Jahon | 14:55
7758
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Ilon Mask Oq uyda moliya vaziri bilan yoqalashib ketgan

The Washington Post gazetasi Maskning moliya vaziri Skott Bescent bilan to‘qnashuvi haqida yozdi, tadbirkor uning «ko‘krak qafasiga yelkasi bilan zarba bergan». Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari uning o‘ng ko‘zi atrofi ko‘karganini shu janjal bilan bog‘lamoqda.

AQSh prezidentining sobiq maslahatchisi Stiv Bennon aprel oyida Oq uyda milliarder Ilon Mask va moliya vaziri Skott Bessent o‘rtasidagi og‘zaki tortishuvdan so‘ng o‘rtada janjal kelib chiqqanini ma’lum qildi.

Oval kabinetdan chiqishdagi yo‘lakda davom etgan bahs paytida Bessent Maskka shunday degan: «Sen firibgarsan. G‘irt firibgar».

Shunda Mask regbi o‘yinchisi kabi Bessentning ko‘krak qafasiga yelkasi bilan zarba beradi, Bessent esa unga javob qaytaradi, deydi Bennon. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha kishi ularni ajratish uchun aralashgan va keyin Mask Oq uyning G‘arbiy qanotidan «chiqarib yuborilgan»

Donald Tramp mushtlashuv haqida eshitib, «Bu endi haddan oshish», degandi, deya qo‘shimcha qiladi Bennon.

O‘sha paytda Hukumat samaradorlik departamenti (DOGE) rahbari lavozimida ishlagan Mask va Bessent o‘rtasidagi janjal haqida avvalroq Axios nashri ham yozgandi, unga ko‘ra, tadbirkor va amaldor bir-birini haqorat qilgan. Janjalga Soliq xizmatini kim boshqarishi haqidagi kelishmovchilik sabab bo‘lgan. Tramp Mask lobbi qilgan Geri Sheplini soliq xizmati rahbari vazifasini bajaruvchi etib tayinlagan, Bessent esa bu lavozimda moliya vaziri o‘rinbosari Maykl Folkenderni ko‘rishni xohlagandi va Mask uni aylanib o‘tgan holda harakat qilayotganidan g‘azablangan.

May oyi oxirida Mask davlat xizmatidan va Hukumat samaradorligi departamenti rahbarligidan ketishini e’lon qildi va bir necha kundan so‘ng Donald Trampning soliq imtiyozlari va budjetni uzaytirish to‘g‘risidagi «katta chiroyli qonuni»ni tanqid qilib, uni «jirkanch buzuqlik» deb atadi.

5 iyun kuni Mask va Tramp o‘rtasidagi munosabatlarda keskinlik kuchaydi: tadbirkor Tramp «Epshteyn fayllari» deb ataladigan hujjatlarda mavjudligi haqida yozdi, shuningdek, u o‘z yordami bilan AQSh prezidenti saylovlarda g‘alaba qozongani, respublikachilar Kongress Vakillar palatasida uning yordami tufayli ustunlikka erishganini eslatdi. Tramp esa o‘z navbatida Maskning kompaniyasini davlat subsidiyalaridan mahrum etish bilan tahdid qildi.

Ikki kundan keyin Mask «Epshteyn fayllari» haqidagi postni o‘chirib tashladi. Tramp, o‘z navbatida, jurnalistlarga Mask bilan suhbatdan «manfaatdor emasligi»ni aytdi. The Washington Post nashrining yozishicha, prezident atrofdagilarni «olovga moy sepmaslik»ka chaqirgan, vitse-prezident Jyey Di Vensga esa Mask bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha ommaviy chiqishlarida «ehtiyot bo‘lish»ni maslahat bergan.

Mavzuga oid