Jahon | 13:32 / 26.07.2025
1246
2 daqiqa o‘qiladi

Ye3 davlatlari G‘azoda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi

G‘azo sektoridagi barcha isroillik garovga olinganlar zudlik bilan ozod etilishi va gumanitar falokatga barham berilishi kerak, deyiladi Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya qo‘shma bayonotida.

Foto: AP

Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya (Ye3 mamlakatlari) G‘azo sektoridagi barcha tomonlarni zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va 2023 yil 7 oktyabrdan beri Falastinning HAMAS guruhi tomonidan garovga olinganlarni zudlik bilan va so‘zsiz ozod qilish to‘g‘risida kelishib, mojaroga barham berishga chaqirdi, deyiladi Ye3 mamlakatlarining 25 iyul, juma kuni Germaniya hukumati veb-saytida chop etilgan qo‘shma bayonotida.

Hujjatda XAMASni qurolsizlantirish zarurligi ta’kidlangan. Ushbu tashkilot G‘azo sektorining kelajagida hech qanday rol o‘ynamasligi kerak, deyiladi matnda. «Biz AQSh, Qatar va Misrning diplomatik sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga sodiqligimizni yana bir bor tasdiqlaymiz», — deyiladi Yevropaning uch davlati bayonotida.

«G‘azoda biz guvohi bo‘layotgan gumanitar falokatga zudlik bilan barham berish kerak. Tinch aholining asosiy ehtiyojlari, jumladan, suv va oziq-ovqatga ega bo‘lishi kechiktirmasdan ta’minlanishi kerak. Tinch aholini o‘ta muhim insonparvarlik yordamidan mahrum qilish qabul qilib bo‘lmaydi. Biz Isroil hukumatini yordam yetkazib berish bo‘yicha cheklovlarni zudlik bilan olib tashlashga chaqiramiz», deya ma’lum qildi Ye3 mamlakatlari.

Qo‘shma bayonotda aytilishicha, Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya «bosib olingan Falastin hududlari ustidan Isroil suverenitetini o‘rnatishga qaratilgan har qanday urinishlarga» qat’iy qarshi. «Anneksiya qilish, aholi punktlarini kengaytirish va falastinliklarga nisbatan zo‘ravonlik tahdidlari ikki davlat — Isroil va Falastinning tinch-totuv yashashi formatida muzokaralar yo‘li bilan yechim topish istiqbollarini buzadi», deyiladi hujjatda.

Mavzuga oid