Jahon | 14:07 / 12.07.2025
1244
3 daqiqa o‘qiladi

Mers Ukrainaning tiklanishi uchun zarur shartlarni sanab o‘tdi

Germaniya kansleri Fridrix Mers fikricha, xalqaro ko‘mak, Yevropa Ittifoqiga a’zolikka erishish va xususiy kapital ishtiroki urushdan keyin Ukrainada iqtisodiy mo‘jizaga olib kelishi mumkin.

Foto: Michael Kappeler/dpa/picture alliance

Germaniya kansleri Fridrix Mers Rimda Ukrainaning tiklanishiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda so‘zlagan nutqida Kiyevni xalqaro qo‘llab-quvvatlash, Ukrainaning YeIga a’zo bo‘lish yo‘lidagi muvaffaqiyati va uni tiklashda xususiy kapital ishtiroki mamlakatda urushdan keyin «iqtisodiy mo‘jiza»ga erishishning uchta sharti ekanini aytdi. U Ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyin Yevropa va Germaniyaning tiklanishi tarixda urushdan keyingi tiklanishning eng muvaffaqiyatli namunalaridan biri bo‘lganini eslatdi. «Men noto‘g‘ri tarixiy o‘xshashliklar keltirmoqchi emasman. Lekin o‘sha paytda qo‘llangan retseptlarning ba’zilari Ukrainani qayta tiklashga e’tibor qaratayotgan bugungi kunda bizga xizmat qilishi mumkin», — dedi Germaniya hukumati rahbari.

Mersning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina allaqachon dunyoning eng yirik iqtisodlari va jamg‘armalaridan xalqaro qo‘llab-quvvatlovga erishgan. Germaniya Ukraina energetikasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining eng yirik donoriga aylandi, shuningdek, Ikkinchi jahon urushidan keyin Germaniyani tiklashni moliyalashtirgan KfW davlat taraqqiyot banki modeli asosida Ukraina biznesni rivojlantirish jamg‘armasini ishlab chiqmoqda, dedi Mers.

Fridrix Mers Ukrainani qayta tiklashning ikkinchi asosiy omilini uning Yevropa integratsiyasi deb atadi. Berlin Yevropa Ittifoqiga a’zolik yo‘lida Kiyevni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan Germaniya kansleri islohotlar, jumladan, qonun ustuvorligini mustahkamlash va korrupsiyaga qarshi kurashga chaqirdi.

Mers, shuningdek, xususiy biznesning Ukrainani tiklashda ishtirok etishi zarurligini ta’kidlab, nemis kompaniyalari bunday loyihalarga qiziqish bildirishini ta’kidladi. Bundan tashqari, Germaniya Yevropa Komissiyasi, Yevropa investitsiya banki, shuningdek, Italiya, Polsha va Fransiya bilan birgalikda Ukrainani tiklash bo‘yicha Yevropa flagman jamg‘armasini ishga tushirmoqda, u ushbu maqsadlar uchun katta hajmdagi xususiy investitsiyalarni jalb etishni maqsad qilyapti.

Mavzuga oid