Jahon | 09:29 / 12.07.2025
20093
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Lvivga hujum qildi, Polsha qiruvchi samolyotlarini havoga ko‘tardi

12 iyulga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Lvivga uchuvchisiz uchoqlardan zarba berdi. Polsha o‘z havo hududini himoya qilish uchun qiruvchi samolyotlarini havoga ko‘tardi.

Foto: Telegram / andriysadovyi

Rossiya qo‘shinlari 12 iyul, shanbaga o‘tar kechasi Lvivga uchuvchisiz uchoqlar bilan katta zarba berdi. Viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Maksim Kozitskiy Telegramʼda Lviv viloyati va uning markaziga dron hujumi uyushtirilgani haqida ma’lum qildi. Rasmiyning hisob-kitoblariga ko‘ra, shaharga 10 dan ortiq Shahed tipidagi UUA zarba bergan.

Lviv meri Andrey Sadoviy Telegramʼda shahar markazidagi turar joy binosiga zarar yetganini yozdi. Turar joy bo‘lmagan binoning tomi ham yonib ketgan. G‘arbiy Ukrainaning boshqa hududlari: Ternopil, Ivano-Frankivsk va Rovno viloyatlarida ham havo hujumi haqida ogohlantirish e’lon qilindi. U yerda hech qanday zarar qayd etilmagan.

Polsha armiyasining operativ qo‘mondonligi G‘arbiy Ukrainaga zarba Rossiyaning uzoq masofali aviatsiyasi tomonidan amalga oshirilganini ma’lum qildi. Shu munosabat bilan «Polsha va ittifoqchi havo kuchlari Polsha havo hududida harakat qila boshladi».

«Navbatchi qiruvchi samolyotlar juftligi havoga ko‘tarilib, yerdagi havo mudofaasi va radar razvedka tizimlari yuqori shay holatga keltirildi», — deya qo‘shimcha qildi Polsha harbiylari.

Mavzuga oid