O‘zbekiston | 17:36 / 12.07.2025
12514
11 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga to‘y islohoti kerak: jamiyat o‘zgarishlarga tayyor

“Yuksalish” harakati o‘tkazgan so‘rovnomada atigi 14 foiz odam o‘zining daromadiga mos to‘y qilishini aytdi. 41 foiz respondent to‘y uchun 70 mln so‘mdan ko‘p pul ketadi deb hisoblamoqda. So‘rovda qatnashganlarning 45 foizi to‘yda ortiqcha xarajat qilganidan afsusda. “Dabdabali to‘y”ni qo‘llab-quvvatlovchilar – atigi 7 foiz.

Foto: Kun.uz

“Yuksalish” harakati ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazib, to‘ylar bilan bog‘liq tendensiyalarni aniqladi.

19 iyundan 3 iyulgacha davom etgan so‘rovnomada O‘zbekistonning barcha hududlaridan jami 1247 kishi onlayn tarzda ishtirok etgan. Respondentlarning 34 foizi 18-30 yosh oralig‘ida, 36 foizi 30-45 yosh oralig‘ida, 30 foizi 50 yoshdan kattalar bo‘lgan.

So‘rovda qatnashganlarning aksariyati (71 foizi)ni turmush qurganlar tashkil etgan. Bu – ularning to‘y an’analari va xarajatlaridan bevosita xabardorligini ko‘rsatadi. “Oxirgi yillarda oilangizda to‘y bo‘lganmi yoki rejada bormi?” degan savolga aksariyat respondentlar “to‘y o‘tkazganmiz yoki rejalashtiryapmiz” deb javob bergan.

Xarajat va daromadlar nomutanosibligi

Ko‘pchilik oilalarning daromadi bilan to‘y xarajatlari o‘rtasida katta farq borligi ko‘zga tashlanadi.

Respondentlarning 81 foizi (ayniqsa, viloyatlarda yashovchilar) o‘z oilasining o‘rtacha oylik daromadini 5 mln so‘mdan 12 mln so‘mgacha deb ko‘rsatgan.

“To‘yga taxminan qancha pul sarflagansiz (yoki sarflashni rejalashtiryapsiz)?” degan savolga esa respondentlar quyidagi javoblarni bergan:

  • 30 mln so‘mgacha – 31,28%
  • 50 mln so‘mgacha – 23,98%
  • 70 mln so‘mgacha – 15,72%
  • 100 mln so‘mgacha – 15,88%
  • 100 mln so‘mdan ortiq – 9,62%

Ko‘rinib turibdiki, 69 foiz respondent to‘y uchun 50 mln so‘mdan ko‘proq xarajat qilgan yoki shuni rejalashtiryapti. Vaholanki, 50 mln so‘mdan ko‘p mablag‘ – ko‘plab oilalar uchun bir yillik daromadga teng yoki undan ham yuqori bo‘lishi mumkin.

Moliyalashtirish manbalari

Aksariyat respondentlarning aytishicha, ular to‘y xarajatlarini shaxsiy jamg‘armalari hisobidan emas, boshqa manbalar orqali qoplagan. Asosiy moliyaviy manbalar quyidagilar bo‘lgan:

  • “O‘zim va yaqinlarim yordamida” – 55,17%
  • “Qarz olganman / olaman” – 25,1%
  • “Daromadim yetarli” – 14,11%
  • javob bermaganlar – 5,62%

Bu raqamlar shuni ko‘rsatadiki, to‘y – ko‘plab oilalar uchun ulkan moliyaviy yuk, ularning mavjud daromadlariga mutlaqo mos kelmaydi va qarzga botiradi. Bu esa yangi turmush boshlayotgan oilalar yoki ularning ota-onalari uchun moliyaviy barqarorlikka jiddiy xavf tug‘diradi.

Jamiyatning va ota-onalarning bosimi

“To‘yga katta xarajat qilishga nima sabab bo‘ladi?” degan savolda respondentlarga bir nechta variantni tanlash imkoniyati berilgan bo‘lib, ular ko‘pincha shaxsiy istaklardan ko‘ra tashqi omillarni ko‘rsatgan.

