O‘zbekiston | 11:35
6752
3 daqiqa o‘qiladi

Mo‘ynoqdagi konda gaz sizib chiqishi ro‘y berdi

Ayni vaqtda quduqni likvidatsiya qilish va bosimni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

Foto: Videodan kadr

27 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda Mo‘ynoqdagi konda burg‘ilash ishlari vaqtida katta miqdorda gaz otilib chiqqani, atrofdagi aholidan uydan chiqmaslik so‘ralayotgani haqida xabar tarqaldi. Energetika vazirligi holat yuzasidan izoh berib, Mo‘ynoqdagi quduqdan chiqayotgan gaz aholi turar joylaridan uzoqda va tarkibi zararsiz ekanini ma’lum qildi.

2025 yil 26 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Mo‘ynoq tumani, «Uchsoy» OFY hududida joylashgan «Mo‘ynoq» konida olib borilayotgan burg‘ilash ishlari davomida 5000 metr chuqurlikka mo‘ljallangan 1-sonli quduqda 4707 metr chuqurlikdan gaz chiqishi kuzatildi. Bu quduq – ushbu konda burg‘ilash ishlari boshlangan birinchi quduq hisoblanadi.

Vazirlik ma’lumotida qayd etilishicha, gaz bosimi kutilgan darajadan yuqori bo‘lgani sababli, barcha xavfsizlik qoidalariga amal qilgan holda quduqni likvidatsiya qilish va bosimni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Voqea sodir bo‘lgan paytdan boshlab barcha tegishli tashkilotlar – «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi boshchiligidagi Jamiyatga qarashli «Ochiq neft va gaz favvoralarini oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston harbiylashtirilgan qismining Markaziy harbiylashtirilgan nazorat otryadi», Favqulodda vaziyatlar vazirligi, «O‘zbekgeofizika» AJ hamda mahalliy hokimiyat mutasaddilari voqea joyida bo‘lib turibdi.

«Eng asosiysi, ushbu quduq aholi yashash joyidan uzoqda va gaz tarkibida oltingugurt yo‘q bo‘lgan toza metan hisoblanadi. Qayd etish joizki, Ustyurt hududidagi barcha konlardan olinadigan tabiiy gaz tarkibida oltingugurt uchramaydi.

Ma’lumot uchun, ayni damda holatni bartaraf etish uchun xizmat qilayotgan ishchi xodimlar sog‘lig‘ini saqlash, shuningdek, atrof-muhit va hayvonot olamiga zarar yetishining oldini olish maqsadida gaz nazorat ostida yoqib qo‘yildi.

Hech kim tan jarohati olmagan.

Shu sababli odamlardan vahimaga tushmasliklarini so‘raymiz», deyiladi vazirlik xabarida.

Holat yuzasidan qo‘shimcha axborot berilishi aytilgan.

Hozircha Favqulodda vaziyatlar vazirligi bu borada ma’lumot bermadi.

Mavzuga oid