Jamiyat | 09:05
2141
3 daqiqa o‘qiladi

“Tabiiy, innovatsion, transformativ” – yaponlar o‘zbek pavilioniga qanday ta’rif bermoqda?

Kun.uz “Expo 2025 Osaka”da taqdim etilgan o‘zbek milliy pavilioniga borib, unga tashrif buyuruvchilarning fikri bilan qiziqdi. Pavilion xodimlariga ko‘ra, kuniga kamida 6-7 guruh odamlar tomosha qilgani kelmoqda va har bir guruhda 40-45 kishi bo‘ladi. “Baland-baland ustunlar darhol e’tiborimizni tortyapti”, deydi yaponlar.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

“Expo 2025 Osaka”dagi O‘zbekiston pavilioni “Bilimlar bog‘i: kelajak jamiyati laboratoriyasi” nomi ostida taqdim etildi. O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi bu pavilionni loyihalashtirish uchun mashhur nemis kompaniyasi “Atelier Bruckner”ni tanladi. Ko‘rgazma uchun turli yapon bog‘laridan 250 dan ortiq ustunlar olib kelingan va “Bilimlar bog‘i” yaratilgan.

Pavilionga kiraverish qavati – yer ostini anglatadi va tuproq, suvni gavdalantiruvchi illyuziyalar bilan ishlangan. Bu galgi ko‘rgazmada O‘zbekiston nafaqat tarixi, balki bugun hamda kelajak rejalarini ham ko‘rsatishga urindi. Masalan, ekologik omillar, energetik muammolarni bartaraf qilish uchun yashil yechimlar maketlari, sun’iy idrok va raqamlashtirishni anglatuvchi sxemalar paviliondan o‘rin olgan. “Afrosiyob” poyezdi harakatlanayotgani orqali o‘zbek dalalari, tabiati raqamli tarzda ko‘rsatiladi.

Ko‘rgazmaning eng qiziq qismi 360 darajali multimedia sayohatidir. 3 daqiqadan sal ko‘proq vaqt ichida video va ovozli manzaralar mehmonlarga O‘zbekistonni tasvirlashi, ko‘rgazmadagi keyingi bosqich “Bilimlar bog‘i”ga chiqishga tayyorlashi lozim. Innovatsion dizayndagi ushbu harakatlanuvchi platforma sabab ham o‘zbek milliy pavilioni butun ko‘rgazmada eng noyoblaridan biri bo‘lib qolmoqda. 

Tashrif buyuruvchilar “Bilimlar bog‘i” tomi ochiq ayvoniga ko‘tarilar ekan, Xivadagi tarixiy Juma masjidiga o‘xshatib qurilgan o‘rmonga chiqqandek bo‘lishadi. Bu yerdagi 250 dan ortiq ustunlar esa qurilishida ishlatilgan yog‘ochning kelib chiqishi qaysi yapon bog‘iga borib taqalishini kuzatish imkonini beruvchi yaqin masofa aloqasi (NFC) belgilari bilan jihozlangan.

Kun.uz pavilionga tashrif buyurganlar fikrini o‘rganarkan, ko‘pchilik bu ko‘rgazmaga “tabiiy”, “ajoyib”, “innovatsion”, “transformativ”, “kelajak tabiati” degan bir-biriga yaqin ta’riflarni berdi. O‘zbek milliy pavilioni asosiy kirish qismdan uncha uzoq bo‘lmagani uchun tez tashrif buyuruvchilar e’tiboriga tushmoqda.

Shohrux Majidzoda tayyorladi.

Mavzuga oid