Jamiyat | 16:59 / 23.06.2025
18631
15 daqiqa o‘qiladi

“Yasalgan” jinoyat: Navoiyda ikki qiz IIB “rezultati” uchun qamoqqa tiqildi

Navoiyda 23 va 20 yoshli ikki qiz “yasama jinoyat” qurboni bo‘ldi. Ular IIB “rezultat” uchun uyushtirgan jinoyat sababli ayni damda umrini qamoqda o‘tkazmoqda: biri 3,5 yil, ikkinchisi 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Sud hujjatlarida turmushga chiqmagan bu ikki qiz o‘z bolasini 10 va 5 mln so‘mga sotishga uringani aytiladi. Ammo har ikki “delo”da tergov organi ishni protsessual normalarga mutlaqo zid ravishda olib borgan, ishni ko‘rgan sudyalar esa negadir muhim jihatlarga ko‘z yumgan. Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov holatlar yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazishni buyurdi.

Foto: Sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan surat

Shunday jinoyat ishlari bo‘ladiki, sud hukmini advokat yoki huquqshunos emas, oddiy odamlar o‘qisa ham holat atay uyushtirilganini bilib oladi. Asosiy vazifalaridan biri jinoyatchilikning oldini olish bo‘lgan IIB xodimlari ba’zi hollarda aynan o‘zlari atay jinoyat uyushtirib, “rezultati”ni inson hayoti va erkidan ustun qo‘ymoqda. Bu kabi ishlarni ko‘rib chiqayotgan sudyalarga esa “deloni sindirish”ga jur’at yetishmayapti. Maqolamiz ana shunday “yasama jinoyat” tufayli ozodlikdan mahrum qilingan ikki ayol haqida.

1-holat. “O‘zlari pul taklif qildi”

Nigina 2002 yilda Navoiy viloyatining Navbahor tumanida tug‘ilgan. Yaqindagina 23 yoshni qarshilagan bu qiz ayni damda jazoni ijro etish muassasasida jazo muddatini o‘tamoqda: u odam savdosi jinoyatida ayblanib, 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Sud hukmida Nigina 2024 yilning 4 sentabr kuni o‘zining 14 kunlik qiz farzandini “shartli xaridor” Zarina Soliyevaga 10 mln so‘mga sotgan paytida tezkor tadbirda ushlangani keltirilgan.

Nigina sudda aybiga qisman iqror bo‘lgan hamda bolasini sotish niyati bo‘lmaganini, 10 mln so‘m pulni Zarina Soliyeva taklif qilganini bildirgan.

Niginaning ko‘rsatmasiga ko‘ra, u 2024 yil fevral oyida Buxoro viloyatida yashovchi Javohir ismli tanishi bilan yaqin munosabatda bo‘lib, homilador bo‘lib qolgan. 3 oy davomida Kogon tumanida joylashgan pishiriq sexida ishlagan. 2024 yil iyun oyi boshlarida ishlash maqsadida Turkiyaning Istanbul shahriga ketgan. 2 oy davomida u yerda savdo do‘konida ishlagan. So‘ngra sog‘ligi yomonlashgani sababli 2024 yil 3 avgust kuni O‘zbekistonga qaytgan hamda Navbahor tumanida yashovchi ammasi Shahnoza Rahimovaning uyiga borgan. 2024 yil 21 avgust kuni Nigina Navoiy perenatal markazi tug‘uruq bo‘limida qiz farzandini dunyoga keltirgan. Chaqaloq 7 oylik tug‘ilgan.

Nigina tug‘uruqxonada Dilbar Niyozova ismli ayolga qiz farzandli bo‘lganini, uni boqib katta qilish uchun sharoiti yo‘qligini, ishonchli odamlarga qoldirib ketmoqchiligini aytgan. Dilbar Niyozova esa Niginani “shartli xaridor” Zarina Soliyeva bilan tanishtirib qo‘ygan.

Zarina opaga bolamni qoldirib, Turkiyaga ketmoqchi ekanimni aytganimdan so‘ng u qizim uchun qancha pul berishi kerakligini so‘radi. Faqatgina qarzlarimni to‘lab berishini, qolgan pullarni o‘zim ishlab topishimni aytdim. Zarina opa o‘zining Madina ismli tanishi bilan kelib, 10 kun davomida tug‘uruqxonadagi xarajatlarni qilib berib yurdi”, degan Nigina sudda.

