Jahon | 07:30
1001
2 daqiqa o‘qiladi

Londonda Palestine Action tashkiloti tarafdorlari qo‘lga olindi

Buyuk Britaniya hukumati fuqarolik itoatsizligi usullaridan foydalanadigan Falastin tarafdori bo‘lgan tashkilotni terrorchi deb biladi. Uni qo‘llab-quvvatlash 14 yilgacha qamoq jazosiga olib kelishi mumkin.

Foto: AP /Frank Augstein

Londonda mamlakatda taqiqlangan Falastin tarafdori bo‘lgan Palestine Action tashkilotini qo‘llab-quvvatlagan namoyishning 41 ishtirokchisi politsiya tomonidan qo‘lga olindi. Yana bir kishi politsiyachiga hujum qilganlikda gumonlanib hibsga olingan.

Britaniya parlamenti binosi yonidagi Nelson Mandela haykali yonida 50 ga yaqin namoyishchi to‘plangan. Ular «Men genotsidga qarshiman. Men Palestine Action'ni qo‘llab-quvvatlayman» degan shiorlarni ko‘tarib olgan. Manchester, Uels va Shimoliy Irlandiyada Palestine Action bilan birdamlik aksiyalari bo‘lib o‘tdi. Manchester va Uelsda politsiya namoyishchilarni qo‘lga oldi. O‘tgan haftada Londonda o‘tkazilgan xuddi shunday aksiyada 29 kishi hibsga olingan edi.

5 iyul kuni Buyuk Britaniya hukumati Palestine Action'ni terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatiga kiritdi. Unga a’zo bo‘lish, uning yig‘ilishlarida qatnashish va uning faoliyatini har qanday shaklda qo‘llab-quvvatlash «Terrorizmga qarshi kurash» qonuniga binoan jinoiy huquqbuzarlik bo‘lib, eng yuqori jazo 14 yilga ozodlikdan mahrum qilish bilan belgilanadi.

Palestine Action terror tashkiloti deb tan olinishi uchun 20 iyun kuni Angliya janubidagi Oksfordshir grafligidagi Brayz-Norton aviabazasiga faollarning kirib kelishi va ikkita yonilg‘i quyuvchi samolyotga zarar yetkazilishi asos bo‘ldi. Tashkilot o‘z harakatlarini London Isroilni qo‘llab-quvvatlashi orqali «G‘azodagi genotsid va Yaqin Sharqdagi urush jinoyatlarining ishtirokchisi» ekanligi bilan izohladi.

Mavzuga oid