  • “Jamiyat bosimi / elga to‘y berishim kerak degan majburiyat” – 46,11%
  • “Yoshlarning orzu-havasi” – 31,36%
  • “Ota-onaning orzu-havasi” – 29,03%
  • “Quda tomonning talabi” – 16,6%

Shunday qilib, yuqori to‘y xarajatlari – ko‘proq yoshlarning shaxsiy tanlovi emas, balki katta ijtimoiy bosim va ota-onalar kutgan umidlar natijasida yuzaga kelayotgan holatdir.

“Sizningcha, atrofdagilar bosimi oilalarni qimmatbaho to‘y o‘tkazishga majbur qiladimi?” degan savolga berilgan javoblar jamiyatdagi fikrlar bo‘linishini, ammo bosim mavjudligini tan olganlar ko‘pchilikni tashkil qilishini ko‘rsatdi:

  • “Yo‘q, bu har bir oilaning shaxsiy ishi” – 34%
  • “Ha, albatta” – 30,05%
  • “Ko‘proq ha, deb o‘ylayman” – 19,95%
  • “Ko‘proq yo‘q, deb o‘ylayman” – 11,54%
  • javob bermaganlar – 3,76%

Garchi eng katta guruh to‘y xarajatlarini shaxsiy tanlov deb hisoblasa-da, respondentlarning qariyb yarmi to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita jamiyat bosimini tan olgan. Bu jamiyatda ichki ziddiyat mavjudligini ko‘rsatadi: bir tomondan – erkin tanlovga intilish, boshqa tomondan esa – an’analar va ijtimoiy kutishlarning kuchli ta’siri.

Kamtargina to‘y qilish istagi va isrofgarchilik amaliyoti

“To‘y qanday bo‘lishi kerak?” degan savolga respondentlarning 40 foizi “kamtarona” yoki “o‘rtacha, yaqinlar davrasida” deb javob bergan.

“Dabdabali, hashamatli”  variantini esa atigi 7 foiz respondent afzal ko‘rgan.

Respondentlarning 45 foizi dabdabali to‘ylarni “keraksiz stress va qarzlarga sabab” deb hisoblaydi va ko‘p mablag‘ sarflanganidan afsuslanadi. Bu – jamiyatda dabdabali to‘ylarning samarasizligi haqida aniq tushuncha mavjudligini va ko‘proq kamtarona to‘ylar o‘tkazishga bo‘lgan kuchli istak borligini anglatadi. Biroq bu ratsional yondashuv ijtimoiy me’yorlar va an’analar to‘sig‘ini yenga olmayapti. Odamlar ikki o‘t o‘rtasida qolgan: sarflashni istamaydilar, ammo majbur bo‘lishmoqda.

To‘yga ketgan pulni, qayerga sarflashni istardingiz?

Bu savolga respondentlar ta’lim olish, uy-joy sotib olish, sayohatga chiqish, sog‘lig‘ini tiklash va biznesga sarmoya kiritish kabi javoblarni berishgan.

Bu – aholining moliyaviy savodxonlikka intilishi va uzoq muddatli rejalashtirishga bo‘lgan ehtiyoji borligini ko‘rsatadi.

Yechim nimada?

“Sizningcha, yashab turgan hududingizda to‘y xarajatlariga munosabatni qanday o‘zgartirish mumkin?” degan savolga ko‘pchilik quyidagilarni yechim sifatida ko‘rsatdi:

  • ma’muriy choralar joriy etish;
  • aholi o‘rtasida targ‘ibot va ma’rifiy ishlarni kuchaytirish;
  • moliyaviy savodxonlikni oshirish.

Quyidagi o‘zgarishlar ko‘proq qo‘llab-quvvatlangan:

  • “Mehmonlar soni va marosim ko‘lamini qisqartirish” — bu taklifni 35,69% respondent ilgari surgan.
  • “To‘ydan keyingi ayrim marosimlarni kamaytirish” — deb hisoblaganlar 31,44%.
  • “To‘ydan oldingi ayrim marosimlarni qisqartirish” — bu fikrni 37,61% respondent qo‘llab-quvvatlagan.
  • “Hech qanday o‘zgarish kerak emas” — bu fikrni atigi 7,14% respondent bildirgan.