Shundan so‘ng 2024 yil 4 sentabr kuni “shartli xaridor” shifokorlar bilan gaplashib, Niginani tug‘uruqxonadan olib chiqqan. Nigina ammasi Shahnoza Rahimova bilan Zarina Soliyeva chaqirgan kafega borgan. O‘sha yerda Zarina Soliyeva Niginaga 10 mln so‘m bergan hamda da’vosi yo‘qligi haqida tilxat yozdirib olgan. Shu yerda tezkor tadbir uyushtirilib, ayol qo‘lga olingan.

Pulsiz va og‘ir ahvolda ekanidan foydalanishdi”

Sud majlisida Dilbar Niyozova guvoh sifatida so‘ralgan. U Niginani borishga joyi bo‘lmagani sababli ma’lum muddat uyiga ijaraga qo‘yganini aytgan. Zarina Soliyevaga Niginaning raqamini Dilbar Niyozova bergan.

Kun.uz Dilbar Niyozova bilan aslida holat qanday bo‘lgani haqida suhbatlashdi.

Zarina Soliyeva menga tog‘amning bolasi farzandsiz, degandi. Shunga shu qiz bolasini berishi mumkin, degan maqsadda gaplashib ko‘rishi uchun Niginaning raqamini bergandim. Zarina bolani asrab olmoqchi bo‘lganlarga aytgan.

Niginaning bir so‘m puli yo‘q edi. Shu ahvolda unga shifokorlar dori yozib beravergan. Bu dorilarni bolani olmoqchi bo‘lganlar sotib olib bergan.

Zarina o‘rtaga kirib, “melisalar” bilan pichir-shivir qilgan. Niginaga nima desang beramiz, deb uning bir so‘mga zorligidan foydalangan holda shunga undagan. Men buni sudda ham aytdim. Niginaning unaqa niyati yo‘q edi. U bolasini sotaman demagan, noilojlikdan berayotgandi. Ona-da, uyim-joyim bo‘lmasa farzandimni nima bilan boqaman, qanday katta qilaman, undan ko‘ra yaxshiroq sharoitlarda o‘sishini xohlayman, deb bergan edi. Pulsiz va og‘ir ahvolda ekanidan foydalanishdi”, deydi Dilbar Niyozova.

Uning ta’kidlashicha, bolani asrab olmoqchi bo‘lganlar ham sudda Nigina ulardan bir so‘m ham so‘ramaganini, hammasini Zarina uyushtirganini aytishgan.

Jazo va apellyatsiyada o‘zgarmagan hukm

Mazkur ish jinoyat ishlari bo‘yicha Navbahor tuman sudida sudya Alisher Saydullayev raisligida ko‘rib chiqilgan. Ushbu sudning 2025 yil 5 fevraldagi hukmi bilan Nigina Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismining “a” bandida nazarda tutilgan odam savdosi jinoyatini sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni o‘tash muddati u qamoqqa olingan 2024 yil 17 noyabr kunidan boshlab hisoblangan.

Ish Navoiy viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilgan. Apellyatsiya shikoyati Niginaning advokati tomonidan kiritilgan. Sudning 2025 yil 4 martdagi ajrimi bilan dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz, apellyatsiya shikoyati esa qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.

2-holat. “Bolamni sotish niyatim bo‘lmagan”

Niginanikiga o‘xshash taqdir, ya’ni “yasama jinoyat” qurboni bo‘lish Karmana tumanida yashovchi 20 yoshli Sarvinozning ham boshiga tushgan. U yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini “5 mln so‘mga sotgan”likda ayblangan.

Sud hukmida Sarvinoz “oson va qing‘ir yo‘llar bilan boylik orttirishdek g‘arazli va boshqa past maqsadlarni ko‘zlab, o‘zining benikoh tug‘ilgan farzandini sotish orqali moddiy naf ko‘rishni rejalashtirgan”i aytiladi. U 2024 yilning 2 noyabr kuni Xatirchi tumanidagi choyxonada fuqaro Nigora Xudoyberdiyevaga 5 kunlik o‘g‘il farzandini “5 mln so‘mga sotgan vaqtida” tezkor tadbirda ushlangan.

