O‘zbekiston | 14:31
4384
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent metrosining 13 ta bekatida vestibyulning bir tomonidagi kassa yopildi

Hozir metropoliten mijozlarining atigi 6-7 foizi QR-kodli chiptalardan foydalanmoqda. Naqd shaklda to‘lov qiluvchi yo‘lovchilar soni eng kam bo‘lgan 13 ta bekatda vestibyulning bir tomonidagi kassa yopildi.

Toshkent metrosining 13 ta bekatida vestibyulning bir tomonidagi kassa yopildi. Bunga aksariyat yo‘lovchilar naqdsiz shaklda to‘lov qilishga o‘tgani sabab bo‘ldi. Bu haqda «Toshkent metropoliteni» xabar bermoqda.

Bittadan kassalar yopilgan bekatlar quyidagilar: Mirzo Ulug‘bek, Xalqlar do‘stligi, Paxtakor, Hamid Olimjon, Pushkin, Do‘stlik, Toshkent, Oybek, Tinchlik, Shahriston, Bodomzor, Minor, Abdulla Qodiriy.

Uzoq davom etgan kuzatuv va o‘rganishlar natijalariga ko‘ra, ayni shu bekatlarda kassadan chipta xarid qilish ko‘rsatkichi keskin kamaygani aniqlangan. Shu bois, naqd pul ko‘rinishida to‘lovni amalga oshiruvchi yo‘lovchilar soni kam bo‘lgan metro bekatlarida kassalardan birini yopishga qaror qilingan.

Ta’kidlanishicha, yo‘lovchilar kassa yopilgan vestibyullarda avtomatlashtirilgan to‘lov turlarining boshqa usullari orqali to‘lov qilish imkoniyatiga ega (ATTO kartalari, bank kartalari, turli mobil ilovalar, kaft orqali va boshqa to‘lov usullari).

«Toshkent metropoliteni» yo‘lovchilariga qulaylik yaratish hamda kassa oldidagi tirbandliklarni kamaytirish maqsadida metrodan foydalanishda yo‘l haqini to‘lashning 10 dan ortiq turi mavjud. Jumladan, QR-kodli bir martalik chiptalar 3000 so‘mni tashkil qilsa, boshqa to‘lov usullari 1700 so‘m va undan ham arzon... Hozirgi vaqtga kelib yo‘lovchilarning kam sonli qismi naqd pul ko‘rishida, ya’ni kassadan QR-kodli chipta harid qilib yo‘l haqini to‘lamoqda. Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, ilgari bir martalik QR-kodli chiptalardan metro yo‘lovchilarining 45-50% foydalangan bo‘lsa, hozirgi vaqtga kelib 6-7% ni tashkil qilmoqda», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid