Iqtisodiyot | 18:04 / 12.07.2025
867
3 daqiqa o‘qiladi

Soliqqa oid nizolar bo‘yicha ekspert kengashi tuzildi – asosiy ma’lumotlar

Kengash tadbirkorlik sub’yektlari va soliq organlari o‘rtasida yuzaga kelgan soliqqa oid nizolarni ko‘rib chiqadi va ular yuzasidan xulosalar beradi. Soliq qonunchiligiga oid normalarning qo‘llanishi hamda ularning sifatini oshirish borasida takliflar tayyorlaydi. Kengash soliq, iqtisodiyot, moliya va huquq masalalari bo‘yicha ekspertlardan iborat.

Prezidentning (2025 yil 11 iyuldagi) “Soliqqa oid nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, Savdo-sanoat palatasi huzurida soliq, iqtisodiyot, moliya va huquq masalalari bo‘yicha ekspertlardan iborat Soliqqa oid nizolar bo‘yicha ekspert kengashi tashkil etildi va ushbu kengashga Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov rahbarlik qilishi belgilandi.

Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu ekspert kengashi tarkibiga ko‘rib chiqilayotgan nizolarning shaffofligini ta’minlash maqsadida mustaqil soliq maslahatchilari ham kiritilgan.

Foto: Soliqqa oid nizolar bo‘yicha ekspert kengashi tarkibi

Qaror bilan ekspert kengashi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib quyiagilar belgilangan:

◾️tadbirkorlik sub’yektlari va soliq organlari o‘rtasida yuzaga kelgan soliqqa oid nizolarni ko‘rib chiqish va ular yuzasidan xulosalar berish;

◾️ soliq qonunchiligiga oid normativ-huquqiy hujjatlar va ularning qo‘llanishini o‘rganish, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyoti sifatini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

◾️soliqqa oid nizolarni ko‘rib chiqishda biznes hamjamiyati, davlat organlari va tashkilotlari hamda ilmiy tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik o‘rnatish.

Ekspert kengashi doimiy faoliyat yurituvchi kollegial organ sifatida tashkil etiladi.

Shu bilan birga, Savdo-sanoat palatasi Ekspert kengashining faoliyatini tashkil etish bo‘yicha ishchi organ hisoblanadi.

Ekspert kengashiga soliqqa oid nizolarni ko‘rib chiqishda quyidagi vakolatlar berilyapti:

◾️ soliq organlarining qarorlaridan norozi bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlarining murojaatlarini ko‘rib chiqish, bundan jinoyat ishi doirasida yoki sud tartibida ko‘rib chiqilayotgan soliqqa oid nizolar mustasno;

◾️ murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasi yuzasidan xulosa qabul qilish;

◾️ qabul qilingan xulosalarni majburiy tartibda ko‘rib chiqish uchun soliq, bojxona va tegishli davlat organlariga yuborish hamda bu haqda tadbirkorlik sub’yektini xabardor qilish. 

Mavzuga oid