«Real»da yangi yulduz porlashda davom etmoqda, Ramos uyga qaytdi
Klublar mundialida chorakfinalning barcha juftliklari ma’lum.

Foto: Gettyimages/Kevin C. Cox
KJCh. 1/8 final
«Real» — «Yuventus» 1:0
1 iyul. Mayami. «Hard Rok»
Gol: Gonsalo Garsiya (54).
«Real» — Kurtua, Trent, Ryudiger, Hausen, Fran Garsiya, Chuameni, Valverde (Seballos, 90), Guler (Modrich, 77), Bellinghem, Vinisius, Gonsalo Garsiya (Mbappe, 68).
«Yuventus» — Di Gregorio, Kalulu, Rugani (Gatti, 86), Kelli (Gonsales, 59), Koshta, Lokatelli (Makkenni, 86), Tyuram, Kambiyazo, Konseysau (Kostich, 59), Yildiz (Kopmeyners, 71), Kolo-Muani.
Ogohlantirish: Bellinghem (86).
«Real»ning «Yuventus» bilan o‘yini — 1/8 finalning so‘nggi kunidagi desertdek bo‘ldi. Oshqozonidagi og‘riq tufayli guruh bosqichini o‘tkazib yuborgan Mbappe bu safar o‘yin qaydnomasiga kiritildi va zaxira o‘rindig‘idan joy oldi. Boshlang‘ich tarkibda esa yana klublar o‘rtasidagi jahon chempionatining kashfiyotlaridan biri – Gonsalo Garsiya tushdi. «Qaymoqranglilar»ning 21 yoshli tarbiyalanuvchisi 5-3-2 (yoki 3-5-2) taktik sxemasida Vinisius Junior bilan hujum juftligini hosil qildi. «Yuventus» esa 5-4-1 sxemasidan foydalandi, bunda hujum uchida Kolo Muani harakat qildi.
«Real» birinchi bo‘limda to‘pga ko‘proq vaqt davomida egalik qildi (43 ga qarshi 57), ammo ancha vaqtgacha xavfli vaziyatlar yarata olmadi. Xabi Alonso shogirdlariga hujumlarni rivojlantirishda jamoaviy tezlik yetishmadi. Bu kamchilikni Vinisius Junior individual harakatlari bilan to‘ldirishga harakat qildi, ammo uning qanotdan qochib ketishga urinishlari muvaffaqiyatsiz chiqdi.
«Yuventus» esa «Real»dan cho‘chimadi va o‘yindagi ilk zarba muallifi Kenan Yildiz bo‘ldi. Yettinchi daqiqada turinliklar ilk golli vaziyatni ham yaratishdi. Trent to‘p yo‘qotishidan keyin Kolo Muani Yildizga tovonida pas berib, o‘zi oldinga tashlandi va jarima maydoniga kirib borib, Kurtua bilan yakkama-yakka vaziyatda zarba yo‘lladi, ammo to‘p darvozabonning ham, darvoza to‘sinining ham ustidan o‘tib ketdi.
«Real»ning bu o‘yindagi asosiy quroli uzoq masofadan berilgan zarbalar bo‘ldi. Faqat o‘yinning yarim soati o‘tgandagina Alonso jamoasi «Yuventus» mudofaasini yorib o‘tib, ilk golli vaziyatini yaratdi. Bellinghem yaqin masofadan zarba yo‘lladi, ammo darvozabon Di Gregorio «keksa siniora»ni qutqarib qoldi.
Bo‘limning oxirgi qismini «Real» futbolchilari kuchli o‘tkazishdi. O‘ng qanotda Trent Guler bilan o‘rin almashib o‘ynab, bosim uyushtirishdi. Valverde jarima maydoni tashqarisidan xavfli zarba yo‘lladi – turinliklar darvozaboni yana bir bor o‘zini ko‘rsatdi. «Yuventus»ning charchagan futbolchilari bu vaqtda qarshi hujumga o‘tishni bas qilishgandi.
Ikkinchi bo‘limga «Real» yanada katta ishtiyoq bilan tushib kelishdi. Madridliklar hujumidagi keskinlik darajasi geometrik progressiya bo‘yicha o‘sa boshladi. Shu kuni o‘nta seyv ijro etgan Di Gregorio o‘z darvozasidan to‘p olib chiqishi vaqt masalasi ekani ko‘rinib turardi.
«Real» futbolchilari bir necha bor «Yuventus»ning burchak zarbalaridan keyin xavfli qarshi hujumlarga chiqib ketishdi. Ammo golni o‘zining standart vaziyatidan urishdi. Trent hujumni ikkinchi tempda davom ettirib, o‘z qanotidan jarima maydoniga uzatma berdi va Gonsalo Garsiya bosh bilan gol urishiga hech kim xalaqit bermadi. Yaqingacha ikkinchi jamoa safida o‘ynagan va Mbappe yo‘qligi tufayli asosiy jamoaga jalb etilgan yosh futbolchi klublar mundialidagi uchinchi golini nishonladi.
