan Botir Jabborov boshqa ishga o‘tdi. Uning o‘rniga Samarqand viloyati prokurori o‘rinbosari Dilmurod Sayidqulov yangi hokim etib tayinlandi.

Ixtiyoriymi yo majburiy?

Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 42-maktab direktori Z.Mamajonova ishdan bo‘shatildi. Gap shundaki, avvalroq o‘qituvchilar maktabni ta’mirlayotgani haqidagi video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi. Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi «hashar ixtiyoriy ravishda amalga oshirilganini» ma’lum qildi.

Biroq Mehnat inspeksiyasi o‘qituvchilar ta’mirlash ishlariga majburlangani, aks holda dars soatlari kamayishi haqidagi tahdidga uchraganini ma’lum qildi. Shuningdek, Z.Mamajonova 41 mln 200 ming so‘m jarimaga tortildi.

Samarqandda “GAI”ning bazasi ishlamayapti

Joriy yilning 1 avgust kuni Samarqand shahrida YHXB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reyd chog‘ida 50 dan ortiq avtomobil jarima maydonchasiga olib ketilgan. Kun.uz’ga murojaat qilgan haydovchilarga ko‘ra, ular jarimalarni to‘lashga tayyor, biroq besh kundan beri mashinalarini “stoyanka”dan olib chiqisholmayapti.

Samarqand shahar YHXBga murojaat qilib kelayotgan haydovchilarga “akt hali kelmagan” yoki “baza ishlamayapti” degan vajlar bilan mashinalarini qaytarib olishga ruxsat berilmayapti.

5 avgust kuni holatiga ko‘ra, jarimalar elektron bazada ko‘rinib turgan bo‘lsa ham, akt rasmiylashtirilmagani bois avtomobillar hali ham jarima maydonchasida turibdi. Bu vaqt ichida mashinalar uchun har kunlik to‘lov (stoyanka uchun) yuzaga kelmoqda.

“Biz qoidabuzarlik qilgan bo‘lsak, javobgarlikni tan olamiz. Jarimalarni ham to‘lashga tayyormiz. Lekin faqat bir qog‘oz – akt yo‘qligi uchun 5 kundan beri kutib turibmiz. Har bir kuni pulga aylanyapti”, – degan haydovchilardan biri.

Murojaatchilarga ko‘ra, shu reydda “stoyanka” qilingan ba’zi haydovchilar tanish-bilish orqali mashinalarini olib ketishgan.

Toshkentdagi ofisdan 560 ming dollarni o‘marib ketgan shaxslar ushlandi

Toshkent shahrining Mirobod tumanida o‘g‘rilik jinoyati sodir etildi. Gumonlanuvchilar ofisdan 560 ming AQSh dollari bor seyfni o‘g‘irlab ketdi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jinoyatga ikki nafar shaxs qo‘l urgani aniqlangan. Ular seyfni uy yerto‘lasida kesib ochgan, pullarni o‘zlashtirgan, so‘ng seyfni kanalga tashlab yuborgan.

Mavzuga oid