O‘zbekiston | 17:54 / 20.05.2025
9007
9 daqiqa o‘qiladi

Utilizatsiya yig‘imi: bizda 3500 dollar, boshqalarda-chi?

​​​​​​​Agar O‘zbekistonga elektromobil olib kirmoqchi bo‘lsangiz, faqat utilizatsiyaning o‘zi uchun 45 mln so‘m to‘lashingiz kerak. Kun.uz bu borada boshqa mamlakatlardagi vaziyatni o‘rgandi. Ma’lum bo‘lishicha, qo‘shni davlatlar: Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistonda elektromobillar uchun bunday yig‘im yo‘q.

2025 yil 1 maydan boshlab import qilinadigan elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi keskin oshirildi. Ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan elektromobillar uchun yig‘im BHMning 30 barobaridan 120 barobariga yoki 45 million so‘mgacha ko‘tarildi. Agar elektromobil ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshgan bo‘lsa, yig‘im BHMning 210 barobari yoki 78,75 million so‘mni tashkil qiladi. Yangi tartib elektromobil narxlarini oshirib, ularni xaridorlar uchun yanada qimmatlashtirdi.

Kun.uz utilizatsiya yig‘imi borasida xorij tajribasini o‘rgandi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari

Qozog‘istonda ham import mashinalar uchun utilizatsiya yig‘imi bor, lekin bu to‘lov faqat benzinli va gibrid avtomobillardan olinadi. Hukumat elektromobillarni ommaviylashtirish uchun ulardan utilizatsiya yig‘imi undirmaydi.

Qirg‘izistonga ham Xitoydan arzon elektromobillar olib kirish ko‘paygani ortidan ularning importiga utilizatsiya yig‘imi joriy qilish masalasi kun tartibiga olib chiqilgandi. Xususan, 2024 yilning fevral oyida iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Aynura Usenbekova “2025 yilda Qirg‘izistonda elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi joriy etiladi”, degan bayonot bilan chiqdi. Hozircha bu borada hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi. Demak, qirg‘izistonliklar ham elektromobil import qilish uchun utilyig‘im to‘lamaydi.

Tojikiston hukumati esa ekologik toza transportga o‘tishni Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida eng ko‘p qo‘llab-quvvatlayapti. Mamlakatda elektromobillar olib kirish uchun hech qanday utilizatsiya yig‘imi yo‘q. Aksincha, 2022 yildan boshlab import uchun bojxona boji bekor qilingan bo‘lsa, 2025 yilning may oyidan ishlab chiqarilganiga 1 yildan oshmagan yangi elektromobillar QQS va aksiz solig‘idan ham ozod qilindi. Rasmiy Dushanbe 2030 yilga borib mamlakat transport parkining 30 foizini elektrga o‘tkazishni rejalashtiryapti.

Turkmanistonda ham rasmiy ravishda avtomobil importiga alohida utilizatsiya to‘lovi yo‘q. Ammo mashina olib kirishga qat’iy cheklovlar kiritilgan. Jismoniy shaxslar chetdan to‘g‘ridan to‘g‘ri avtomobil olib kirishi deyarli imkonsiz, faqat davlat ruxsati bilan muayyan toifadagi transport vositalarigina keltiriladi.

MDH mamlakatlari

Rossiya – MDHda utilizatsiya yig‘imini birinchilardan bo‘lib joriy etgan va to‘lovi eng qimmat mamlakat. RF Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lgandan keyin bojxona to‘lovlarini pasaytirishga majbur bo‘ldi, ammo ichki bozorni himoya qilish asnosida “ekologik soliq”ning yuqori stavkalarini o‘rnatdi. Bu importni qimmatlashtirish orqali mahalliy avtosanoatni qo‘llab-quvvatlash vositasiga aylantirilgan desak ham bo‘ladi.

2025 yil 1 yanvardan boshlab, ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan elektromobilni Rossiyaga olib kirish uchun utilizatsiya to‘lovi narxi 667 ming 400 rublgacha (8200 dollar), 3 yoshdan katta elektrokarlar uchun esa 1 mln 174 ming rublgacha (14 800 dollar) oshirildi.

Ammo bu yerda muhim jihat bor. Yuqoridagi qimmat stavkalar faqat yuridik shaxslar tomonidan olib kiriladigan yoki ishlab chiqarilgan avtotransport vositalariga taalluqli. Shartli Aleksey shaxsiy ehtiyoji uchun Xitoydan elektromobil olib kelmoqchi bo‘lsa, u yangi mashina uchun atigi 3400 rubl (42 dollar) to‘laydi. Faqat bitta sharti bor: Aleksey 1 kalendar yili davomida imtiyozli narxda boshqa mashina olib kira olmaydi, shuningdek, imtiyozli olib kirgan mashinasini 12 oy ichida boshqaga sota olmaydi.

