Jahon | 11:44 / 07.07.2025
4419
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya aeroportlarida 400 ga yaqin reys bekor qilindi yoki kechiktirildi

Xavfsizlik maqsadida Moskva, Sankt-Peterburg va Nijniy Novgorod aeroportlarida cheklovlar joriy etildi, deb xabar berdi Rosaviatsiya. Rossiya harbiylari mamlakat hududida 50 ga yaqin dron urib tushirilganini ma’lum qildi.

Foto: Rosaviatsiya

Rossiyada 6 iyul, yakshanba kuni kamida 393 ta reys bekor qilindi yoki kechiktirildi. Cheklovlar Moskvaning Sheremetevo aeroporti, Sankt-Peterburgning Pulkovo va Nijniy Novgorodning Chkalov (Strigino) aeroportlariga ta’sir ko‘rsatdi. Bundan tashqari, Ivanovo, Kaluga, Pskov, Tambov va Yaroslavl aeroportlari vaqtincha reyslarga xizmat ko‘rsatmagan. Rossiya Transport vazirligi va Rosaviatsiya bu «parvoz xavfsizligini ta’minlash» maqsadida amalga oshirilganini ma’lum qildi.

Sheremetevoga kelish va jo‘nash bo‘yicha 171 ta reys bekor qilingan. Yana 56 ta reysning jo‘nashi ikki soatdan ko‘proq kechiktirildi. Pulkovoda 90 ta reys bekor qilindi, 37 tasi kechiktirildi. Chkalov aeroportida 26 ta reys bekor qilindi va 13 tasi kechiktirildi — Nijniy Novgorod havo bandargohida cheklovlar eng uzoq davom etdi, deya ta’kidladi Rosaviatsiya.

5 iyul kuni Sheremetevo, Pulkovo va Chkalovda 250 dan ortiq reys bekor qilindi, 270 dan ortiq reys kechiktirildi. «Kommersant» gazetasi suhbatlashgan ekspertlarning fikricha, Rossiyada havo qatnovining ikki kunlik kollapsi aviakompaniyalarga 20 milliard rublga yaqin zarar keltirishi mumkin.

6 iyul kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari Rossiya Federatsiyasining sakkizta hududi ustidan 48 ta dronni urib tushirgani haqida ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Kaluga viloyatida 13 ta, Bryansk viloyatida 10 ta, Moskva viloyatida to‘qqizta, Belgorod viloyatida oltita, Smolensk viloyatida oltita, Leningrad viloyatida ikkita, Kursk viloyati va Novgorod viloyatida bittadan dron yo‘q qilingan.

Mavzuga oid