Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Toshkent shahar elektr tarmoqlari” MChJ boshlig‘i intizomiy javobgarlikka tortildi
Joriy yilning 24-25 iyul kunlari Toshkent shahri turli tumanlarida elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq avariyalar hamda tarmoqlarda kuchlanishning pasayib ketishi kuzatildi.

Ushbu holat Bosh prokuratura tomonidan mutaxassislarni jalb etgan holda o‘rganildi.
Ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunda poytaxtda 823 mingdan ortiq elektr energiyasi iste’molchilari bor. Bu 2024 yilga nisbatan 47,6 ming, joriy yil boshiga nisbatan 21 mingtaga ko‘paygan.
Elektr energiyasi iste’moli 2022 yilda 7,6, 2023 yilda 8,3, 2024 yilda 8,7 milliard kVt soatni tashkil etgan. Yiliga o‘rtacha 621,3 million kVt soat yoki 9 foizga ortmoqda.
Hozirda tizimdagi 1154-raqamli CALL-markaz orqali murojaatlarni qabul qiluvchi operatorlar 5 nafarni tashkil etadi. Shu sababli operator bilan ulanish uchun 60-70 tagacha navbat yuzaga kelgan. O‘rganish natijasida markazga qo‘shimcha 10 nafar operator biriktirildi.
Bundan tashqari, cheklovlar va avariyalar haqida iste’molchilarni vaqtida xabardor qilish ham talab darajasida tashkil etilmagan. Iyul oyining 23 kunida 64 ta avariya bo‘yicha iste’molchilar ogohlantirilmagan, 112 tasi bo‘yicha esa kech ogohlantirilgan.
O‘rganish natijasida barcha tuman hokimliklarining rasmiy saytlari va kuzatuvchilar ko‘p bo‘lgan internet kanallarida bu haqda zudlik bilan ogohlantirish e’lonlari berilishi yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, har bir hududdagi avariya-dispetcherlik xizmatlariga prokuratura xodimlari biriktirilib, avariya dispetcherlik xizmatlarining shayligi oshirildi.
Ta’minotdagi avariyalar, rejaviy uzilishlar haqida iste’molchilarni xabardor qilish, avariya holatlarini zudlik bilan bartaraf etish yuzasidan matbuot va dispetcherlik xizmatlari xodimlari rasman ogohlantirildi.
28 nafar (“Toshkent shahar elektr tarmoqlari” MChJ boshlig‘i va 11 nafar tuman elektr ta’minoti korxonalari boshliqlari, 13 nafar tuman korxonasi bosh muhandislari, 3 nafar tuman korxonasi dispetcherlik xizmati xodimlari) mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi.
Shu bilan birga, “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” mas’uliyati cheklangan jamiyatida tizimli muammolar borligi ma’lum bo‘ldi.
Jamiyatning 410 nafar ishchi-xodimdan iborat 78 ta avariya brigadasi, 34 ta maxsus avtotransport vositasi yuzaga kelayotgan avariya holatlarini bartaraf etish uchun yetarli emas. 35 ta shtat birliklariga ehtiyoj mavjud.
So‘nggi uch yilda jamiyatda faoliyat yuritib kelayotgan xodimlarning 30 foizi ish haqining kamligi va ish hajmining kattaligi sababli tizimdan bo‘shagan. Shundan 228 nafari yoki 45 foizi aynan ekspluatatsiya xizmati mutaxassislarini tashkil etadi.
9 749 kilometrdan ortiq elektr tarmog‘ining 2 540 kilometr yoki 26 foizi ta’mirtalab ahvolda, mavjud 90 ta podstansiyaning 9 tasi modernizatsiya qilinishi, 2 tasining quvvati oshirilishi lozim.
Mavjud 11 ta maxsus laboratoriya avtomashinasining 6 tasi zamon talablariga javob bermaydi, shundan tungi vaqtda bor-yo‘g‘i ikkitasi navbatchi sifatida o‘z xizmatini o‘tamoqda. Bu bir vaqtning o‘zida bir nechta hududda o‘chishlar sodir bo‘lgan taqdirda qisqa muddatda avariyani aniqlash va to‘liq bartaraf etish imkonini bermayapti.
Avariyalarni tezkorlik bilan aniqlash va bartaraf etish, uzluksiz ish tashkil qilish maqsadida 13 nafar injyener-laborant, 13 ta haydovchi-laborant jami 26 ta qo‘shimcha shtat birliklari joriy etish, har biri o‘rta hisobda 1 milliard so‘mlik zamonaviy 10 ta maxsus laboratoriya avtomashinaga talab mavjudligi aniqlandi.
Mavzuga oid

12:50 / 09.09.2022
Toshkentni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash osonmi?

20:01 / 27.12.2019
«Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi» AJ: ezgu tashabbus va muhim yangilanishlar – doimiy maqsadimiz

19:28 / 04.12.2019