O‘zbekiston | 07:37 / 27.01.2022
9788
2 daqiqa o‘qiladi

Urganchdagi chiqindixonadan chaqaloq murdasi topildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazmda yangi tug‘ilgan chaqaloq chiqindixonaga tashlab ketilgani haqida xabarlar tarqaldi. Xorazm viloyat prokuraturasi holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Aniqlanishicha, 2022 yil 1 yanvar kuni Urganch shahar A.Temur va Gurlan ko‘chalari o‘rtasida joylashgan chiqindi tashlash joyidan o‘lik holatda, yetilmagan, qiz jinsiga mansub chaqaloq murdasi topilgan.

Mazkur holat yuzasidan Urganch shahar prokuraturasi tomonidan o‘tkazilayotgan tergovga qadar tekshiruvda tayinlangan Respublika sud-tibbiy ekspertizasi ilmiy-amaliy markazi Xorazm filialining 2-sonli xulosasida shaxsi noma’lum, qiz jinsiga mansub chaqaloqning o‘limiga yetilmaganlik va hayotga layoqatsizlik sabab bo‘lganligi ko‘rsatilgan.

Ekspert xulosasiga ko‘ra, chaqaloq ona qornida 5,5 - 6 oy yashagan bo‘lishi mumkin, chaqaloq murdasida tan jarohatlari aniqlanmagan, chaqaloqning murdasidan olingan qon va homila yo‘ldoshida homiladorlikni jarrohlik aralashuvisiz erta tugatishda qo‘llaniladigan sintetik preparat “mifepriston” dori vositasi qoldiqlari topilgan. 

Qayd etilishicha, tekshiruv davomida chaqaloqning onasi aniqlanmagan. 

Hozirda tergovga qadar tekshiruv Urganch shahar prokuraturasi tomonidan davom ettirilmoqda, tekshiruvning borishi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

Mavzuga oid