Sarvinoz sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan. Biroq uning ko‘rsatmasida bolasini sotish maqsadida Nigora Xudoyberdiyevadan pul so‘ragani haqida biror gap yo‘q. Aksincha, 5 mln so‘m berishni Nigora Xudoyberdiyeva taklif qilgan.

“2024 yil fevral oyi o‘rtalarida ixtiyoriy ravishda Dilshod ismli tanishim bilan jinsiy aloqada bo‘ldim. Homilador bo‘lib qolganimni uydagilarimdan yashirdim. 2024 yil 27 oktyabr kuni uyimda opamning yordamida tug‘dim. Tanishim Farida G‘aybullayevaga tug‘ganligimni, bolani katta qila olmasligimni, ishlash uchun Qozog‘istonga ketmoqchi ekanimni, farzandimni asrab oladigan oila bo‘lsa, ularga berishimni aytdim.

Farida opa qo‘ng‘iroq qilib, Navoiy shahrida yashovchi Nigora ismli tanishi farzand asrab olmoqchi ekanini ma’lum qildi. So‘ngra Nigora opa qo‘ng‘iroq qildi, uchrashdik, unga vaziyatni tushuntirdim. U farzandim uchun 5 mln so‘m berishini, ushbu pullar bilan Qozog‘istonga chiqib ketishimni aytdi”, degan Sarvinoz o‘z ko‘rsatmasida.

U otasidan qo‘rqqani sababli uyidagilariga homilador bo‘lib qolganinin ayta olmaganini, aslida bolani sotish niyati bo‘lmaganini, farzandini o‘zi mustaqil katta qila olmasligiga ko‘zi yetib shu ishni qilishga majbur bo‘lganini bildirgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman sudining 2025 yil 23 apreldagi hukmi bilan Sarvinoz odam savdosi jinoyatida aybli topilib, 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Tergov paytida unga shaxsiy kafillik ehtiyot chorasi qo‘llangan bo‘lgan. Ammo hukm bilan u o‘zgartirilib, darhol sud zalida qamoqqa olingan.

Farida G‘aybullayeva kim?

Sarvinozning ishida Farida G‘aybullayeva ismi keladi. Ya’ni Sarvinoz aynan Farida G‘aybullayevaga tug‘ganini hamda farzandini asrab oladigan oila bo‘lsa berishini aytgan. Navoiy viloyati IIB boshlig‘i nomiga ham aynan Farida G‘aybullayeva hamda Nigora Xudoyberdiyeva ariza yozgan.

Karmana tumanida yashovchi Farida G‘aybullayevaning ismi Navoiy viloyatidagi bir nechta jinoyat ishlarida jabrlanuvchi sifatida kelgan.

Jumladan, jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudining 2024 yil 26 noyabrdagi hukmida taksi haydovchisi Farida G‘aybullayevaning “ishonchiga kirib”, uni Navoiy shahar ko‘p tarmoqli tibbiyot poliklinikasiga 0.25 stavkaga farroshlik lavozimiga ishga joylashtirish uchun 13 mln so‘m talab qilgani, ushbu pullarni olayotganda tezkor tadbirda ushlangani keltirilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Navbahor tuman sudining 2025 yil 18 martdagi hukmida ham Farida G‘aybullayeva ismi bor. Bu safar 43 yoshli erkak unga “B” toifali haydovchilik guvohnomasi olib berish uchun 1200 dollar olganda tezkor tadbirda ushlangan.

E’tiborlisi, jinoyatni yo‘qdan bor qilgan, har zamonda “jabrlanuvchi” sharpasida tergov va sud ishlarida paydo bo‘lib turadigan Farida G‘aybullayeva sudda so‘roqqa tutilmagan. Ishni ko‘rib chiqishda raislik qilgan sudya Sherzod Mamirov undan “Bolani sotish yoki sotib olish taklifi kimdan chiqdi?” deb so‘ramagan hatto.

Ayblovlar asossiz va hukmlar g‘ayriqonuniy

Nigina va Sarvinoz ishida ayblovlarni asosli deb bo‘lmaydi. Chunki har ikki keysda qizlarning og‘ir vaziyatda ekanidan foydalanib, ularni atay jinoyatga undash holati bo‘lgan.

