18:30 / 07.11.2018
12485

Pogbaning Turinga qaytishi va Solarining YeChLdagi debyuti. Asosiy intrigalar

Chorshanba oqshomida Yevropa Chempionlar ligasi guruh bosqichi 4-turi doirasida yana 4 guruhda 8 uchrashuv bo‘lib o‘tadi. «Tribuna» kun uchrashuvlari anonsini keltiradi.

Ikki hafta o‘tib yana o‘sha raqiblar o‘zaro uchrashmoqda. Bu turda o‘tgan turda mag‘lubiyat alamini totib ko‘rganlar revansh olish imkoniga ega bo‘lishadi. 

Bahorda kimlar o‘ynaydi?

Foto AFP

H guruhi
«Yuventus» – «Manchester Yunayted»
7 noyabr. Turin. «Yuventus» stadioni. Toshkent vaqti bilan 8 noyabr kuni soat 01.00 (Match TV).
Yo‘qotishlar: Bernardeski, Emre Jan (ikkisi – jarohatda) – Valensiya, Fellayni (ikkisi – jarohatda)
Hakam: Xatsegan (Ruminiya)

Ikki hafta oldin Manchesterda Krishtianu Ronalduni qanday kutishgan bo‘lsa («Old Trafford»dagi o‘yinda «Yuventus» 1:0 hisobida g‘alaba qozongandi), bu safar Turinda Pol Pogbani shunday kutishmoqda. «Qizil iblislar» akademiyasida tahsil olgan fransiyalik futbolchi katta futboldagi ilk davrlarni Turinda o‘tkazgan, u 4 yil davomida oq-qora futbolkani kiygan. 2015 yilda esa u rekord miqdordagi mablag‘ evaziga «MYu»ga qaytgan. U o‘shandan buyon ilk marta yana o‘z uyi bo‘lgan stadionga chiqadi.

Bu ikki jamoaning Turindagi oxirgi uchrashuvi 2003 yilning fevralida YeChL guruh bosqichi doirasida kechgan va o‘sha o‘yin mehmonlarning yirik hisobdagi g‘alabasi bilan yakunlangan (3:0). Bu safargi o‘yinda Manchester jamoasi g‘alaba qozonish orqali faqat guruhdagi ikkinchi o‘rinni mustahkamlashi mumkin, ammo bu g‘alabaga erishishning o‘zi bo‘lmaydi. «Yuventus» bu mavsumda hali mag‘lubiyatga uchramadi - 13 g‘alaba va 1 durang. «Yuventus» bugun bu seriyani davom ettirib, pley-off masalasini hal qilishi mumkin bo‘ladi.

«Valensiya» – «Yang Boyz»
7 noyabr. Valensiya. «Mestalya» stadioni. 22.55 (Match Futbol 1).
Yo‘qotishlar: Parexo, Pichchini, Cherishev (barchasi – so‘roq ostida) – Lotomba (jarohat), Vyutrix (so‘roq ostida)
Hakam: Kovach (Ruminiya)

«Valensiya» uchun shveysariyaliklarga qarshi o‘yin YeChLning joriy mavsumida ilk g‘alabani qo‘lga kiritib, «MYu»dan ikkinchi o‘rinni tortib olish uchun yaxshi imkoniyat. Bu o‘yindagi g‘alaba jamoada guruhdan chiqish imkoniyatini saqlab qoladi. Kamida bahorgi o‘yinlarda qatnashish imkoniyatini (hech bo‘lmaganda Yevropa Ligasi yo‘llanmasi) kafolatlaydi. «Ko‘rshapalaklar» hozirda Ispaniya chempionatida 15-o‘rinda borishmoqda va jamoaga xalqaro maydonlardagi g‘alabalar suv va havodek zarur.

