Xitoy dunyodagi eng katta desant kemasini suvga tushirdi
Xitoyda yangi avlod universal desant kemasi foydalanishga topshirildi. Qiruvchi samolyotlar, vertolyot hamda og‘ir dronlarni uchirishga qodir kemaga «Sichuan» nomi berildi.

Foto: mp.weixin.qq.com
Xitoy Xalq ozodlik armiyasi yangi avlod universal desant kemasi (UDK) suvga tushirilganini e’lon qildi. 076 tipidagi kema dunyodagi UDK kemalari orasida eng kattasi hisoblanadi.
Qayd etilishicha, kemani suvga tushirish marosimi Shanxayda bo‘lib o‘tgan. Marosimda o‘qib eshittirilgan qarorga muvofiq kemaga «Sichuan» nomi va «51» bort raqami berilgan.
«Sichuan» — 075 tipidagi birinchi kema. U 2023 yilning oktyabridan beri qurilayotgan edi. To‘liq yuklanganda kemaning suv sig‘imi 40 ming tonnadan oshadi. Kema ikkita orolsimon ustki tuzilishiga ega bo‘lib, parvoz palubasi kemaning butun uzunligi bo‘ylab cho‘zilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kema turli havo kemalarining uchish va qo‘nishini ta’minlash maqsadida innovatsion elektromagnit katapulta va aerofinisher texnologiyalaridan foydalanadi. Bu esa unga qiruvchi samolyotlar, vertolyotlar, shuningdek, og‘ir uchuvchisiz uchish apparatlarining ham qo‘nishiga imkoniyat yaratadi.
Amerikalik harbiy tahlilchi Karl Shusterga ko‘ra kemaning o‘lchami — «kuchli bayonotdir». «Ushbu ko‘rsatkich Xitoy Harbiy dengiz kuchlari dengiz ekspeditsiyalari va desant operatsiyalariga e’tibor qaratayotgani, ularni o‘tkazish imkoniyatlarini oshirayotganini ko‘rsatadi. AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining esa ko‘lami va imkoniyati hozirgi vaqtda sezilarli qisqargan», — deydi Shuster.
Avvalroq xitoylik mutaxassislar dunyodagi eng katta suvosti Tszinan-Xuangan tunneli qurilishini yakunlagani to‘g‘risida xabar berilgandi. Uzunligi 3290 metrli tunnel Xuanxe daryosi ostidan, 30 metrli chuqurlikda o‘tgan.
Mavzuga oid

15:18 / 18.05.2025
Nyu Yorkda Meksika harbiy kemasi Bruklin ko‘prigiga urildi. Qurbonlar bor

20:05 / 05.05.2025
Xitoyda kuchli shamol sayyohlik kemalarini ag‘darib yubordi. 10 kishi halok bo‘ldi

17:01 / 19.04.2025
Kongoda kema halokati oqibatida 148 kishi halok bo‘ldi

12:22 / 17.04.2025