Aslida “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 17-moddasiga ko‘ra, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning fuqarolarni huquqbuzarliklar sodir etishga og‘dirishi va undashi taqiqlanadi. Jinoyat-protsessual kodeksining 88-moddasi 4-bandida esa isbot qilishda shaxsni g‘ayriqonuniy harakatlar sodir etishga undash va bunday undash oqibatida sodir etilgan jinoyat uchun uni ayblash taqiqlanadi, deya qayd etilgan.

Shuningdek, prezidentning 2020 yil 10 avgustdagi “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov organlari xodimlari tomonidan shaxsni g‘ayriqonuniy harakatlar sodir etishga undash va bunday undash oqibatida sodir etilgan jinoyat uchun uni ayblash taqiqlanishi, bunda, tezkor-qidiruv tadbirlari natijalari faqat ular qonun talablariga asosan olingan va shaxsda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari yoki tezkor tadbirda ishtirok etgan boshqa shaxslarning harakatlariga bog‘liq bo‘lmagan holda jinoyat sodir etish uchun shakllangan qasd mavjud bo‘lgandagina sud hukmida dalil sifatida tan olinishi mumkinligi belgilangan.

Qolaversa, Oliy sud Plenumining 2018 yil 24 avgustdagi “Dalillar maqbulligiga oid jinoyat-protsessual qonuni normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida” 24-son qaroriga ko‘ra, surishtiruvchi, tergovchi va sud tomonidan qonun normalarini aniq bajarishdan va unga rioya qilishdan har qanday chekinish, u qanday sababga ko‘ra yuz berganligidan qat’i nazar, shu yo‘l bilan olingan dalillarning maqbul emas (yaroqsiz) deb topilishiga olib keladi. Maqbul bo‘lmagan dalillar yuridik kuchga ega bo‘lmay, isbotlash uchun foydalanish hamda ularni ayblov asosiga qo‘yish mumkin emas.

Kun.uz o‘z manbalari orqali har ikkala qizning oilaviy holati va ijtimoiy kelib chiqishini o‘rgandi. Ayni damda bu adashgan qizlarning orqasidan sudma-sud yuguradigan, qamalib ketgani uchun qayg‘uradigan yaqin insonlari deyarli yo‘q.

Ichki ishlar, prokuratura, sudyalarga ularning taqdiri zarracha qiziq emas. Ammo oramizda odamiylik tugab bitmagan bo‘lsa kerak. Ular huquqiy yordamga muxtoj. G‘ayrat Do‘sov ishida 12 nafar advokat tekinga himoyaga kelgandi. Ko‘ramiz, bu ojizalarni ham ko‘ngilli tarzda himoya qiladigan mard advokatlar topilarmikin?!

Xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi

Har ikkala holat IIVning jamoatchilik kengashi hisobot yig‘ilishida muhokama qilindi. Unda qatnashgan Kun.uz bosh muharriri xodimlar tomonidan uyushtirilgan jinoyatlar haqida aytib, vazir Aziz Toshpo‘latovning fikri bilan qiziqdi.

Vazir masalani diqqat bilan tinglab, Tergov departamenti boshlig‘i va IIV O‘z xavfsizligi boshqarmasiga xizmat tekshiruvi o‘tkazishni buyurdi.

IIBning bu kabi sharmandali “rezultati” haqida Kun.uz oldinroq ham surishtiruv e’lon qilgandi. Unda Qibray tumanida yashovchi 35 yoshli Zulxumor Abdurahimova IIB “yasagan” jinoyat tufayli 10 yoshli qizini sotganlikda ayblanib, 8 yil muddatga qamoqqa tiqilgandi. Keyinchalik apellyatsiya instansiya sudi ajrimi bilan dastlabki sud hukmi o‘zgartirilib, ayol ochiqqa chiqqandi.

Dilshod Abduqodirov,
Ruslan Saburov,
Kun.uz

Nigina va Sarvinozni tekinga himoya qilish istagi bo‘lgan advokat topilsa, Telegram’dagi @kunuzmurojaat manzili orqali tahririyatga bog‘lanishi mumkin. 

Mavzuga oid