O‘zbekiston | 13:30
1126
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda “Yoshlar ovozi – Bo‘zatov FEST” tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi

3-7 iyun kunlari Toshkent shahrida “Yoshlar ovozi – Bo‘zatov FEST” respublika tanlovining so‘nggi respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tanlovning jami mukofot jamg‘armasi 2,5 milliard so‘mni tashkil etadi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Joriy yilgi tanlov “Bo‘zatov — iqtidorlarni kashf etadi!” shiori ostida o‘tkazilib, “5tashabbus.uz” platformasi va @YoshOvozBot Telegram boti orqali 300 mingdan ortiq yoshlar ro‘yxatdan o‘tgan. Tanlov mahalladan to respublika bosqichigacha bo‘lgan 5 bosqichda tashkil etildi. Unda baxshichilik, an’anaviy ijro, opera va estrada yo‘nalishlarida 10-30 yosh orasidagi yoshlar o‘z iqtidorlarini namoyon etdi.

Respublika bosqichiga 161 nafar saralangan ishtirokchi yo‘llanma olishgan. Ular orasida har bir yo‘nalishdan 42 nafardan (baxshichilik – 35 nafar) yoshlar g‘oliblik uchun bellashdi. Tanlov natijalariga ko‘ra, to‘rt yo‘nalishda birinchi o‘rin sohiblariga 50 million so‘m, ikkinchi o‘rin – 30 million so‘m, uchinchi o‘rin – 20 million so‘m, qolgan ishtirokchilarga esa 10 million so‘mdan pul mukofotlari topshirildi. Jami mukofot jamg‘armasi 2,5 milliard so‘mni tashkil etdi.

“Yildan yilga bu tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan yoshlarimiz ko‘payib boryapti. Dastlab 2021 yilda boshlanganda 10 ming nafar yoshlar ishtirok etish istagini bildirgan bo‘lsa, bugun esa 300 mingdan ortiq yoshlarimiz “Yoshlar ovozi” tanlovida ishtirok etish istagini bildirdi.

Hakamlar hay’ati Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda shakllantirildi. Baxshichilik, opera, estrada va an’anaviy ijro (maqom) yo‘nalishlarida tarkib tuzildi va ular har bir ijrochining mahorati, sahnada o‘zini tutishi, tanlagan kompozitsiyalariga ham e’tibor berishdi.

Shaffoflikni ta’minlash maqsadida hududiy bosqichlarda vazirlik tomonidan tuzilgan ekspertlar hududlarga borib ishtirok etishdi. Respublika bosqichida esa guvohi bo‘lganingizdek, san’at ustalari baho berishyapti”, - dedi Yoshlar ishlari agentligi bo‘lim boshlig‘i Dilfuza Azizova.

Tanlov 2021 yilda ilk marta tashkil etilgan bo‘lib, Yoshlar ishlari agentligi, Madaniyat vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamkorligida amalga oshirilmoqda. 2021-2023 yillar davomida respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan 93 nafar yosh orasidan 11 nafari 2023 yil may oyida tajriba almashish maqsadida Italiyaga yuborilgan va bu xarajatlar Yoshlar ishlari agentligi tomonidan qoplangan edi.

Shuningdek, tanlov orqali o‘z salohiyatini namoyon etgan yoshlardan biri “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” unvoniga, biri “Shuhrat” medaliga, to‘rt nafari “Kelajak bunyodkori”, biri “Mard o‘g‘lon” va yana biri “Zulfiya” nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. Qolaversa, 6 nafari “Nihol” mukofoti, boshqalari esa milliy va xalqaro tanlovlar sovrindorlari qatorida turibdi.