O‘tkazib yuborilgan goldan keyin «Yuventus» futbolchilarining kayfiyati tushib ketdi, «Real» esa raqibni uzil-kesil taslim etish uchun bosim qilishda davom etdi. Lekin bu ro‘y bermadi. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida Alonso Gonsalo o‘rniga Mbappeni tushirishi ham yordam bermadi. Kilian o‘yinga yaxshi qo‘shildi, bir necha bor oldinga tashlandi, bunday vaziyatlardan biri Di Gregorioning navbatdagi seyvi bilan yakunlandi. Keyin esa «Real» ustozi o‘yin tempini tushirishga va shunchaki hisobga qarab o‘ynashga ishora berdi, Mbappe esa maydonda ko‘rinmay qoldi.
Xabi Alonsoning rejasi ish berdi va «Yuventus» yakuniy shturm uyushtirishga ham hafsala qila olmadi. Taqqoslash uchun – xG bo‘yicha statistika. Turinliklar tanaffusga qadar bu ko‘rsatkich bo‘yicha «Real»dan ustunroq edi (0,66 ga qarshi 0,73), ikkinchi bo‘limda esa yaqqol ortda qoldi (0,91 ga qarshi 0,04). Zarbalar soni bo‘yicha farq ham yaqqol – madridliklar foydasiga 21:6, darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar bo‘yicha – 11:2. Tudor jamoasining so‘nggi umidi qo‘shimcha daqiqalarda Kolo Muani «Real» jarima maydonida yiqilishi bo‘ldi, ammo bosh hakam Marsinyak penalti yo‘qligini ma’lum qildi.
«Real» klublar mundialidagi oltinchi chempionlik uchun yurishini davom ettiradi, bu yo‘lda navbatdagi raqib Dortmundning «Borussiya» klubi bo‘ladi.
Konkakafning so‘nggi vakili ham turnirni tark etdi
«Borussiya» — «Monterrey» 2:1
Gollar: Girassi 14, 24 (dubl) — Berterame 48.
«Borussiya»: Kobel, Anton, Bensebaini, Zyule, Nmecha (Koutu 70), Gross, Svensson, Ryuerson, Adeyyemi (Brandt 70), Bellinghem (Zabitser 55), Girassi.
«Monterrey»: Andrada, Rodriges, Serxio Ramos, Medina, Torres (Ambriz 83), Kanales (Alvarado 90), Deossa, Arteaga, Agirre, Berterame (Okampos 83), Korona (de la Rosa 83).
Ogohlantirishlar: Bellinghem (28), Girassi (90)
Qaysidir pallada «Monterrey» Meksikaning eng badavlat klubi hisoblanardi, lekin hozir tarkibidagi futbolchilar qiymati bo‘yicha «Amerika» va «Krus Asul»dan ortda qoladi. Ushbu jamoa KONKAKAF chempionlar ligasida besh bor zafar quchgan, ammo klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida aytarli natijaga erishmagan. Turnirning oldingi formatida Afrika va Osiyo vakillari finalgacha yetib borgan, ammo «Monterrey»ga bu nasib etmagan, jamoa yarimfinallarda Yaponiyaning «Kasiva Reysol», Marokashning «Radji» va Misrning «Al-Ahli» klublariga yutqazgan. Shunga qaramay, aynan meksikaliklar jamoasi ikki bor bronza olgan holda (2012 va 2019) — Shimoliy Amerikaning ushbu turnirdagi eng muvaffaqiyatli klubi hisoblanadi.
Ammo «Monterrey» yevropaliklarni uch urinishda ham mag‘lub etolmagan. Jamoa yarimfinallarda «Chelsi» (1:3) va «Liverpul»ga (1:2) yutqazgan, bu safargi turnir guruh bosqichida esa «Inter» bilan durang o‘ynadi (1:1). Bu safar tarkibda Serxio Ramos, Oliver Torres, Okampos, Kanales, Korona bor edi — bu katta tajribaga ega bo‘lgan futbolchilar. Shuningdek, «Barselona», «Bavariya» va «Manchester Siti» klublarida uzoq vaqt Gvardiolaga yordamchilik qilgan Domeneka Torrentning ixtiyorida Meksika milliy jamoasiga nomzod bo‘lgan bir qancha futbolchilar ham jamlangandi. Ammo «Monterrey» birinchi bo‘limni muvaffaqiyatsiz o‘tkazdi.
