Biznes | 13:24 / 07.08.2025
11811
3 daqiqa o‘qiladi

Jyennifer Lopez qanday qilib eng boy san’atkorlardan biriga aylandi?

Gollivud yulduzi Jyennifer Lopezning umumiy boyligi qancha ekanini bilasizmi? Toshkentda ilk bor konsert berayotgan dunyo mega yulduzi Jyennifer Lopez nafaqat san’at va shou-biznes vakili, balki moliyaviy jihatdan ham eng muvaffaqiyatli ayollardan biri. U ushbu boylikni qo‘shiqchilik, kino sanoati, televideniye va tadbirkorlik ortidan topgan. Lopez dunyodagi eng boy san’atkorlardan.

Foto: CNN

Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, Lopez 2020 yilda taxminan 150 million dollarga ega edi, shundan keyin u bir qator yirik loyihalar boshlagan va shartnomalar tuzgan. 2025 yil hisob-kitobiga ko‘ra, uning moliyaviy qudrati taxminan 400 mln dollargacha yetadi. U yiliga o‘rtacha 40 million dollar daromad topadi, 2012 yilda esa uning daromadi 50 million dollardan oshgan edi.

Lopez qatnashgan filmlar umumiy hisobda 3 mlrd dollardan ortiq kassa tushumlarini ta’minlagan. Uning albom va qo‘shiqlari 80 milliondan ortiq nusxada sotilgan. Qo‘shiqchi muvaffaqiyatli tadbirkor ham, masalan, u 2002 yilda o‘zining ilk atir brendi – Glow by J.Lo’ni chiqarib, bozorni larzaga solgan. Ushbu xushbo‘y atir AQShda eng ko‘p sotilgan aromatlardan biri, brend esa eng muvaffaqiyatlilaridan bo‘ldi. 2004 yilda kiyim-kechak brendi Lopezga 300 mln dollar daromad keltirdi. 2012 yilga kelib, parfyum va moda mahsulotlarining umumiy hajmi – 2 mlrd dollardan oshdi.

2018 yilda san’atkor Inglot kosmetika kompaniyasi bilan birga make-up kolleksiyasini chiqardi. 2019 yilda esa mashhur COACH kompaniyasining brend-elchisi bo‘ldi. Go‘zallik industriyasida savdo birgina 2022 yilda 75,4 mln dollarga yetdi. 2023 yilda Jyennifer o‘z brendlari safini yanada kengaytirdi, u sog‘lom turmush tarzi va ichimliklar bozoriga kirib, Delola nomli kokteyllar brendini ochdi. San’atkor katta investor ham, u sog‘liqni saqlash, ichimliklar, vitaminlar hamda yetkazib berish tarmoqlaridagi kompaniyalarga pul tikkan.

Ko‘ngilochar industriyadagi eng muhim biznes loyihalaridan biri esa Nuyorican Productions kinokompaniyasidir. Ushbu kompaniya orqali Jyennifer film va seriallar chiqarishga boshchilik qiladi. Masalan, 2019 yilda «Hustlers» filmi chiqarilib, 100 mln dollar daromad topgan. Britannica nashrining yozishicha, Lopez xususiy tadbirlar va konsertlar uchun ham yuqori gonorar oladi, masalan, uning xalqaro miqyosdagi chiqishlari soatiga 1 mln dollar.

Mavzuga oid