Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Pop tumanida yuk mashinalari o‘zaro to‘qnashib yonib ketdi. Uch kishi halok bo‘lgan
Ketma-ket harakatlangan uchta yuk avtomobili o‘zaro to‘qnashishi oqibatida yirik yong‘in kelib chiqqan. Haydovchilarning barchasi halok bo‘lgan.

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi Namangan viloyati Pop tumanidagi yo‘lda sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan ma’lumot berdi.
«15 yanvar kuni soat 16:09 da Namangan viloyati Pop tumani «Qo‘shminor» MFY hududida ketma-ket harakatlanib ketayotgan 3 ta MAN rusumli yuk avtomobillari ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Natijada yuk avtomobillarida yong‘in kelib chiqqan.
Birinchi yuk avtomobili yonilg‘i tashishga mo‘ljallangan bo‘lib, mazut, ikkinchi avtomobilga ko‘mir, uchinchi avtomobilga bo‘yoq mahsulotlari ortilgan bo‘lgan.
Shunga ko‘ra 4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 16:30 da voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat 16:33 da qurshab olingan va soat 17:20 da bartaraf etilgan.
Hodisa oqibatida yuk avtomobillarida bo‘lgan 3 nafar fuqaro halok bo‘lgan», deyiladi vazirlik xabarida.
Voqea joyiga viloyat va tuman FVB rahbarlari, tegishli tashkilotlar xodimlari yetib borgan.
Hozirda IIB tezkor tergov guruhi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.