Jamiyat | 17:40 / 18.06.2025
3838
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda tiklanayotgan o‘rmon - Omonqo‘ton milliy tabiat bog‘i | Manzil

Samarqanddan uncha uzoq bo‘lmagan joyda ko‘pchilik bilmaydigan o‘rmon bor. O‘rmon ichida 12 km uzunlikdagi qadimiy tosh yo‘l qoldiqlari saqlanib qolgan. Ayrimlar uni Amir Temur davridan qolgan deydi.

Omonqo‘ton milliy tabiati bog‘i – tabiiy ekotizimlarni saqlash, ilmiy tadqiqotlar olib borish va aholining ekologik madaniyatini oshirish maqsadidagi loyihalardan biri.

Bu yerda 1300 turdan ortiq o‘simlik, noyob, qimmatbaho daraxtlar, 126 turdan ortiq umurtqali hayvon, 100 turdan ortiq qush uchraydi. O‘simliklarning 101 turi muhofazaga muhtoj hisoblanadi. Noyob hayvonlar va qushlarning 9 turi esa Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) Qizil ro‘yxati va O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Bog‘ hududidagi daraxtlarning bir qismi 1878 yilda, o‘rmonni kengaytirish maqsadida ekilgan. Bu daraxtlar va mahalliy flora-faunalar hududdagi namlik va salqinlikni ta’minlab, noyob ekotizimni hosil qilgan. Lekin inson faoliyati va yetarlicha parvarish bo‘lmagani sababli, vaqt o‘tishi bilan o‘rmon siyraklashgan, butalar yo‘qolib borgan.

Bugungi kunda o‘rmonni tiklash ishlari ketmoqda. Milliy bog‘ xodimi Hurram Qodirov nafaqada bo‘lsa-da, bu yerga tabiatni qayta tiklash uchun ishga kirgan. Uning xotirasida bu hudud odam kirishga qo‘rqadigan, qalin yovvoyi o‘rmon bo‘lgan. Endilikda hududda yana hayot jonlanmoqda. Hurram Qodirov barcha xodimlar o‘sha qalin o‘rmon qaytishi uchun ishlayotganini ta’kidlaydi.

Omonqo‘ton nafaqat tabiiy, balki tarixiy ahamiyatga ham ega. Milliy bog‘ hududida 12 km uzunlikdagi qadimiy tosh yo‘l qoldiqlari saqlanib qolgan. Ayrim manbalar bu yo‘l Amir Temur davriga tegishli deb hisoblasa, boshqalar bu yo‘lni Aleksandr Makedonskiy davrida barpo etilgan deydi. Bu esa bog‘ning ilmiy va turistik ahamiyatini oshiradi.

Omonqo‘ton milliy bog‘i misolida bir narsani ko‘rish mumkin: tabiat o‘zini tiklashga qodir, faqat biz unga xalal bermasligimiz kerak. Hatto 3 yil ichida o‘rmonlar qayta jonlanib, hudud yana so‘lim maskanga aylanmoqda. Endi tasavvur qiling, agar shunday hududlar 10-20 yil mobaynida muhofazada bo‘lsa, qanday go‘zal manzara yuzaga keladi?

Tabiatdan ochko‘zlarcha foydalanishda emas, tabiat bilan hamnafas yashashda taraqqiyot bor. Shu sababli bunday hududlarni ko‘paytirish, ularni asrash va kelgusi avlodga sog‘lom muhit qoldirish – barchamizning burchimizdir.

Tohirjon Tursunov,

Kun.uz'ning “Manzil” loyihasi uchun

Ko‘rsatuv O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Mavzuga oid