Putin Zelenskiy bilan uchrashishga tayyorligini aytdi
U «nimanidir bo‘lishish uchun emas, masalaga nuqta qo‘yish uchun» Ukrainaning hozirgi rahbari bilan muzokaralarga tayyorligini bildirdi, ammo hujjatlarga imzoni legitim rahbar qo‘yishi lozimligini ta’kidladi.

Foto: Aleksandr Demyanchuk / TASS
Rossiya prezidenti Vladimir Putin «hamma bilan, shu jumladan» ukrainalik hamkasbi Volodimir Zelenskiy bilan ham uchrashishga tayyorligini aytdi. U bu haqda Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida xalqaro axborot agentliklari rahbarlari bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.
«Muammo bunda emas. Agar Ukraina davlati kimgadir muzokaralar olib borishni ishonsa – mayli, bu Zelenskiy bo‘la qolsin. Gap bunda emas, gap hujjatni kim imzolashida. Menga qarang, men hech narsa o‘ylab topganim yo‘q-ku. Propaganda nuqtayi nazaridan amaldagi hokimiyatning legitimligi haqida istalgan narsani aytish mumkin, ammo biz uchun jiddiy masalalarni hal qilishda propaganda emas, balki huquqiy tarkibiy qism muhim», – deya qo‘shimcha qildi Putin.
Ukraina Konstitutsiyasiga ko‘ra, prezident besh yilga saylanadi, «hukumat vakolatlarini uzaytirish usullari yo‘q, hatto harbiy holat sharoitida ham», deya davom etdi Putin. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy holatda faqat Oliy Radaning vakolatlari uzaytiriladi.
«U yerda yozilishicha, harbiy holat sharoitida saylovlar o‘tkazilmaydi, bu haqiqat. Lekin hech qayerda prezidentning huquqlari uzaytirilishi haqida yozilmagan. Yo‘q, tamom! Konstitutsiyaviy tuzilishiga ko‘ra, Ukraina parlament yoki prezidentlik respublikasi emas, balki prezidentlik-parlament respublikasidir. Bu nimani anglatadi: bu barcha hokimiyat organlari prezident tomonidan shakllantirilishini anglatadi», – dedi Putin va agar davlat rahbari qonuniy bo‘lmasa, «butun hokimiyat tizimi qonuniy bo‘lmay qolishi»ni qo‘shimcha qildi.
Rossiyaga muzokaralarni kim olib borayotgani ahamiyatsiz, «hatto u amaldagi rejim rahbari bo‘lsa ham», deb ishontirdi Putin. Uchrashuv bo‘lishi mumkin, «agar bu qandaydir yakuniy bosqich bo‘lsa, u yerda shunchaki o‘tirib, nimanidir bo‘lishish uchun emas, balki nuqta qo‘yish uchun».
«Lekin nuqta kerak, imzo qonuniy hokimiyat tomonidan qo‘yilishi kerak. Bo‘lmasa, bilasizmi, keyingisi kelib, hammasini chiqindiga otadi! Bunday qilish mumkin emas, biz jiddiy masalalarni hal qilyapmiz», – dedi Rossiya prezidenti.
Zelenskiy may oyi oxirida Putin va AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazishni taklif qilgandi. «Agar Putinga ikki tomonlama uchrashuv noqulay bo‘lsa yoki hamma uch tomonlama uchrashuv bo‘lishini istasa, men qarshi emasman. Men har qanday formatga tayyorman», – degandi u.
Mavzuga oid

16:00
“Rejim qulashiga to‘g‘ri kelsa, Moskva yordamga kelishi mumkin” – turkiyalik tahlilchi

14:30
Rossiya Ukraina bilan Istanbul kelishuvlarini amalga oshirishga to‘liq tayyorligini ma’lum qildi

13:25
Putin: Rossiya va O‘zbekiston migratsiya masalalarini birgalikda hal qiladi

11:57