Jahon | 18:04 / 18.06.2025
17351
10 daqiqa o‘qiladi

Eron va Isroilning harbiy salohiyati: kimda qanday qurollar bor?

Eron armiyasi katta va doimiy harbiy kuchga tayanadi. Ammo uning harbiy texnikalari eskirgan va proksi kuchlari zaiflashgan. Isroil esa yashirinlik, zamonaviy yerusti va havo kuchlariga tayanadi. Xo‘sh, bu davlatlarda qancha armiya va qanday harbiy texnikalar bor? Bugun shu haqda so‘z yuritamiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

2025 yil 13 iyun kuni tongda Isroil harbiy-havo kuchlari Eronning harbiy va yadroviy obektlariga keng ko‘lamli hujum uyushtirdi: 200 dan ortiq harbiy samolyot Eron bo‘ylab 100 ga yaqin nishonga zarba bergan. Natijada Eronning ko‘plab yuqori martabali harbiy qo‘mondonlari, yadroviy loyihalar ustida ishlayotgan olimlar va yuzlab tinch aholi vakillari vafot etdi. Isroilning hujumi hamon davom etmoqda, Netanyahu bu hujumlar 14 kunga mo‘ljallanganini aytgandi.

Isroil hujum boshlagan kun – 13 iyunning o‘zida Eron 100 dan ortiq ballistik raketalardan foydalanib, javob zarbasini berdi. Tel-Aviv va Isroilning harbiy obektlariga yo‘naltirilgan zarbalarning aksari «Temir gumbaz» yordamida tutib qolingan. Eronning keyingi zarbalari esa eng ishonilgan havo hujumidan mudofaa tizimi ham zaifligini ko‘rsatib berdi. Eronning har kunlik raketa zarbalari ortidan Isroilda ham yo‘qotishlar va zararlar ortib bormoqda.

Geosiyosiy dunyoning diqqat markazida turgan ushbu urush fonida bir qancha xorijiy nashrlar Eron va Isroil harbiy salohiyatini solishtirib ko‘rdi.

Insoniy kuchlar va harbiy xarajatlar

Eron va Isroil bir-biridan 1000 km uzoqlikda joylashgan, ikki davlat orasida Iordaniya va Iroq bor. Ya’ni ballistik raketalar ham, dronlar va jangovar samolyotlar ham ushbu davlatlar ustidan uchib o‘tadi.

Raqamlar bo‘yicha qaraganda, Eron ustun ko‘rinadi: aholisi 88 million, hududi 1,6 million kvadrat kilometr. Isroilda esa atigi 9 million aholi va 22 ming kvadrat kilometr maydon bor. Biroq mutaxassislarga ko‘ra, harbiy nuqtayi nazardan bu raqamlarning ahamiyati katta emas.

Eron armiyasi ikki qismga bo‘lingan: odatiy harbiy kuchlar – asosiy vazifasi chegara himoyasi va an’anaviy harbiy operatsiyalar va Islom inqilobi muhofizlari korpusi. Inqilobiy korpus o‘z ichiga elita Quds kuchlarini, strategik raketa qo‘mondonligini va kiber kuchlarni oladi.

  • Qurolli kuchlar — taxminan 600 ming askar va standart harbiy jihozlar.
  • Inqilobiy korpus — taxminan 200 ming kishi, turli elita bo‘linmalarga bo‘lingan.
  • Shuningdek, 350 mingdan ziyod zaxiradagi harbiylar.

Aholisi kam bo‘lsa-da, Isroil armiyasi ham yetarlicha katta:

  • 170,000 faol askar;
  • 400,000 mingdan ziyod zaxiradagi kuchlar.

Bu Eronnikidan kam, ammo Isroil kuchlari mintaqadagi urushlar orqali jangovar tajribasi ko‘proq, deya ko‘riladi.

Global Firepower ma’lumotlariga ko‘ra, Eronning urushga layoqatli aholisi soni 41 milliondan oshadi, Isroilda esa 3 milliondan ko‘proq. Ikkala davlatda ham majburiy harbiy xizmat mavjud, Isroilda ayollar uchun ham harbiy majburiyat bor.