Lotin Amerikasi vakillariga hujumda aniq harakatlar yetishmadi, uzoq masofadan yo‘llangan zarbalar ko‘ngildagidek chiqmadi, Kobel ham darvozada ishonchli turdi. O‘z navbatida, «Borussiya» osonlik bilan qisqa vaqt ichida ikki gol ustunligiga erishdi. Avvaliga hujumga qo‘shilgan Bensebayni to‘pni raqib jarima maydoni chizig‘i oldiga yetkazib berdi, u yerda Girassi Adeyyemi bilan devor uslubida o‘ynab, zarba berish pozitsiyasiga chiqib bordi. Ikkinchi golni ham shu tandem tashkillashtirdi — Ryuerson to‘pni olib qo‘yishi bilan boshlangan qarshi hujumda. Shunday qilib, Girassi 10 daqiqa ichida 2024/25 yillar mavsumidagi gollari sonini 37 taga yetkazdi. Top-5 ligalarda ishtirok etuvchi afrikaliklar uchun bu so‘nggi yetti yillikdagi eng yaxshi ikkinchi ko‘rsatkich bo‘ldi (Saloh 44 gol bilan birinchi).
Gvineyalik to‘purar tanaffusgachayoq o‘yin masalasini hal qilib qo‘yishi mumkin edi, ammo u het-trik yoki poker rasmiylashtirish o‘rniga, vaziyatlarni ko‘kka sovurishda davom etdi. Shu o‘rinda «Monterrey» darvozaboni Andraduning o‘yinini ham e’tirof etish kerak. 34 yoshli argentinalik yaqin masofadan yo‘llangan zarbani ham qaytarib, jamoasini o‘yinda qoldirdi. Tanaffusdan keyin esa meksikaliklar butkul boshqacha o‘yin ko‘rsatishdi. Birinchidan, himoya tartibga keltirildi. Ikkinchidan, dortmundlarning zaif nuqtalari paypaslab ko‘rildi. Koronaning uzatmasi va Agirre to‘pni qulay qilib tashlab berishidan keyin Berterame urgan gol o‘yinga intriga qaytardi.
U-17 toifasida o‘z mamlakati sharafini himoya qilgan, ammo keyin Meksika milliy jamoasida o‘ynashni tanlagan argentinalik ushbu futbolchi Girassi kabi dubl qayd etishi mumkin edi. U darvozani ishg‘ol etishni ham uddaladi, ammo bu vaziyatda ofsaydga tushib qolgandi. Bu epizodda hakamga hech qanday e’tiroz yo‘q, undan bir necha daqiqa oldin esa noaniq vaziyat yuzaga kelgandi. Zyule o‘z xatosini tuzatishga urinib, yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketayotgan Koronani ortdan turtdi. Ammo hakam qoidabuzarlikni ko‘rmay qoldi, VAR vaziyatga aralashmadi.
Keyingi daqiqalarda «Borussiya» to‘pni o‘z nazoratiga oldi va o‘yin sokinlashdi. Va baribir so‘nggi daqiqalarda barchasi o‘zgarib ketishi mumkin edi.
Ramos ko‘p bor bunday pallarda muhim gollarni urgan. Ammo Atlantadagi o‘yinda 39 yoshli faxriyning boshda yo‘llagan zarbasidan keyin to‘p «to‘qqizlik»dan bir necha santimetr yuqori ko‘tarilib ketdi. Natijada Serxio sobiq jamoasi «Real»ga qarshi o‘ynamaydigan bo‘ldi. Madridliklarni Dortmundga qarshi o‘yin kutmoqda. Shu bilan birga, muxlislar Job Bellinghem ortiqcha sariq kartochka olib, diskvalifikatsiyaga uchragani tufayli aka-ukalar duelidan bebahra qolishdi.
Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida sakkkiz jamoa qoldi:
Mavzuga oid

12:21 / 01.07.2025
Klublar mundialida sensatsiyalar kuni. «Siti» va «Inter» turnirdan chiqarib yuborildi

13:36 / 30.06.2025
«PSJ» Messi va jamoasini ayamadi. O‘yin taqdiri birinchi bo‘limdayoq hal bo‘ldi

13:36 / 29.06.2025
Yilning eng uzun o‘yini: «Chelsi» va «Benfika» bahsi boshlanganidan 4,5 soat o‘tib yakunlandi

11:59 / 27.06.2025