«Burgutlar» qaytadimi?
E guruhi
«Benfika» – «Ayaks»
7 noyabr. Lissabon. «Da Lush» stadioni. Toshkent vaqti bilan 8 noyabr kuni soat 01.00 (Match Arena).
Yo‘qotishlar: Ebuexi (jarohat), Krovinovich, Lemma, Seferovich (barchasi – so‘roq ostida) – Bande, Feltman (ikkisi – jarohatda)
Hakam: Rokki (Italiya)

Mavsum boshlanishidan oldin hech kim «Ayaks»ni E guruhida asosiy favorit sifatida ko‘rmayotgandi. Ammo 3 turdan keyin amsterdamliklar jamoasi «Bavariya» bilan bir xilda - 7 ochko jamg‘argan holda to‘plar nisbati yaxshiligi evaziga birinchi o‘rinda joylashgan. Lissabondagi o‘yinda muvaffaqiyat davom etsa, pley-off bosqichi hal bo‘lishi mumkin. Bu o‘yinda mag‘lub bo‘lmasa, jamoa barcha turnirlardagi mag‘lubiyatsiz seriyasini 9ta o‘yinga yetkazishi mumkin bo‘ladi.

«Burgutlar» uchun esa («Benfika»ning laqabi) g‘alaba suv va havodek zarur. Lissabonliklar o‘tgan turda safarda «Ayaks»ga oxirgi daqiqada o‘tkazilgan gol tufayli mag‘lub bo‘lgandi (0:1). Shundan keyin jamoa Portugaliya chempionatida qatorasiga ikki o‘yinda yutqazdi va turnir jadvalida beshinchi o‘ringa tushib ketdi. Kech bo‘lmasidan qaytish vaqti kelgan.

«Bavariya» – AYeK
7 noyabr. Myunxen. «Allyants Arena» stadioni. Toshkent vaqti bilan 8 noyabr kuni soat 01.00 (Match Igra).
Yo‘qotishlar: Koman, Tolisso (ikkisi – jarohatda), Tiagu Alkantara (so‘roq ostida) – Elder Lopesh (jarohat)
Hakam: Yug (Sloveniya)

«Bavariya»ni shu hafta oxirida Germaniya chempionati doirasida juda qiyin bahs kutib turibdi. Jamoa bundesliga peshqadami, joriy mavsumda ichki chempionatda mag‘lubiyatsiz borayotgan Dortmundning «Borussiya» klubiga qarshi o‘ynaydi. Ayni vaqtda myunxenliklar prinsipial raqibidan 4 ochko ortda qolib ketgan. Shu tufayli muhim bahsga yaxshi tayyorgarlik ko‘rish uchun AEKka qarshi o‘yinda kuchlar tejalishi mumkin. Lekin nemislar grandi greklar klubini yarim kuchi bilan ham yengish salohiyatiga egadir. AEK bu turda muddatidan oldin turnirni tark etishi kutilmoqda - jamoa hali birorta ochkoga ega emas.

Vinisius startga chiqadimi?

Foto REUTERS

G guruhi
«Viktoriya» Plzen – «Real»
7 noyabr. Plzen. «Dusan Arena» stadioni. Toshkent vaqti bilan 8 noyabr kuni soat 01.00 (Match Futbol 1).
Yo‘qotishlar: Kovarjik, Kolarj, Krmenchik (barchasi – jarohatda) – Varan, Karvaxal, Marselo (barchasi – jarohatda), Dias (so‘roq ostida)
Hakam: Aytekin (Germaniya)

18 yoshli braziliyalik Vinisius Junior Ispaniyada Madrid renessansi ijodkori sifatida atalmoqda. 45 million yevrolik bu hujumchini Xulen Lopetegi asosiy tarkibda o‘ynatmagandi. U Madrid jamoasi o‘rinbosarlari safida, Santyago Solari qo‘li ostida 5 o‘yinda maydonga tushib, 4 gol urdi. Solari asosiy jamoaga o‘tkazilgach, murabbiy yosh iqtidorga ishonch bildirdi. Futbolchi argentinalik mutaxassisning ishonchini oqladi - Kubok uchrashuvida «Melilya»ga qarshi bahsda asosiy ishlarni bajardi hamda ikki golga uzatma berdi. Shundan keyin, Ispaniya chempionati doirasida «Valyadolid»ga qarshi o‘yinda ham maydonga tushgan futbolchi g‘alaba golini urdi. «Real» muxlislari endi u Chexiyadagi o‘yinda ham Beylning o‘rniga boshlang‘ich tarkibdan joy olishini istashmoqda. Solari ularni eshitarmikin?

