Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qanday qilib pulni samarali tejash mumkin?
Agar biz o‘zimizga yoqqan hamma narsaga pul sarflayversak, yakunda eng keraklisiga pulimiz qolmaydi. Biror narsa sotib olayotganimizda ko‘p hollarda shunchaki “yoqdi”, “kerak bo‘lib qolar”, “hamma olgan” degan tuyg‘ular bilan harakat qilamiz – bu ko‘pincha cho‘ntagimizni bo‘shatish bilan yakunlanadi. Xo‘sh, unda nima qilish kerak?

Foto: Getty images
Ushbu maqolada tejashni eskicha “pul kamligi” yoki “o‘zingni siqib yashash” deb emas, balki zamonaviy, oqilona, erkin yashash vositasi sifatida ko‘rib chiqamiz.
Tejash – o‘zingga emas, keraksiz narsalarga “yo‘q” deyishdir.
“Tejamkorlik” – ko‘pchilik uchun “kambag‘allik bilan kelishib yashash”dek tuyuladi. Lekin aslida bu shunchaki moliyaviy ixtiyorni qo‘lga olishdir. Ya’ni har bir so‘mni o‘ylab ishlatish, har bir sarfda sabr, ong va maqsad bo‘lishidir.
“Boy odam har doim ko‘p daromad qilgan emas, balki har doim o‘z harajatlarini bilgan odamdir”, – deydi Robert Kiyosaki.
Xarajat qilishdan oldin bir daqiqa to‘xtab, o‘zingizga savol bering: “Bu narsa menga xizmat qiladimi yoki men unga xizmat qilamanmi?”
Ko‘p hollarda, pul sarflagach ham hayotingiz o‘zgarmaydi. Lekin shu pulni jamg‘arsangiz, bir yil ichida hayotingizni ozmi-ko‘pmi o‘zgartiradigan sarmoyaga aylanadi.
Haqiqiy erkinlik degani – istagan joyga borish, istagan kursda o‘qish, bolangga yoki oilangga ortiqcha “hisob-kitob”siz narsa olib berish emasmi? Shunday hayot uchun esa daromaddan ko‘ra muhimroq narsa bor – bu tartibli xarajat.
Yapon yozuvchisi Masaru Ibuka yozadi: “Odamlar bilimni bolaligidan o‘rganadi, pul bilan muomala qilishni esa hayot o‘rgatadi”. Biz ham puldan qo‘rqib emas, pulni boshqarib yashashga o‘rganishimiz kerak. Tejamkorlik – bu yo‘ldagi birinchi qadam. Undan uyalmaylik.
Pul tejash uchun samarali qoidalar
1. “Avval o‘zimga” qoidasi – 10 foiz qoidasini joriy qiling. Oylik tushgan kuni birinchi qilinadigan ish – xarajat qilish emas, o‘zingga jamg‘arma ajratish bo‘lsin.
“Birinchi bo‘lib o‘zingga to‘la” tamoyili quyidagicha: har oy oylikdan kamida 10 foizini alohida hisobga (yoki konvert, yoki bank kartasiga) solish kerak. Tez orada bu pulga boshqacha ko‘z bilan qaray boshlaysiz – bu sizning kelajagingiz, xavfsizlik zaxirangiz, xotirjamligingiz garovi.
2. Hech bo‘lmasa, 1 oy davomida barcha xarajatlaringni yozib boring. Bu oddiy tuyuladi, lekin juda yaxshi usul: 1 oy davomida nima sotib oldingiz, qancha sarfladingiz, qachon – barchasini yozing. Yozganda shunchalik ko‘p “bekorchi xarajatlar” borligini ko‘rib, o‘zingiz hayron qolasiz.
Bu tahlildan keyin “qaysi xarajatni qisqartirsa bo‘ladi”, “qayerga ortiqcha ketyapti” degan haqiqat ko‘rinadi. Shundagina haqiqiy nazorat paydo bo‘ladi.
Buning uchun Zenmoney, Moneyfy yoki Coinkeeper kabi foydali ilovalarni ishlatish mumkin. Yoki shunchaki oddiy daftar bilan ham boshlasa bo‘ladi.
3. Maqsadli tejash – avtomatlashtirilgan tejash
Maqsadsiz jamg‘arma uzoqqa bormaydi. Pulni “nimagadir” emas, “mana bu narsaga” deb aniq ajratsangiz – bu psixologik farq qiladi. Masalan:
• “Dubay safari uchun har oy 500 ming so‘m”
• “Kurs uchun 6 oyda 3 million so‘m yig‘ish”
• “Farzandimga maktab fondi”
Shu jamg‘arma uchun alohida nom bilan konvert yoki karta oching.
4. “24 soat qoidasi”ga doim odat qiling
Har safar birdaniga xarid qilgingiz kelganda, kuting! O‘zingizga shart qo‘ying: ertagacha kutaman.
80 foiz holatda odamlar 24 soat ichida bu xarid kerak emasligini tushunib yetadi. Bu – pulni saqlashning eng kuchli psixologik usuli.
Mashhur investor Uorren Baffett aytadi: “Agar har bir xohlagan narsangni olsang, oxir-oqibat eng keraklisiga puling qolmaydi”.
5. “No spend day” – hafta/oyda 1 kun xarajatsiz o‘tishini belgilab qo‘ying
Masalan, har payshanba – “xarajatsiz kun”. Bu kuni hech narsaga pul sarflamayman. Hatto choyxona, transport, kichkina shirinlik ham sotib olmayman.
Bu – puldan ko‘ra ko‘proq hissiy impulslarni boshqarish mashqi. Nafaqat tejaydi, balki o‘z ustingizdan nazorat tuyg‘usini kuchaytiradi.
6. “Sovg‘a fondi”ni tayyorlab qo‘ying
Yil davomida tug‘ilgan kunlar, to‘ylar, bayramlar bor. Har gal kattaroq xarajatga tushish o‘rniga, har oy muayyan summada jamg‘arib borish – oqilona yechim.
Pul – bu vosita, u maqsad emas. Bu vositani qanday ishlatishingiz hayotingizni belgilaydi. Tejash esa – bu vositani ongli va strategik ishlatish san’atidir.
Mavzuga oid

16:54 / 10.07.2025
Oylikni keyingi oylikkacha yetkazish: samarali taqsimot

19:06 / 21.06.2025
O‘zbekistonda kredit ajratilishini o‘ziga o‘zi taqiqlash imkoniyati paydo bo‘ldi

16:08 / 16.06.2025
1 avgustdan barcha viloyat va tuman hokimliklarida ish haqi oshiriladi

21:03 / 14.06.2025