Jahon | 09:36
2395
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya muzokaralar raundi arafasida Odessa va Sumiga zarba berdi

Rossiya dronlarining zarbalari Odessada bir nechta yirik yong‘inlarga sabab bo‘ldi. Sumida ko‘p qavatli uylar zarar ko‘rdi, kamida 12 kishi jarohat oldi.

Foto: Telegram / truonline

Rossiya va Ukraina o‘rtasida Istanbulda o‘tkazilishi rejalashtirilgan muzokaralarning uchinchi raundi arafasida rus qo‘shinlari 22 iyul, seshanbaga o‘tar kechasi Ukrainaning bir qancha viloyatlariga, xususan, Odessa va Sumiga hujum qildi. Mahalliy vaqt bilan taxminan 02:00 da Ukraina havo kuchlari Telegramʼda «Odessa yaqinidagi Qora dengizdan» hujumkor uchuvchisiz uchoqlar guruhi uchirilgani haqida xabar berdi.

Taxminan ikki soatdan keyin Odessa meri Gennadiy Truxanov Telegramʼda shaharga uchuvchisiz uchoqlar tomonidan hujum qilingani haqida xabar berdi. «Hujum natijasida shahar mavzelaridan biridagi ko‘p qavatli uylarning oynalari sinib ketgan, yaqin atrofdagi avtoturargohda avtomobillar yonib ketgan. Shuningdek, shaharning yana bir qismida ma’muriy binoda yong‘in sodir bo‘lganligi qayd etilgan», — deb yozgan u shikastlangan obektlar suratini joylashtirgan holda. «Halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar haqida hozircha ma’lumot yo‘q», — deya qo‘shimcha qildi Truxanov.

Sumida mahalliy viloyat harbiy ma’muriyati Rossiya uchuvchisiz uchoqlarining zarbalari natijasida 12 kishi jabrlanganini ma’lum qildi. «Bir kishi og‘ir ahvolda. Bu 24 yoshli erkak», — deyiladi OHM Telegram xabarida. Unda ta’kidlanishicha, beshta ko‘p qavatli uy, savdo markazi va 18 ta avtomobil zarar ko‘rgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 19 iyul kuni Kiyev Moskvaga urushni tugatish uchun kelasi haftada navbatdagi muzokaralar o‘tkazishni taklif qilganini aytdi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, taklifni Moskvaga Ukraina delegatsiyasi rahbari, Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov yetkazgan. 21 iyul oqshomida Zelenskiy, Umerovning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv 23 iyul, chorshanba kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilganini aytdi. U yana Istanbulda bo‘lib o‘tadi, deya tasdiqladi Ukraina prezidenti. Rossiya tomoniga ko‘ra, uchrashuv 24 iyul kuni o‘tkaziladi.

Mavzuga oid