15:58 / 18.06.2018
22165

U bir paytlar «Liverpul» o‘yiniga o‘g‘rincha kirardi, endi esa Germaniyani taslim etdi

Quyidagi hikoya JCh-2018 turnirida sensatsiya qilgan – jahon chempionlarini yenggan Meksika termasi bosh murabbiyi Xuan Karlos Osorio haqida.

«Biz ular bilan tengma-teng kurash olib bora olamiz, – degandi Osorio Germaniyaga qarshi o‘yindan oldin. – Biz hozirda jahonning eng yaxshi terma jamoasi bo‘lib turgan jamoani yenga olishimiz mumkin. Men o‘z yigitlarimga ishonaman, bizning yarim himoyachilarimiz maydon markazida to‘pni nazorat qila olishadi. Biz raqibni hurmat qilamiz, ammo maydonda o‘z o‘yinimizni ko‘rsatamiz».

U Germaniyaning zaif jihatlari haqida ham gapirgandi: «Orqa chiziqda 4 himoyachi bilan chuqur himoya qiladigan istalgan jamoa o‘rtada 35 metrlik keng hududni bo‘sh qoldirgan bo‘ladi. Buning uchun istalgan jamoani jazolash mumkin, nemislar bundan mustasno emas».

Uning aytganlari to‘g‘ri bo‘lib chiqdi.

«Bizda taktik reja mavjud edi, biz uni 6 oy muqaddam ishlab chiqqandik. Bizda hamisha qanotlarda ikki tezkor futbolchi bo‘ladi. Losano – bizning eng tezkor futbolchimiz. Birinchi bo‘limda biz himoyada aql bilan harakat qildik va qarshi hujumlar uyushtirdik. Birinchi bo‘limda biz raqibdan yaxshiroq o‘ynadik», – dedi o‘yindan keyin Osorio. U ayrim sirlarni oshkor qildi: «Biz noyabrdayoq 4 yo‘nalish bo‘yicha platforma ishlab chiqqandik. Ulardan biri – psixologiya. Men hamisha futbolchilarga asosiy mas'uliyat mening zimmamda bo‘lishini uqtirib kelganman. Turli bosimlar bo‘lishiga qaramasdan, ular hech qachon hayajonlanishmadi. Biz yutqazsak ham, bu futbolchilarning aybi hisoblanmasdi. Ular faqat mening oldimda javobgar, ular mening texnik qarorlarimga amal qilishsa bas edi. Germaniya terma jamoasi ustidan g‘alabamizga sabab — ular jahonning amaldagi chempioniga qarshi o‘ynashdan qo‘rqishmadi».

Xuan Karlos bilan yanada yaqinroqdan tanishamiz.

• Osorio – kolumbiyalik. Meksikaliklar xorijlik murabbiylarni termaga taklif etishdan cho‘chishmaydi (turli yillarda bu terma jamoani Sven-Yoran Eriksson, Bora Milutinovich, Sezar Luis Menotti va boshqa meksikalik bo‘lmagan mutaxassislar boshqargan), ammo Osorioning tayinlanishi kutilmagan qaror edi – ushbu mutaxassisni Meksika darajasida ham ko‘pchilik tanimasdi, u bungacha Meksika chempionatida «Puebla» klubi bilan bir necha oy o‘tkazgan, bu jamoa 11 o‘yindan 7tasida mag‘lubiyatga uchragandi.

• Meksikalik muxlislar Osorioni tez-tez tanqid qilishar va undan iste'fo so‘rashardi. Ularga murabbiy doimiy ravishda rotatsiya qilishi yoqmasdi (masalan, Amerika Kubogining guruh bosqichidagi 3 o‘yinda murabbiy 3 darvozabonni maydonga tushirgandi). Shuningdek, u sxemalarni ham aralashtirib qo‘llardi, meksikaliklar uni tushunmas va uni begona deb qarashardi. «Bu g‘alabani bizni Moskvada qo‘llab-quvvatlab turgan muxlislarimizga bag‘ishlashni istardim. O‘ylaymanki, muxlislarimiz safi bundan keyin ham kengayishda davom etadi», – deya javob qaytardi tanqidchilariga Osorio Germaniya ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin.