TsSKA – «Roma»
7 noyabr. Moskva. «Lujniki» stadioni. 22.55 (Match TV).
Yo‘qotishlar: Bistrovich, Vasin, Kuchayev, Makarov, Ernandes (barchasi – jarohatda) – De Rossi, Perotti (ikkisi – jarohatda), Karsdorp, Luk.Pellegrini (ikkisi – so‘roq ostida)
Hakam: Junayt Chaqir (Turkiya)

«Real»ni yenggan TsSKA «Viktoriya» bilan durang o‘ynagach, 4 ochko bilan uchinchi o‘rinda joylashgan. «Real» va «Roma»da esa 6tadan ochko bor. Viktor Goncharenko jamoasi «Roma» va «Real»dan ochko ololmasa, YeChL pley-offida o‘ynashni xayoliga keltirmasa ham bo‘ladi, «Viktoriya»ni yenggan taqdirda ham jamoa faqat bahorda Yevropa Ligasida ishtirokini davom ettirishi mumkin bo‘ladi. 

TsSKA bugun rimliklarni yengsa va shu oyda, 5-turda «Viktoriya» ustidan Moskvada g‘alaba qozonsa, 12 dekabr kuni Madridda «Real»ga qarshi o‘yinda ochko uchun maydonga tushadi. Agar maqsadga erishilsa, jamoa YeChL nimchorak finaliga yo‘l olishi mumkin. Lekin bularning barchasi murakkab vazifalar va hozirgi TsSKAning imkoniyatlari darajasida emas.

F guruhi
«Manchester Siti» – «Shaxtyor»
7 noyabr. Manchester. «Etihad». Toshkent vaqti bilan 8 noyabr kuni soat 01.00 (Match Futbol 2).
Yo‘qotishlar: Bravo, De Bryuyne (ikkisi – jarohatda) Gundo‘g‘an, Otamendi (ikkisi – so‘roq ostida) – Marlos, Ordets (ikkisi – jarohatda) Malishev, Fernandu (ikkisi – so‘roq ostida)
Hakam: Koshshoi (Vengriya)

«Lion» – «Hoffenhaym»
7 noyabr. Lion. «Lyumer» stadioni. Toshkent vaqti bilan 8 noyabr kuni soat 01.00 (Match Futbol 2).
Yo‘qotishlar: Guiri, Tete (ikkisi – jarohatda) – Amiri, Posh, Rupp (barchasi – jarohatda), Gayger, Xubner (ikkisi – so‘roq ostida)
Hakam: Makkeli (Shotlandiya)

Bu guruhda «Manchester Siti» klubi «Etihad» stadionida «Shaxtyor Donetsk» jamoasini qabul qiladi. Guruhning ikkinchi uchrashuvida «Lion» Germaniyaning «Hoffenhaym» klubi bilan bellashadi.

Ayni vaqtda «shaharliklar» 6 ochko bilan guruhda peshqadamlik qilishmoqda, navbatdagi 3 ochko jamoaning pley-offga chiqish imkoniyatlarini keskin oshiradi. «Lion»da ham bugungi uchrashuvni o‘z foydasiga hal qilish orqali donetskliklarni ancha ortda qoldirib ketish imkoniyati mavjud.

Mavzu
Yevropa Chempionlar Ligasi
12 sentabrdan Yevropa Chempionlar Ligasida yangi mavsum start oldi. 8 guruhda 4tadan jamoa kuzgi bahslarga kirishdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top