Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Pr premier-avto» MChJ rahbariga hukm o‘qildi
Ushbu avtosalon arzonga mashina olib berishni va’da qilib, qisqa muddat ichida 150 dan ortiq odamni chuv tushirgan va 2,5 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirgan. 1 avgust kuni JIB Chilonzor tuman sudida avtosalonning 3 nafar vakiliga hukm o‘qildi. Kun.uz muxbiri sud yig‘ilishidan reportaj tayyorladi.
«Pr premier-avto» 2022 yilda avtomobillar va yengil motorli transport vositalarining ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi firma sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan. Shunga qaramay, avtosalon og‘ir yuk avtomobillari savdosi bilan ham shug‘ullangani aytilmoqda.
Avtosalon odamlarga 1,5 oydan 3 oygacha bo‘lgan muddatda mashina chiqarib berishni va’da qilgan. Mijozlarni ishontirish uchun «O‘zavtosanoat» bilan shartnomasi borligini aytgan. Arzonligi va boshqa qulay shartlariga ishonganlar esa biryo‘la 2-3 ta avtomobilga ham to‘lov qilgan. Sud hukmi oldidan bir necha jabrlanuvchi ushbu firmaga qanday aldangani haqida so‘zlab berdi.
«Toshkent shahri Chilonzor tumanida joylashgan “Pr premier-avto” avtosalonini OLX sayti orqali ko‘rib, ularning manziliga bordim. Ular yillik 8 foiz nasiya savdo bo‘yicha mashina chiqarib berishlarini aytishdi. Shundan keyin men Cobalt avtomashinasiga 62 million 500 ming so‘m miqdorida boshlang‘ich to‘lov qilib, qolganini yillik 8 foiz stavkasi bo‘yicha 3 yil muddatda to‘lash uchun shartnoma tuzdim. Keyin ularning xodimlari “Kapitalbank”da to‘lov qildirishdi va 2 oy muddatda mashinamizni chiqarib berishni aytishdi. Oradan shuncha muddat o‘tib so‘rasak, ba’zi ehtiyot qismlari yetishmayotgani sababli mashinalar kechikayotgani haqida ma’lumot berishdi.
Yana ozgina kutdik. 3 oy, 4 oy. Bo‘lmadi. Oxiri borganimizda, “Pr premier-avto” avtosaloni yopilganini ko‘rdik», – deydi Samariddin Abdusalimov.
Buxorolik Avaz Toshtemirov ham aldanganlardan biri. Unga mashina 90 kunda topshirilishi aytilgan.
«2023 yil 13 dekabr kuni “Pr premier-avto” avtosaloniga Cobalt mashinasi uchun 46 million 851 ming pul to‘lagan edik. “90 ish kuni mobaynida olasizlar”, dedi. 89-kungacha aloqada bo‘ldik. 90-kuni aloqa uzildi», – deydi u.
Jabrlanuvchi mashinaning oylik to‘lovlari arzon chiqqani hamda bank orqali to‘layotgani uchun avtosalonga ishongan.
Boshqa bir jabrlanuvchi Nurbek Ibodullayev esa avtosalon faoliyatini yarim yilcha kuzatgan. Ammo bu uni avtosalon tuzog‘idan saqlab qololmagan va u ham shartnoma tuzgan.
«Ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘rdim, shartlari yoqdi. Keyin 2023 yil fevral oyida Cobalt uchun 50 mln so‘m to‘ladim. 45 ish kunida chiqadi deyishgandi. Mana, 1 yildan beri sarson bo‘lib yuribmiz. 5-6 oy kuzatgandim. Yopilmaganidan keyin to‘g‘ri ishlayapti ekan, degan fikr bilan to‘lov qilgandim», – deydi u.
Sud ishi davomida sudlanuvchilar aybiga iqrorlik bildirdi. Sudya Sarvar Mamadiyev tomonlarni eshitib, hukm o‘qidi. Unga ko‘ra, avtosalon vakillari Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a», «v» bandlari bilan aybli deb topildi. Shu bilan sudlanuvchilar Diyora Odilovaga 6 yil, Muzaffar Ahmadjonovga 8 yil va avtosalon ta’sischisi hamda rahbari bo‘lgan Shahlo Matrasulovaga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sudlanuvchilar jazosini umumiy tartibli koloniyalarda o‘taydigan bo‘ldi.