Bu raqamlar aholining aksar qismi to‘y marosimlarini soddalashtirishga tayyorligini va jamiyatda o‘zgarishlarga ijtimoiy buyurtma shakllanayotganini tasdiqlaydi.

Xulosa

“Yuksalish” harakatining xulosa qilishicha, O‘zbekistonda to‘y an’analarini isloh qilish va soddalashtirish bo‘yicha kuchli ijtimoiy buyurtma mavjud. Aholi eng qimmat va charchatadigan marosimlardan voz kechishga tayyorligini bildirgan.

So‘rov mualliflari quyidagi xulosalarni sanab o‘tdi:

1. O‘zbekistondagi zamonaviy to‘y xarajatlari ko‘plab oilalarni qarzga botirayotgan bo‘lib, bu ularning turmushni boshlash imkoniyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

2. Isrofgarchilikning asosiy sababi – shaxsiy istaklar emas, balki ijtimoiy bosim, “ko‘z-ko‘z qilish” madaniyati va katta avlodning kutishlaridir.

3. Jamiyatda ratsional fikrlash (xarajatlarni kamaytirish zarurati) bilan an’anaviy irratsional xatti-harakatlar (“odamlar nima deydi” degan qo‘rquv) o‘rtasida ichki ziddiyat mavjud.

4. To‘y marosimlarini soddalashtirish, hajmini kamaytirish va ortiqcha odatlardan voz kechish zarur deb hisoblovchilar ko‘pchilikni tashkil etadi.

Tavsiyalar

“Yuksalish” harakati so‘rov natijalaridan kelib chiqib quyidagi takliflarni ilgari surmoqda:

  • televideniye, internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali “dabdababozlik – stress va qarz” degan g‘oya asosida umumxalq kampaniyasini olib borish, kampaniyada moliyaviy savodxonlik va ruhiy bosim mavzulariga urg‘u berish;
  • aktyorlar, qo‘shiqchilar, blogerlar, sportchilar, din arboblari kabi ta’sirga ega shaxslar orqali kamtarin to‘y g‘oyasini targ‘ib qilish (ularning shaxsiy namunasi jamoatchilik fikriga kuchli ta’sir ko‘rsatadi);
  • mahalla faollarining to‘y rejalashtirayotgan oilalar bilan tushuntirish ishlari o‘tkazishini yo‘lga qo‘yish, soddaroq to‘y qilganlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish;
  • mehmonlar soni va vaqtni cheklash bo‘yicha qonun ijrosini nazorat qilish;
  • maktab va oliy ta’lim dasturlariga maxsus kurslarni kiritish, oila budjeti, moliyaviy rejalashtirish, iste’mol kreditlarining xavfi haqida darslar o‘tkazish;
  • yosh oilalarga mo‘ljallangan “Uy uchun”, “Ta’lim uchun” kabi maxsus jamg‘arma hisoblarini yaratish (bu to‘y kreditlariga sog‘lom muqobil bo‘lishi mumkin).

Tadqiqotchilarga ko‘ra, ota-onalar va yoshlar o‘rtasida ochiq muloqotni rag‘batlantirish kerak, toki yoshlar o‘z istaklarini (uy, biznes, ta’limga sarmoya) ochiq aytishga jur’at etsin, ota-onalar esa ularni eshitsin.

Shuningdek, to‘y – tomosha emas, yangi oilaning boshlanishi degan g‘oyani ilgari surish taklif etilmoqda: bayram kelin-kuyovning o‘zi uchun bo‘lishi kerak, yuzlab tanish-begonalar uchun emas.

“Jamiyat o‘zgarishlarga tayyor, endi esa ularni amalga oshirish uchun aniq harakatlar kerak”, – deya xulosa qilgan “Yuksalish” umummilliy harakati. 

Mavzuga oid