Jahon | 12:12 / 06.06.2025
2569
2 daqiqa o‘qiladi

Slovakiya deputatlar Rossiyaga qarshi sanksiyalar uchun ovoz bermaslikka chaqirdi

Slovakiya Milliy kengashi hukumat a’zolarini xalqaro tashkilotlarda Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar va savdo cheklovlari uchun ovoz bermaslikka chaqiruvchi rezolyutsiyani ma’qulladi.

Foto: Reuters

Slovakiya parlamenti (Milliy kengash) hukumat a’zolarini Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar va savdo cheklovlarini qabul qilish uchun xalqaro tashkilotlarda ovoz bermaslikka chaqiruvchi rezolyutsiyani ma’qulladi. Bu haqda 5 iyun, payshanba kuni Reuters axborot agentligi va Slovakiyaning SME kundalik gazetasi xabar berdi.

Unga ko‘ra, hujjatni qabul qilish uchun 150 nafar deputatdan 51 nafari ovoz bergan. Reuters agentligining ta’kidlashicha, parlament majlisida ko‘plab qonun chiqaruvchilar ishtirok etmagan. Muxolifat so‘nggi daqiqada majlis zalini tark etishga qaror qildi.

Qonun loyihasi o‘ta millatchi konservativ Slovakiya milliy partiyasi deputatlari tomonidan ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan. Matnni Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso boshchiligidagi «Yo‘nalish – sotsial-demokratiya» partiyasining ko‘pchilik qonun chiqaruvchilari ham qo‘llab-quvvatladi, deb yozadi Reuters. Shu bilan birga, ikkinchi yirik hukmron «Ovoz» partiyasidan bor-yo‘g‘i uch deputat ularga qo‘shildi.

Qaror «hukumat a’zolarini... Rossiya Federatsiyasiga qarshi yangi sanksiyalar va savdo cheklovlarini qabul qilish uchun ovoz bermaslikka majbur qiladi», deyiladi parlament saytidagi hujjat matnida. Biroq, bu vazirlar cheklovlarni to‘sib qo‘yishi yoki ularga qarshi ovoz berishi kerakligini bildirmaydi, deya aniqlik kiritadi Reuters.

Dennikn.sk onlayn gazetasi huquqshunosga tayanib, o‘z navbatida, rezolyutsiya majburiy emasligini ma’lum qildi.

Mavzuga oid