Yaponiya qishloq xo‘jaligi vaziri guruch haqidagi gaplaridan keyin iste’fo berdi
Vazir Taku Eto «hech qachon guruch sotib olmagani, balki unga doim sovg‘a qilishgani»ni aytgandi. Uning bu so‘zlari jamoatchilikning keskin tanqidlariga sabab bo‘ldi.

Foto: Kyodo/Reuters
Yaponiya qishloq xo‘jaligi vaziri Taku Eto guruch haqida aytgan gaplaridan keyin kelib chiqqan mojarolar fonida iste’foga chiqishga qaror qildi. The Guardian’ning yozishicha, oldinroq u «hech qachon guruch sotib olmagani, balki unga doim sovg‘a qilishgani» haqida gapirgan.
Vazirning so‘zlari yaponlar orasida tanqidlarga sabab bo‘ldi, chunki mamlakatda yil davomida guruch narxi ikki baravarga qimmatlashdi. 2025 yilda Yaponiya bozorida inqiroz qayd etildi. Tarixda birinchi marta tinchlik va tabiiy ofatlar kuzatilmagan vaqtda hukumat narxlar o‘sishini tutib turish maqsadida davlat zaxiralarini sotuvga chiqara boshladi.
Taku Eto mamlakat aholisidan uzr so‘rab, bunday «inqirozli vaziyatda» o‘zining vazirlikni boshqarishi noo‘rin degan xulosaga keldi. Shuningdek, Eto aytgan gaplar uchun hukumat rahbari Sigeru Isiba ham kechirim so‘radi.
Yaponiyada guruch taqchilligi 2023 yilgi hosil yaxshi bo‘lmagani va 2024 yili tarqalgan «megazilzila» to‘g‘risidagi xabarlar sabab yuzaga kelgan vahimadagi xaridlar bilan bog‘lanmoqda.
Fevral oyida Yaponiyada 5 kiloli qadoqdagi guruch narxi 3688 iyenaga (24 dollar) yetgandi — bu 2024 yil fevraldagi ko‘rsatkichdan 1,5 barobarga qimmat. Mart oyida esa mamlakat hukumati strategik zaxiralar hisobidan 210 ming tonna guruchni sotishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgan edi.
O‘tgan yilning iyulida Yaponiyada guruch zaxirasi turistlar oqimi va hosildorlikning kamayishi sabab so‘nggi o‘n yillikdagi eng past darajaga tushib ketgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda guruchga bo‘lgan talab kutilmaganda 7 million tonnagacha oshgan va mahalliy hukumat buni turistlarning kelishi bilan bog‘lamoqda.
Mavzuga oid

09:05 / 21.05.2025
“Tabiiy, innovatsion, transformativ” – yaponlar o‘zbek pavilioniga qanday ta’rif bermoqda?

17:12 / 20.05.2025
“Tokiodagi o‘zbeklarning o‘g‘riligi O‘zbekiston imijiga minus” – Yaponiyadagi elchi bilan suhbat

11:21 / 16.05.2025
Tokioda O‘zbekistonning besh nafar fuqarosi qo‘lga olindi

18:09 / 04.05.2025