Fan-texnika | 22:37 / 11.07.2025
1225
2 daqiqa o‘qiladi

Tesla avgust oyidan Hindistonda elektromobillar savdosini boshlaydi

Tesla’ning ushbu mamlakatdagi birinchi shourumi Mumbayda 15 iyul kuni, ikkinchisi - iyul oxirlarida Nyu-Dehlida ochiladi.

Foto: Getty images

Tesla kelasi hafta Hindistonda o‘zining birinchi shourumini ochadi va kelasi oydan mijozlarga elektromobillar yetkazib berishni boshlaydi.

Qayd etilishicha, Tesla’ning ushbu mamlakatdagi birinchi shourumi Mumbayda 15 iyul kuni, ikkinchisi — iyul oxirlarida Nyu-Dehlida ochiladi. Bloomberg agentligi manbalarining so‘zlariga ko‘ra, shourumlarda potensial xaridorlar elektromobillarning narxlari va mavjud modellari haqida ma’lumot olishi mumkin.

Orqa uzatmali Model Y yo‘ltanlamaslarining birinchi partiyasi mamlakatga allaqachon Xitoydagi zavoddan olib kelingan.

Hindiston — kattaligi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turadigan bozor bo‘lib, uni egallash Tesla’ga boshqa mintaqalarda kamaygan savdoni qoplashga yordam berishi mumkin. Ikkinchi chorakda kompaniya elektromobillar yetkazib berishni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13,5 foizga (384 mingtacha) qisqartirgan. Ushbu qulash kompaniya tarixidagi eng yomon ko‘rsatkich hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, may oyida Yevropada Tesla elektromobillari savdosi qulagan edi. Bunga kompaniya rahbari Ilon Maskning siyosiy faolligi asosiy sabablardan biri sifatida ko‘rsatilgan. Tesla’ning YeIdagi savdolari o‘tgan yilga nisbatan 52 foizdan ortiqqa tushib ketgan.

Mavzuga oid