Jahon | 19:17 / 07.08.2025
4794
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Putin bilan «hududlar almashinuvini» muhokama qilmoqchi – OAV

Gap nima haqida ketayotgani ma’lum emas.

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp ittifoqchilariga Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish masalasini muhokama qilmoqchi ekanini aytdi, deb xabar berdi Bloomberg manbalarga tayanib.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, Tramp 6 avgust kuni Yevropa davlatlari va Ukraina yetakchilari bilan suhbat chog‘ida bu borada «optimistik kayfiyatda» bo‘lgan.

AQSh prezidenti, shuningdek, agar tomonlar «hududlarni almashish masalasini» muhokama qilsa, Putin tinchlik muzokaralariga kirishishga tayyor bo‘lishini taxmin qildi, dedi manbalar. Ular gap nima haqida ketayotganiga aniqlik kiritmadi.

Rossiya va AQSh prezidentlari tez orada uchrashmoqchi. Bunday kelishuvga Vladimir Putin va AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoffning 6 avgust kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan uchrashuvida erishilgan.

G‘arb matbuotiga ko‘ra, Tramp Putin bilan uchrashuvdan keyin Rossiya va Ukraina yetakchilari bilan uch tomonlama muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Kreml bu taklifga izoh bermadi, dedi 7 avgust kuni Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov.

Rossiya 2022 yilda anneksiya qilingan Ukrainaning Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporojiye viloyatlarini to‘liq nazorati ostida qoldirishni talab qilmoqda. Shu bilan birga, uch yildan ortiq urush davomida Rossiya armiyasi ushbu hududlarning birortasini to‘liq egallab ololmadi. Bundan tashqari, Rossiya Sumi va Xarkov viloyatlarining kichik hududlarini nazorat qilmoqda.

Mavzuga oid