Bundan tashqari, ulardan solidar tartibda jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar to‘liq undirilishi belgilandi.
«Pr premier-avto»ning qilmishlaridan 150 dan ortiq kishi jabrlangan bo‘lsa, sudya ularning 130 nafarini tinglaganini aytdi. Zarar miqdori esa 2,5 milliard so‘mdan ortiq. Boshqa ishlarni qo‘shib hisoblaganda 5 milliard so‘mdan oshadi. Hozirgi paytda qolgan ishlar bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.
Sud hukmidan keyin yana bir jabrlanuvchi bilan suhbatda bo‘ldik. U shartnoma shubhali tuzilganini bilganini aytgan.
«2024 yilda ijtimoiy tarmoq orqali o‘sha reklamalarni ko‘rdim. “Halol nasiya savdo, qo‘shimcha foizlari yo‘q” deb maqtashgandi. Keyin bordim. O‘sha avtosalon oldida yuk avtomashinalari ham, yengil mashinalar ham turardi.
Keyin menga har xil mashinalar ro‘yxatini ko‘rsatib, “O‘zavtosanoat” bilan shartnomamiz bor, 50 kunga qolmasdan mashinalarni chiqarib beryapmiz, deb va’da berishdi. Foizi ham juda kam edi, 10 foizga bormasdi. Grafiklarini chiqarib berishdi. Shunda Gentra avtomobiliga 56 million to‘lagandim. Qolganini avtomobil chiqqanidan keyin to‘laydigan bo‘ldim. Ikki oyga qolmasdan chiqadi, deyishgandi.
13 martda to‘lagan bo‘lsam, 14 mart kuni qaytib keldim. Shartnomani yaxshiroq o‘rganib chiqdim-da, menga yoqmadi, shubhalandim. Shartnomani bekor qilaman, pulimni qaytaringlar, dedim. Ular pullarim “O‘zavtosanoat”ga o‘tib ketganini aytishdi.
O‘sha Muzaffar degani o‘zini direktorman degandi. Endi qaytarish uchun 20 kun kutishim kerakligini aytdi. Hozir kerakligini aytgandim, ariza yozib ketishimni so‘rab, pul 20 kunda qaytarilishini bildirdi. 20 kun ko‘pligi, menga pullarim hozir kerakligini aytganimda “10 kun ichida qilib beramiz, qo‘ng‘iroq qilib turing”, dedi», deydi navbatdagi jabrlanuvchi.
Shundan keyin sudlanuvchi Muzaffar jabrlanuvchiga masalani Diyora hal qilishini aytgan. Diyora Odilova esa pulni Hayit bayramigacha qaytarishini va’da qilgan. Hayit kelganda esa avtosalon tag-tugi bilan yo‘qolib qolgan. Barcha narsalarini yig‘ishtirib ketishgan. Jabrlanuvchi shu zahoti 102 ga xabar bergan. Mashinasidan xabar olgani kelayotgan yana 10 ga yaqin kishi ham avtosalon ustidan ariza yozib bergan.
«Lekin jinoyat ishi qo‘zg‘atilmadi. Ancha kutdik. Keyin ichki ishlar vaziriga jamoaviy ariza yozdik. Shundan keyin jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ungacha hamma mashinalar bir kechada olib chiqib ketildi. Uchastkavoy ham hech qanaqa chora-tadbir ko‘rmagan ekan.
Mahalla noziriga aytilgandi. Ariza yozib berganimizdan keyin darhol chora ko‘rishi kerak edi. O‘sha mashinalarni o‘zi ko‘rdi. Ofis bo‘m-bo‘sh, kompyuterlar, call-markazi bor edi. Call-markazida bir 15-20 ta joy qilingan, yigit-qizlar o‘tirardi», – deydi jabrlanuvchi.
Sud hukmidan keyin shaxsini sir tutishni so‘ragan jabrlanuvchi odamlarni jalb qilgan, bankka olib borib to‘lov qildirgan avtosalonning boshqa xodimlarini ham jazolash kerakligini aytdi.
Shahzod O‘roqboyev,
Kun.uz
Mavzuga oid

22:48 / 25.07.2025
«Bilol's motors» avtosaloni rahbari ustidan sud boshlandi

17:11 / 22.07.2025
“Hayp uchun qildim” - Avtosalon rahbari sinov maqsadida xodimlarining ustiga mashina haydadi

19:54 / 24.01.2025
Toshkentda yana bir avtosalon egasi qamoqqa olindi

08:50 / 12.07.2024