Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Urushlar taqqosi: 80 yil o‘tib nimalar o‘zgardi?
Bugun yana Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush haqida gaplashamiz. Kuni kecha prezident Zelenskiy harbiy xizmatchilar maoshini to‘lashda Yevropa liderlaridan yordam so‘rashini aytdi. Urush sabab o‘tgan yil mamlakat YaIMda 20 foiz defitsit kuzatilgandi, shu bois Kiyevda harbiylar maoshini ko‘tarish uchun pul yo‘q. Shu o‘rinda savol paydo bo‘ladi: Rossiya va Ukraina nega davlatini himoya qilishi majburiy bo‘lgan erkaklarga pul to‘lashi kerak o‘zi? To‘g‘ri, bu yangilik emas, Ikkinchi jahon urushi vaqtida ham askarlar pul olgan, lekin orada jiddiy farq bor. Keling, shu xabar atrofida 80 yil avvalgi va hozirgi urushni taqqoslaymiz.

Shartnoma uchun 70 ming $
2022 yil urush boshlanganida ko‘pchilik bu urush Rossiyaning juda oson g‘alabasi bilan tugashini taxmin qilgandi. Chindan Rossiya harbiy jihatdan Ukrainadan ming chandon kuchli-da. Rossiya telekanallarida «ukrainlar rus tankini gullar va tuz bilan qarshi olishi» haqida gapira boshlashdi. Lekin bunday bo‘lmadi. Ukrainada qo‘shnilarini tuz bilan emas, qurol bilan, quroli yo‘qlar «Molotov kokteyli» bilan qarshi oldi.
Qurol ishlatishni biladigan barcha erkakka avtomat berishdi. Juftakni rostlaganlar ham bo‘ldi, lekin umuman olganda, Ukraina dastlabki kunlarda jiddiy qarshilik ko‘rsatdi. Urushni yutqazmaslik uchun dastlabki hujum to‘lqinini qaytarish muhim. Xuddi futboldagiday, kuchli raqibning dastlabki daqiqalardagi bosimiga dosh bersang, qolgani bir gap bo‘ladi.
Ukraina ruslar uchun kutilmaganda bunaqa qarshilik qilishi bir narsadan nishona edi – urush cho‘ziladi. Ha, bu Rossiya propagandasi bong urganiday «Osvoboditelnaya operatsiya Kiyev za tri dnya» bo‘lmadi. Va urush cho‘zilishini tushunib yetgan ruslar 2022 yil kuzga borib yana bir haqiqatni anglab yetishdi: Rossiya doimiy armiyasi bilan urushga dosh berolmaydi. Shu sabab safarbarlik e’lon qilindi. Qog‘ozga ko‘ra zaxiradagi 300 ming urushga jalb qilindi.
Lekin bu ham yetarli emasdi. Shunda Rossiya regionlarida harbiy xizmatga yollash bo‘yicha chinakam poyga boshlanib ketdi. Bir necha yuz king rubldan boshlangan bir martalik to‘lov milliongacha chiqdi. Hozir Rossiya armiyasi safida jang qilish uchun shartnoma imzolagan odam o‘sha zahoti 5,5 million rubl olishi mumkin. Bu 70 ming dollar degani, azizlar. Maosh ham zo‘r, oddiy askarlar 200, 300 ming rubl oylik olishi mumkin. Oyiga 3-4 ming dollar Rossiya shaoitida ham yaxshi pul. Va bir narsani unutmaslik kerak, shartnoma uchun 70 ming dollar olganlar tabiiyki qor kurash yoki choy damlash uchun yuborilmaydi. Bunday odamlar ba’zan hatto tayyorgarliksiz frontga boradi.
Ukraina tabiiyki harbiylar maoshi borasida Rossiyaga yaqinlasha olmaydi. Kiyev oddiy askarlarga oyiga 400 dollar atrofida maosh to‘laydi. Xavfli shturmlarda ishtirok etadigan, hayoti chinakam xavf ostida bo‘lgan jangchilargina 2 ming dollar atrofida oylikka umid qilishi mumkin.
Axir Ukrainada tagidan neft va gaz qaynab chiqadigan Sibir nomli «qaynar xumcha» yo‘q. Bor ko‘mir konlari ham «tinchlikparvar qo‘shnisi» tomonidan egallab olingan. Qishloq xo‘jaligi barbod bo‘ldi, yerlarda ekin o‘rniga snaryad ekilgan. Dehqonlar yerto‘lasida kartoshka uchun o‘ra emas, jang maydonida tirik qolish uchun okop qazmoqda. Va urushdan sillasi qurigan Ukraina harbiylarining mana shu oz maoshini to‘lashga ham qiynalib qoldi.
Tekin jon evaziga g‘alaba