• Osorio 26 yoshida jarohat tufayli futbolchilik faoliyatiga nuqta qo‘yishga majbur bo‘lgandi (Kolumbiyadan tashqari u Braziliyada – «Internasonal» safida o‘ynashga ulgurgan). Shundan keyin u AQShga yo‘l olgan, o‘qigan (jismoniy tarbiya o‘qituvchisi diplomi) va Nyu-Yorkda sportzal ochgan.

• Biznes tezda joniga tekkan Osorio barchasini sotib yuborgan va rafiqasini vaqtinchalikka yolg‘iz qoldirib, Liverpulga – «Fan va futbol»ni o‘rganish uchun jo‘nab ketgan. Nazariy mashg‘ulotlar unga kamdek ko‘ringan va u mahalliy klublarning mashg‘ulotlarini kuzatishga bora boshlagan. «Everton» bilan muammo bo‘lmagan, Jyerar Ule va Roy Evans esa, (90- yillar oxirida ular «Liverpul»ni boshqarishgandi) kolumbiyalikni Melvuddagi bazaga kiritishmagan. Osorio ortiqcha xafa bo‘lmagan va qarshi tarafdagi uy tomiga chiqib mashg‘ulotlarni kuzatishda davom etgan. Bir yenecha kundan keyin u bu uyga ko‘chib kelgan, tomdagi boloxonada ikki yil yashagan. U yomg‘irli kunlarda «Liverpul»ning mashg‘ulotlarini krovatidan turmasdan tomosha qilardi.

• Osorio nafaqat mashg‘ulotlarni kuzatgan, balki imkon qadar o‘yinlarga ham borgan. «Men Lotin Amerikasidan kelgandim, u yerda faqat qisqa paslar bilan o‘ynashadi. Shunday ekan, butkul boshqacha futbol o‘ynaladigan Angliyadagi tajriba men uchun juda-juda foydali bo‘lgandi, – deydi murabbiy keyinchalik Sky uchun bergan intervyusida.

• Bir safar Osorio «Old Trafford»dagi o‘yin uchun kirmoqchi bo‘lganida chuv tushadi, unga soxta chipta sotishgandi. Uni hibsga olishlariga bir baxya qoladi. U stadionga kira olmagach, pabga kirib, televizor qarshisiga o‘tiradi va atrofida nimalar ro‘y berayotganiga e'tibor qaratmasdan bloknotiga o‘yindagi jarayonlarni yozib boradi.

• Angliyada saboqni tugallab Osorio AQShga ketadi, ammo tez orada Yevropaga qaytib, «Man Siti»ga jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy sifatida joylashadi, u keyinroq Kevin Kiganga yordamchi bo‘ladi. Germaniya bilan o‘yindan keyin Osorio bu davrni shunday eslaydi: «Man Siti»dagilar menga kelajakda katta murabbiy bo‘lishim haqida aytishardi. Ha, uzoq 2001 yildagi gap. Men shu vaqtga qadar bu e'tirof uchun minnatdorman», – deydi kolumbiyalik.

Osorio hamma joyda bilim izlaydi, u «MYu» mashg‘ulotlariga borib, Aleks Fergyusondan nimalarnidir so‘rashdan tortinmaydi. U aynan Fergyuson va Uledan futbolchilar rotatsiyasi g‘oyasini o‘zlashtirgandi.

• Osorio nolinchi yillarning ikkinchi yarmida ishga kiridi, u Kolumbiya, AQSh, Meksika va Braziliyada murabbiylik qildi. Kolumbiyada u yaxshi natijalarga erishdi: Xuan Karlos ikkita klub bilan 4 marta chempionlikni nishonladi.

• 2015 yilda Osorio Meksika terma jamoasi bosh murabbiyligiga tayinlandi, u terma jamoa bilan Konfederatsiyalar kubogi yarim finaliga chiqdi, JCh-2018 turniri boshlanguniga qadar 48 o‘yindan 31tasida g‘alabaga erishdi, ammo muxlislar unga hushtakbozlik qilishda davom etishdi. Ehtimol 49-g‘alabadan keyin nimadir o‘zgarar...

Mavzu
Rossiya mundiali

2018 yilning 14 iyunidan 15 iyuliga qadar Rossiyaning 11ta shahrida 12ta stadionda JCh-2018 bo‘lib o‘tadi. Rossiya ilk bor mundialga mezbonlik qilmoqda.

Barchasi
Top