O‘zbekiston | 14:41 / 26.06.2025
4265
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent bosqinining 160 yilligi mavzusida ilmiy yig‘in o‘tkazildi

Fanlar akademiyasida Rossiya imperiyasi tomonidan 1865 yilda Toshkent shahrining ishg‘ol qilinishi bilan bog‘liq tarixiy materiallarga bag‘ishlangan ilmiy tadbir o‘tkazildi.

Foto: O‘zA

Fanlar akademiyasi Tarix instituti olimlari tomonidan «Toshkent bosqinining 160 yilligi: haqiqat va uydirmalar» mavzusida ilmiy yig‘in o‘tkazildi.

O‘zA xabariga ko‘ra, tadbir bundan 160 yil avval – 1865 yil iyun oyida Toshkentda Rossiya imperiyasi harbiy kuchlariga qarshi kurashga bag‘ishlandi.

Qayd qilinishicha, «Turkistonning eng keksa va muhim harbiy-siyosiy, iqtisodiy markazlaridan sanalmish Toshkentni qo‘lga kiritishni 1864 yil 1 oktyabrda boshlagan yovuz dushman 1865 yil 29 iyunida o‘z qabih niyatiga erishgan – to‘qqiz oy deganda Toshkentni egallagan».

«Mustamlaka davrida ushbu qonli oylar bir tomonlama – bosqinchilar manfaati nuqtai nazaridan o‘rganilgan va yoritilgan. Bu borada turli nayranglar qo‘llanib, toshkentliklarning yursevarligi va botirligi, butun xalq – yosh-u qari, erkak-u xotin-qizlarning dushmanga qarshi ayovsiz qarshiligi yerga urilib, turli yasama nazariya va vajlar o‘rtaga tashlanib, mustamlakachi davlatning bosqinchilik siyosatini oqlashga tirishib kelingani tarixiy manbalardan yaxshi ma’lum», deyiladi xabarda.

Fanlar akademiyasi Tarix institutida o‘tkazilgan ilmiy yig‘indan bosh maqsad - bu borada yig‘ilib qolgan fikr-mulohazalar, so‘nggi yillarda qo‘lga kiritilgan ilmiy natijalar, mavzu manbashunosligi, yangicha ilmiy yondashuvlar bo‘yicha qarashlar, muammolarni o‘rtaga tashlashdan iborat ekani ta’kidlanmoqda.

Ilmiy yig‘inni ochib bergan institut direktori, akademik Azamat Ziyo kun tartibidagi mavzu ilmiygina emas, siyosiy mazmunga ham egaligi, bosqin va unga qarshi kurashni shunchaki tarixiy voqea emas, balki bosqinchilarning chin tabiati va xalqimizning erkinlik tuyg‘usi nuqtai nazarlaridan o‘rganish va yoritish kerakligi, Rossiya imperiyasining Turkistonga tajovuzini oqlash bo‘yicha singdirib kelinayotgan turli «ilmiy-nazariy» nayranglarni ochib tashlash zaruratiga urg‘u berdi.

«Toshkent bosqinining 160 yilligi: haqiqat va uydirmalar» ilmiy yig‘inida bildirilgan ilmiy qarashlar, fikrlar xalqimiz, ayniqsa, yoshlarni tarixiy bilimlar bilan qurollantirish, yurt uchun kuyunib yashash, tinchlik-osoyishtalik, ozodligimizni ko‘z qorachig‘idek saqlashdek muqaddas burchni bajarishga xizmat qilishi aniq», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid