O‘zbekiston | 12:02
3162
9 daqiqa o‘qiladi

Sotib yuborilayotgan bog‘, maktab va bog‘cha hududlari. Nima qilish kerak?

Yashil zonalar, maktab, bog‘cha hududlarining tadbirkorlik uchun berib yuborilayotgani – anchadan beri aholini qiynab kelayotgan muammolardan. Kun.uz suhbatlashgan jamiyatshunos, shaharsoz hamda jamoatchilik faoli ayni tendensiyadan xavotirda. Ularning aytishicha, bu shaharlarni qishloq darajasiga tushishiga, odamlarning xulq-atvorida salbiy aksini topishiga sabab bo‘ladi. Joylarda tabaqalanish ortib, aholining ijtimoiy kayfiyatida buzilish yuzaga keladi. Ular davlat ijtimoiy sohada asosiy buyurtmachi bo‘lishi lozimligini ta’kidlashmoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Kuni kecha prezident boshchiligida o‘tgan selektor yig‘ilishida yashil hududlarning boshqa maqsadlar uchun tadbirkorlarga berib yuborilayotgani qattiq tanqid qilindi. Oxirgi paytlarda inson sifatiga xizmat qiluvchi ijtimoiy obektlar, jamoatchilik ne’matlarining biznes sektoriga sotib yuborilayotgani tarmoqlarda ham ko‘p muhokamalarga sabab bo‘layotgandi.

Xo‘sh, bunday tendensiyaning davom etishi qanday muammolarni yaratadi? O‘zi bu qachondan paydo bo‘ldi? Va bunday obektlarning shahardan kamayishi shahar qiyofasiga qanday ta’sir qiladi?

Kun.uz ayni mavzu atrofidagi savollarga javob olish uchun bir qancha ekspertlar bilan suhbatlashdi. Unda jamiyatshunos, etnopsixolog Mahmud Yo‘ldoshev, jamoatchilik faoli Alisher Nasimov hamda shaharsoz, urbanist Iskandar Soliyev ishtirok etdi. Quyida intervyudan qisqa sharh keltiriladi.

“Har qanday shahar infratuzilmasi aholining xulqiga ta’sir qiladi” – jamiyatshunos

Dastlab Mahmud Yo‘ldoshev hudud markazlari shahar o‘laroq qanday rivojlanishini tushuntirishga urindi. Uning aytishicha, infratuzilmada jamiyatning taraqqiyot qilishiga ijobiy ta’sir qiluvchi faktorlar ko‘paysa, ular sekin-sekin yig‘iladi va joyni qishloqdan shahar darajasiga olib chiqadi.

“Agar biz bugungi kunda bor shaharlarimizning ichidagi o‘sha infratuzilma, ya’ni shaharchilikni tashkil qiladigan kerakli nuqtalarni olib yo‘q qila boshlasak, demak, shahrimiz qishloq darajasiga qaytishi kerak. Qishloqlarda kerakli infratuzilma, kerakli tarmoqlarni rivoj qildira boshlasak, [u shaharga aylanadi]. Aytaylik, kattaroq qishloq, umumiy hammom yo‘q yoki choyxona, boshqa dam oladigan joylar yo‘q. Bunday holatda u qishloq sifatida qoladi.

Kechqurun uyingizdan chiqib, qo‘shningiz bilan bir bog‘ning chekkasiga borib, salqin havoda dam olish imkoniyatlari bo‘lsa, demak, bu markazga aylana boshlayapti. Sekin-sekin mana shunday joylar shaharga aylanadi”, – dedi u.

Yo‘ldoshevning fikricha, yashil hudud, istirohat bog‘lari kabi jamoat ne’matlari nafaqat jamiyat, balki davlat rivojlanishida muhim omillardan biri hisoblanadi.

“Har qanday shahar infratuzilmasi aholining xulqiga ta’sir qiladi. Toza yurish, shahar aholisi sifatida ko‘chada birov adashib qolgan bo‘lsa, uning adashgan tomonini aytib, “boshqa tomonga boryapsan” deb ko‘rsatish – bular o‘sha madaniyatni shakllantirib boradi”, – dedi u.

“Parklar, boshqa yashil zonalardan foydalanish — odamlarning huquqi” – shaharsoz

Urbanist Iskandar Soliyev esa bu kabi hududlar, qolaversa, ta’lim va tibbiyot muassasalari kabi ijtimoiy obektlarning kamayib borishi shahar qiyofasiga qanday ta’sir qilishi haqida gapirib berdi.

Qayd etilishicha, shahar sog‘lom rivojlanishining asosiy shartlaridan biri bu – insonlar uchun kundalik hayotidagi zarur mashg‘ulotlar, ya’ni o‘qish, ishlash va dam olish uchun zarur zonalar yaratishdir. Mutaxassis bu masalada O‘zbekiston orqaga ketayotganini bildirdi. 

“Chunki parklarning kamayishi yoki maktab-bog‘chalarning ba’zi hududlarini xususiylashtirib, uni boshqa qurilishlarga berib yuborish yoki kvartallar ichidagi yashil hududlarning mahalla binolari yoki ofislarga berib yuborilishi kuzatilyapti. Mana shu zonalarning kamayishi va madaniy obektlarning, masalan, teatr yoki kinoteatrlarning ham 30 yil mobaynida kamaygan, ya’ni ular ko‘payayotgani yo‘q. Mening nazarimda, bu ham ijtimoiy tomondan yaxshi signal emas”,– dedi u.

Shuningdek, Soliyev bog‘larning hokimliklar tomonidan parvarishlanmay, ataylab xarob holga keltirilayotgani va uni “yaxshilash” vaji bilan tadbirkorlarga sotilayotganiga ham e’tibor qaratdi.

 “Ya’ni, masalan, shunday argumentlar berishadi: “agar bog‘ga kimdir moliya kiritmasa, uni yaxshi, sifatli holatda ushlab turolmaymiz” deyishadi. [Shu bilan] hamma parklar deyarli xususiylashtirilyapti.

Mablag‘ ajratilmasdan, qaralmasdan, tashlandiq holatga keltirib qo‘yiladi-da, keyinchalik, “biz investitsiyaga muhtojmiz” deyishadi”, – dedi shaharsoz.

Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston ijtimoiy davlat bo‘lganidan keyin, uning birinchi vazifasi – ijtimoiy sohaga ko‘proq e’tibor qaratishdir. “Parklar, boshqa yashil zonalardan foydalanish — odamlarning huquqi”, – deydi u.

“Sudlarning ham kuchi yetmayapti” – jamoatchilik faoli

4 yildan beri yashil zonalar tadbirkorlarga sotib yuborilgan keyslarda jamoatchilik nomidan sud jarayonlarida ishtirok etib kelayotgan Alisher Nasimov ham suhbatda kuzatuvlari bilan bo‘lishdi.

Uning aytishicha, poytaxtdagi aksariyat yerlar talon-taroj qilib bo‘lingan va bu tendensiya Toshkent shahrining 2011-2018 yillarda hokimi bo‘lgan Rahmonbek Usmonovdan to hozirgi Shavkat Umrzoqov davrigacha meros bo‘lib kelmoqda. Nasimov buni Google xarita orqali bemalol solishtirib olish mumkinligini ta’kidladi.

“2024 yil 1 iyulida, keyin 29 noyabr kuni, 2025 yil 11–15 aprel kunlari hurmatli Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov yashirin qaror chiqarib, Toshkent yerlarida 200 tadan oshiq mahalla yer uchastkalarini tadbirkorlarga yashirin holda bergan. Bunga asosim bor, qarorlar menda bor.

Juda ko‘p mahallalar... Misol uchun, hozir menda kamida 4-5 ta keys bor. Uchtepa tumani 26-mavzeda bitta mahalla binosini qurish bo‘yicha hokim qarori qisman haqiqiy emas, deb topildi. Uni sudya Olimjon Shamsiyev ko‘rib chiqdi. Keyin o‘tgan hafta Beshyog‘och mahallasini ham xuddi shunaqa topshirib yuborishmoqchi bo‘lgan. U yerda ham yashil hudud, xuddi shunaqa daraxtlar, daraxtzorlar mavjud. Uni ham sudya Sultonov Quvondiq ham haqiqiy emas, deb topdi. Shunga o‘xshagan yana 3-4 ta keysimiz bor”, – dedi Nasimov.

Faol fuqaro bu kabi holatlar aholi tomonidan salbiy qabul qilinayotgani va e’tirozlarni ko‘paytirayotganini aytib o‘tdi. U bunday vaziyatda odamlar bilan hisoblashish kerakligi unutib qo‘yilgan deb hisoblamoqda.

Qolaversa, Nasimov shu kunlarda sudyalar yashil zonalarni aholiga qaytarish yuzasidan chiqarayotgan ajrimlari amalda ijro etilmayotganiga ham to‘xtaldi.

“Shu sudya Shamsiyev ajrim chiqargan. Shu ajrimga binoan, qurilish ishlari to‘xtatilishi kerak edi. Lekin shu martning boshida chiqarilgan ajrim ijrosi MIBga yuklatilgan, ham o‘sha quruvchining o‘ziga yuklatilgan-da. Lekin shu ajrim bajarilayotgani yo‘q. MIB kelib, ularni jarima ham qilmadi, boshqa ham qilmadi. Oxirida esa MIBga ham, quruvchiga ham jarima qo‘llandi. Sudlarning ham kuchi yetmayapti”, – dedi u.

Alisher Nasimovga ko‘ra, ayni jarayonlar aslida hukumat o‘tgan yili dekabr oyida 880-qaror bilan tasdiqlagan bosh rejasida ko‘rsatilib, qat’iy taqiqlanishi lozim edi. Ammo uzoq vaqt “mutaxassislar bilan ishlab chiqilgani” aytilgan bu hujjatda bular aks ettirilmagandek. Bu haqda suhbat davomida shaharsoz ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tgan.

Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.

Mavzuga oid