Endi bugungi holatni Ikkinchi jahon urushidagi vaziyat bilan taqqoslasak. Bu solishtirish bahonasida ikki urush oralig‘ida inson qanchalik o‘zgarganini bilib olish mumkin. Hozir Rossiyada shartnomaning o‘zi uchun 70 ming dollar taklif qilishayotgan bo‘lsa-da, voyenkomatlar odamlar bilan to‘lib-toshayotgani yo‘q, Ikkinchi jahon urushi vaqti bunaqa bo‘lmagan. Maktabni bitirgan yigitchalar yuk mashinasiga tiqib urushga olib ketilgan. Ularga kulgili miqdorda oz pul berilgan. Ko‘pchilik hatto o‘sha pulni ham olmagan. Axir SSSR buncha harbiyni boqishining o‘zi katta ish edi. Front ortida butun imperiya tinch aholisi ter to‘kkan, butun xirmon – frontga!
Ha, generalissimus tovarish Stalinda 15 respublikaning erkaklaridan iborat bitmas-tuganmas resurs bor edi. Aslida SSSR urushga istalgancha odam yubora olgani g‘alabaning asosiy kaliti bo‘lgan. U paytlar urush yoshidagi erkaklar hozirgi ukrainlar kabi restoranlarda chilim chekib, Ukraina ko‘chalarida rolik uchib yurmagan. Ruslar ham «70 ming dollar bersang, urushaman», deb o‘tirmagan. O‘zbeklarda-ku urushga bormaslik or bo‘lgan!
Bu tovarish Stalin va marshal Jukov kabi veonachalniklarning katta omadi edi. Axir qizil armiya birgina Berlin shturmida 81 ming odamni yo‘qotadi. Vaholanki, bo‘lari bo‘lgan fashistlar poytaxtini kamroq qurbon bilan ham olish mumkin edi. Birgina shaharga tiqilib olgan fashistlar qayerga ham bora olardi? Lekin tovarish Stalin Berlinni tez olishni istaydi, axir unda boya aytganimizdek bitmas-tuganmas armiya bor edi.
Hozir esa vaziyat butunlay boshqacha. Tovarish Putin harbiy maqsadiga erishishni istasa, o‘zining ruslariga katta pul to‘lashi kerak. Tovarish Zelenskiy tungi klubda chilim chekib o‘tirgan olifta kiyevlikni ketiga tepib frontga haydasa, baloga qoladi: avval ukrainlarning o‘zi, keyin yevropalik ittifoqchilar yetib kelishadi inson huquqlari, nega yosh yigitni jangga haydayapsan, deb.
Balki shuning uchun qizil armiya afsonaviy Stalingrad jangini yengganidan keyin ikki yil ichida nemislarni Berlingacha quvib borgan, balki shuning uchun bugungi Rossiya Baxmutdek kichik shaharni bir yil deganda olib bayram qilayotgandir.
Oldingi maqolalardan birida aytganimizdek, insonlarning qadriyatlari moddiylashib ketdi. Ikkinchi jahon urushi vaqtida odamlar hozirgi kabi farovon hayot kechirmagan, qaysidir ma’noda ularning yo‘qotadigan narsasi bo‘lmagan. Insonlar ham boshqacha, tozaroq bo‘lgan, menimcha. Vatan degan tushunchaning qadri bo‘lgan.
Pentagon oldingi rahbari Lloyd Ostin bir xotirasida bugungi urush kartinasini to‘liq ochib bergandi: «Kiyev ko‘chalarida ketayotib yosh erkaklar bemalol o‘z yumushi bilan yurganini ko‘rib hayron qoldim. Urushayotgan davlatda bunday yigitlar frontda bo‘lishi kerak emasmi?»
To‘g‘ri aytasiz, general Ostin, yurtiga yov kelgan erkaklar do‘kondan ko‘kat sotib olib, shortikchan, quloqchin taqib xotirjam musiqa eshitishi kerak emas! Okopda chang yutishi kerak oilasi tinch uxlashi uchun. Maosh so‘rash nimasi? Axir qanaqasiga o‘z yurtingni himoya qilish uchun pul so‘rash mumkin? Dunyoda bundan muqaddas nima bor? Balki biz eskicha fikrlayotgandirmiz, general Ostin. Lekin siz ham, men ham bir narsani aniq bilamiz: ikki tomon ham bunaqada urushni yuta olmaydi...
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid

21:19 / 26.07.2025
Rossiyaning yagona aviatashuvchisi «Admiral Kuznetsov» konservatsiya qilinadi

21:14 / 26.07.2025
Ozarboyjon Rossiyadan AZAL samolyoti halokati uchun javobgarlikni tan olishni talab qildi

20:02 / 26.07.2025
AQSh va Xitoy vakillari BMT Xavfsizlik Kengashida Ukraina bo‘yicha janjallashdi

18:40 / 26.07.2025