Jahon | 12:30
1554
2 daqiqa o‘qiladi

G7 AQSh biznesini global soliqdan ozod qilishga rozi bo‘ldi

Qo‘shma Shtatlar va boshqa G7 davlatlari AQSh kompaniyalari IHTT tomonidan ilgari surilgan yirik korporatsiyalar uchun global minimal soliq to‘lashdan ozod qilinishiga kelishib oldi.

Foto: Mark Schiefelbein/AP Photo/picture alliance

Qo‘shma Shtatlar va boshqa G7 davlatlari AQSh kompaniyalari yirik korporatsiyalar uchun global minimal soliq to‘lashdan ozod qilinishiga kelishib oldi. Bu hozirda G7'ga raislik qilayotgan Kanada Moliya vazirligi tomonidan 28 iyun kuni e’lon qilingan bayonotda aytiladi. Bayonotga ko‘ra, G7 yangi rejasi AQShning amaldagi minimal soliq qonunlarini tan oladi va xalqaro soliq tizimining barqarorligini oshirishga qaratilgan.

Bunga javoban Vashington AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan taklif etilgan soliqlarni qisqartirish va davlat xarajatlarini ko‘paytirish bo‘yicha «katta ajoyib» qonun loyihasiga kiritilgan «soliq qasosi» bandidan voz kechishi kutilmoqda. Ushbu hujjatning 899-moddasida «kamsituvchi» soliq siyosatiga ega bo‘lgan mamlakatlarning jismoniy shaxslari va kompaniyalari uchun soliqlarni oshirish (to‘rt yil davomida yiliga +5 foiz punkt) imkoniyati ko‘zda tutilgan. Bu Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) tomonidan ilgari suriladigan yirik korporatsiyalar uchun minimal soliqni o‘z ichiga olishi mumkin.

Axios ma’lumotiga ko‘ra, AQSh moliya vaziri Skott Bessent allaqachon Kongressdan Trampning 28 iyun kuni AQSh Senatida protsessual ovoz berishdan o‘tgan «katta ajoyib» qonun loyihasidan «soliq qasosi» bandini chiqarib tashlashni so‘ragan. The New York Times'ga ko‘ra, «soliq qasosi» AQSh budjetiga 10 yil ichida 100 milliard dollardan ko‘proq daromad keltirishi mumkin.

Germaniya moliya vaziri va vitse-kansler Lars Klingbaylning aytishicha, Vashington va boshqa G7 davlatlari o‘rtasida erishilgan kelishuv «soliqdan bo‘yin tovlash va soliq dempingiga qarshi kurashni davom ettirish» imkonini beradi.

Mavzuga oid