Harbiy xarajatlar borasida Isroil ustun, deyish mumkin. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Eron yillik harbiy budjeti 15 milliard dollardan oshgan. Isroil esa G‘azodagi va qo‘shnilari bilan urush fonida harbiy xarajatlarini 20 foizdan ko‘proqqa oshirib, 30 milliard dollarga yetkazgan.

Harbiy texnikalar va ularning qudrati

Quruqlikdagi qo‘shinlar borasida:

  • Eronda 10,5 mingdan ko‘proq jangovar tank, 6 798 ta artilleriya quroli, 640 ta zirhli transport vositalari, 55 ta harbiy vertolyot mavjud.
  • Isroilda esa 400 ta jangovar tank, 530 ta artilleriya quroli, 1,2 mingga yaqin zirhli transport bor.
Karrar – Eron armiyasining eng kuchli tanki

Harbiy-havo kuchlari:

  • Eron: 335 ta jangovar samolyot, ularning 23 tasi muhofizlar korpusiga tegishli. 7 ta hujum vertolyoti.
  • Isroil: 345 ta jangovar samolyot, 43 ta hujum vertolyoti.
Isroil harbiy havo kuchlariga qarashli F-35I qiruvchisi

Dengiz kuchlari:

  • Eronda 17 ta taktika suvosti kemasi, ba’zi manbalarda 25 ta deyilgan. 68 ta patrul va sohil qo‘riqlash kemalari, 12 ta desant kemasi va boshqa yordamchi vositalar bor.
  • Isroilda esa 5 ta suvosti kemasi, 49 ta patrul va sohil kemalari mavjud.

Havo hujumidan mudofaa tizimida esa Isroilda yaqqol texnik ustunlik bor.

Isroilning Iron Dome havo xujumidan mudofaa tizimi

Xususan, Isroilda

  • Iron Dome (Temir gumbaz): qisqa masofali raketalarni aniqlab va yo‘q qiluvchi tizim; 10 ta batareya mavjud.
  • David's Sling: 40–300 km oralig‘idagi raketalarni tutadi.
  • Arrow System: 2,4 ming km masofadagi ballistik raketalarni tutishi aytiladi.

Eronda:

  • 2025 yil boshida Azaraxsh qisqa masofali IP/radar tizimi joriy etildi.
  • Uzoq masofali tizimlar: Rossiyaning S-200, S-300, Eronning Bavar-373.
  • O‘rta masofali: MIM-23 Hawk, Xitoydan HK-2J, mahalliy Hurdad-15.
  • Xitoy va Rossiyaning qisqa masofali mudofaa raketalari.

AQSh strategik tadqiqotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, Eronda kamida 12 xil turdagi, 2 ming kmgacha uchadigan ballistik raketalari mavjud. Isroilda esa 4 xil turdagi, 6 ming kmgacha uchadigan ballistik raketalar mavjud.

Eronning “Zulfiqor” ballistik raketasi

Harbiy soha mutaxassislariga ko‘ra, Eronning harbiy texnikasi chalkash holatda: Sovet Ittifoqi va 1979 yilgacha AQSh tomonidan yetkazib berilgan jihozlar, shuningdek, yaqin yillardagi Rossiya texnikalari mavjud. Ammo Eron turli turdagi dronlar, ayniqsa «Shaheed» hujumchi dronlarini ishlab chiqish bo‘yicha ilg‘or hisoblanadi.

Isroilning yer, dengiz va havo kuchlari esa AQSh va Yevropaning zamonaviy texnologiyalariga, shuningdek, mustahkam ichki harbiy sanoatiga tayanadi. Bu sanoat Isroilga to‘liq harbiy texnikani mustaqil ishlab chiqish, qurish va ta’mirlash imkonini beradi — natijada u bir vaqtning o‘zida bir nechta frontlarda urush olib borishga imkon topmoqda.

Yadroviy salohiyat: Isroilning atom bombalari

Isroil Yaqin Sharqdagi yagona yadro qurollariga ega davlat sifatida qaraladi, garchi u bu haqda rasman tasdiq bermagan bo‘lsa ham. Arms Control Assosiation hisobotiga ko‘ra, Isroilda 90 ta yadroviy jangovar kallak mavjud. Lekin Isroil rasmiylari buni tan olmagan.

