O‘zbekiston | 11:33
2233
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda dalalarda somon yonishi sun’iy yo‘ldosh orqali kuzatilmoqda

«O‘zbekkosmos» dalalarda somon yonishini sun’iy yo‘ldosh orqali kuzatib bormoqda va suratlarni huquq idoralariga tezkor uzatmoqda. 

Foto: O‘zbekkosmos

Dalalarda somon va uning qoldiqlarini noqonuniy yoqish holatlari sun’iy yo‘ldoshlar orqali kuzatilmoqda, deb xabar qildi «O‘zbekkosmos». Sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar tezkorlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga uzatiladi.

O‘zbekistonda har yili g‘alla ekinlaridan tozalangan yer uchastkalarida somon va begona o‘tlarni noqonuniy yoqib yuborish bilan bog‘liq minglab holatlar aniqlanmoqda.

Somonning yonishi minglab gektar hosildor yerlarning unumdorligi pasayishiga, tuproq tuzilishining buzilishiga, tuproqdagi foydali makro va mikroelementlarning yo‘qolishiga, ekin maydonlari sifat ko‘rsatkichlarining keskin pasayishiga olib keladi.

Bundan tashqari, yonish havoni zaharlaydi. Don poyalarini yoqilganda atmosferaga 1 ga yerga 500 g azot oksidi, 379 g uglevodorod, 3 kg kul, 20 kg is gazi va uglerod oksidi gazi chiqadi. Bu toza havoning ifloslanishi bilan birga inson organizmida sil va saraton kasalliklarini keltirib chiqarishi bilan xavflidir.

Dalalarda va aholi punktlarida somon, quruq barglar, daraxt shoxlari va boshqa o‘simlik qoldiqlarini yoqish ma’muriy huquqbuzarlik hisoblanadi. MJTKning 88-moddasi 3-qismiga ko‘ra, buning uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 3 dan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solinadi. Bundan tashqari, huquqbuzar yong‘indan g‘alla ekin maydonlariga yetkazilgan zararni qoplashi kerak bo‘ladi.

O‘simlik qoldiqlarining yonishi holatlariga guvoh bo‘lganlar Ekologiya vazirligining 1207 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilishi mumkin.

Mavzuga oid