O‘zbekiston | 14:35 / 30.04.2019
47294
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident Surxondaryo viloyatiga tashrifini To‘polang GESni borib ko‘rish bilan boshladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida dastlab Sariosiyo tumanidagi To‘polang gidroelektr stansiyasini borib ko‘rdi. 

«Mamlakatimizda gidroenergetikani rivojlantirish uchun tabiiy sharoitga ega joylar ko‘p. Bu imkoniyatdan samarali foydalanib, energiya ishlab chiqarishni ko‘paytirish iqtisodiyotimizning eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. 

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 2 maydagi qarori bilan 2017-2021 yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi belgilandi. O‘sha yili 18 maydagi farmonga muvofiq,  «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi. Sohada yagona texnik siyosatni amalga oshirish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini o‘zlashtirish, mavjud gidroelektr stansiyalarni zamonaviy texnologiyalar asosida qayta jihozlash va yangi quvvatlarni tashkil etishga qaratilgan muhim vazifalar belgilab berildi. 

Shu asosda To‘polang gidroelektr stansiyasi ham modernizatsiya qilinmoqda. Bu yerda har biri 15 megavatt bo‘lgan ikkita agregat ishlab turgan edi. Prezidentimiz topshirig‘iga muvofiq, avvaliga To‘polang suv ombori to‘g‘oni 20 metrga ko‘tarildi. Natijada uning sig‘imi 380 million kub metrdan 500 millionga yetkazildi. Ayni paytda jami quvvati 145 megavattli yana ikkita agregat o‘rnatish bo‘yicha ish olib borilmoqda», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida

Bundan tashqari, har biri qariyb 38 megavatt bo‘lgan Zarchob-1 va Zarchob-2 kichik gidroelektr stansiyalari ham barpo etilyapti. Shu tariqa energiya olish quvvati jami 250 megavattga yetkaziladi.

Ahamiyatlisi shundaki, bu resurslar tabiiy va qayta tiklanuvchandir. Ekologiyaga hech qanday zarar yetkazmagan holda barqaror energiya ishlab chiqarilib, sanoat korxonalari, turli idoralar va aholiga yetkazib beriladi.

Davlat rahbari yangi to‘g‘on va gidroelektr stansiyani ko‘zdan kechirdi.

- Bu tarixiy voqea, - dedi Shavkat Mirziyoyev. -  Bu ishlar  kelajak uchun, bolalarimiz uchun. Kelgusida Surxondaryo gidro energiya hisobidan bemalol iqtisodiyotini ta'minlasa bo‘ladi.

Shu yerda suv omborlari va gidroelektr stansiyalari holatini monitoring qilishga ixtisoslashgan texnik tizimlar taqdimoti ham o‘tkazildi.

Prezident suv omborlari to‘g‘onlarini mustahkamlash va doimiy nazorat qilish, xavfsizligini ta'minlash, ilmiy ishlanmalar asosida ulardan foydalanish koeffisentini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Mavzuga oid