Yadro qurollariga ega davlatlar

Eronda esa rasman yadro quroli yo‘q, lekin rivojlangan yadroviy dasturga ega. Oyatulloh Xominaiy 2000 yillarda yadroviy qurol ishlab chiqarishni diniy fatvo bilan man etgan edi. Lekin Eron rasmiylari 2025 yil may oyida Eron yadroviy doktrinasini o‘zgartirish bilan tahdid qilgan.

Xususan, Eron yadro dasturi so‘nggi yillarda sezilarli darajada rivojlangan. AP nashrining yozishicha, ular uranni deyarli qurol darajasigacha boyitishga muvaffaq bo‘lgan. Agar siyosiy qaror qabul qilinsa, bir necha oy ichida bir nechta yadroviy bomba ishlab chiqarishga yetarli darajada boyitilgan uranga ega. Ammo bu uranlarni raketalar yoki boshqa tashuvchi vositalarga joylashtirish uchun yana ko‘p vaqt talab qilinadi. Isroil esa bunga yo‘l qo‘ymaslik niyatida allaqachon Eronning yadro ishlab chiqarish va ballistik raketa obektlariga zarbalar bermoqda.

Ittifoqchilar: AQSh va proksi guruhlar

Harbiy imkoniyatlarni solishtirishda e’tiborga olinishi lozim bo‘lgan muhim jihat – hamkorlar. Ikki davlat uchun ham ittifoqchilar muhim rol o‘ynaydi, ayniqsa Isroil uchun.

Isroilning asosiy ittifoqchisi va himoyachisi hisoblangan AQShning mintaqada kuchli harbiy mavjudligi bor. Xususan:

  • Arab dengizida 60 ta qiruvchi samolyotga ega aviatashuvchi kema,
  • Boy arab davlatlarida joylashgan yuzlab samolyotlar, minglab askarlarga harbiy bazalar.
USS Dwight D. Eisenhower — AQShning Yaqin sharqda joylashgan eng katta aviatashuvchisi

AQSh davlat kotibi Marko Rubio urushda Isroil «bir tomonlama harakat qilgani» va AQSh harbiy harakatlarda qatnashmaganini aytdi. Shunga qaramay, AQSh Eron tomonidan otilgan ballistik raketalarni tutib qolishda Isroilga katta yordam bermoqda. So‘nggi kunlarda Eron osmonida AQSh razvedkachi dronlari ham urib tushirilgani aytilmoqda. Bundan tashqari, Buyuk Britaniya va Germaniya ham Isroil mudofaasiga yordam berayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.

Eronga sodiq proksi guruhlar – Livanda "Hizbulloh" va Yamanda husiylar. Lekin so‘nggi bir yil ichida AQSh va Isroil harbiy operatsiyalari natijasida bu kuchlar jiddiy darajada zaiflashgan. Hatto "Hizbulloh" rasmiylari bu urushga aralashmasligini aytib chiqdi.

Barcha oldingi harbiy qarama-qarshiliklarda Isroilga muhim yordam bergan AQSh bu safar ham ittifoqchisini yolg‘iz qoldirmasligini aniq bo‘lib turibdi.

P.S. Alohida qayd etib o‘tish kerak, aslida Eron va Isroilning harbiy salohiyatiga doir ma’lumotlarning barchasi harbiy sir hisoblanadi va biror marta rasman ochiqlanmagan.

Umuman dunyodagi barcha davlatlarning harbiy salohiyati, ega bo‘lgan qurol-yarog‘ va texnikalariga doir ma’lumotlar – hukumat hisobotlari, press-relizlar va foto-hisobotlar, professional harbiy-tahliliy nashrlar hamda aql markazlari bergan tahliliy ma’lumotlar, OAVlarga sizdirilgan razvedka ma’lumotlari va kuzatuvlardan foydalanib shakllantiriladi. Shu sababli unda raqamlar taxminiy tusga ega, maxfiy va ishlab chiqarish jarayonidagi qurollar haqida ma’lumotlar bo‘lmasligi mumkin.

Mavzuga oid