O‘zbekiston bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, 45 mln so‘mlik to‘lovni shartli Eshmat ham, “Eshmat Auto” MChJ ham bir xil miqdorda to‘laydi, jismoniy shaxslarga hech qanday yengillik va imtiyoz berilmagan.

Belarusdagi stavkalar ham Rossiyaniki bilan deyarli bir xil. Bu bevosita Moskvaning ta’siri bilan bog‘liq: bojxona ittifoqi sabab rossiyaliklar uchun mashinalarni Minsk orqali import qilish arzonroq bo‘lgan, shu tufayli utilizatsiya to‘lovi miqdori ikki davlatda qisman muvofiqlashtirilgan.

Ayni paytda Belarusga elektromobil olib kirmoqchi bo‘lganlar import uchun QQS va bojxona bojidan ozod etilgan. Utilizatsiya to‘lovi esa jismoniy shaxslar uchun mashinaning yangi yoki eskiligiga qarab 166 dollardan 250 dollargacha. Yuridik shaxslar uchun esa Rossiyadagi stavkalarga tenglashtirilgan.

Armanistonda utilizatsiya yig‘imi joriy etilmagan. Shuningdek, elektromobillarni boj va QQS to‘lamasdan import qilish mumkin. Faqat cheklangan kvota mavjud. Bu miqdor 2025 yil uchun 8000 dona etib belgilangan. O‘z navbatida, armanistonliklarga ham import qilgan mashinalarini Rossiya fuqarolariga sotmaslik talabi qo‘yilgan.

Ozarboyjon ham 2019 yilda ekologik toza mashinalar importi uchun bojxona boji va aksiz solig‘ini bekor qilgan, faqat QQS to‘lash kerak bo‘ladi. Mamlakatda 2022 yilda elektrokarlar uchun utilizatsiya yig‘imini joriy qilish masalasi muhokama qilingan bo‘lsa-da, bu amaliyotga tatbiq etilmadi.

Yevropa Ittifoqi tajribasi

Yevropa Ittifoqida avtoulov chiqindilarini yo‘q qilish bilan bog‘liq barcha masalalar 2000 yil 18 sentabrda qabul qilingan direktiva bilan tartibga solinadi. Unga ko‘ra, eski avtomobillarni yig‘ish punktlari tarmog‘ini yaratish mas’uliyati bevosita avtomobil ishlab chiqaruvchilar va yirik importyorlar zimmasiga tushadi. Hech qanday maxsus davlat to‘lovlari yo‘q. Kimdir Germaniyadan Fransiyaga yangi yoki ma’lum muddat foydalanilgan avtomobil olib kirmoqchi bo‘lsa, hech qanday to‘lovni amalga oshirmaydi.

Yevroittifoqning bir qator davlatlari qonunchiligida yirik ishlab chiqaruvchilar va importyorlarning majburiyatlari mamlakatga avtotransport vositalarini olib kiruvchi jismoniy shaxslarga taalluqli emasligi aniq qayd etilgan. Aksincha, Yevropada aksar davlatlar elektromobillar importiga qo‘shimcha soliq joriy etishni emas, balki ularning xaridiga turli imtiyozlar berib ommaviylashtirishni qo‘llab-quvvatlab kelyapti.

Osiyoning rivojlangan davlatlari

O‘zbekistonda bo‘lgani kabi, Yaponiyada ham avtomobillar utilizatsiyasi uchun to‘lov bor va u oldindan undiriladi. Lekin to‘lov miqdori ancha arzon: 6000–18000 iyena (41-123 dollar) oralig‘ida. Pul maxsus jamg‘armaga tushib, avtomobilning kelajakdagi utilizatsiya jarayonini moliyalashtirish uchun saqlanadi. Mashina yaroqsiz holga kelganda egasi uni utilizatsiya markaziga topshiradi, markaz o‘z navbatida avtomobil ishlab chiqaruvchisidan yoki jamg‘armadan mablag‘ oladi va mashinani qayta ishlaydi.

Ya’ni Yaponiyada yig‘ilgan pul maqsadli jamg‘arma orqali faqat utilizatsiya xarajatlariga yo‘naltiriladi va jarayon shaffof nazorat qilinadi. O‘zbekistonda esa utilizatsiya uchun yig‘ilgan pullarning sarfi noma’lum va umuman boshqa maqsadlarda ishlatilayotgan bo‘lishi mumkin.

Janubiy Koreyada ham Yevropadagi kabi ishlab chiqaruvchilar javobgarligi tamoyiliga amal qilinadi. Xaridorlardan utilizatsiya uchun alohida to‘lov undirilmaydi.

Xulosa o‘rnida aytish lozimki, ko‘plab davlatlarda elektromobillar importi rag‘batlantirilayotgan paytda O‘zbekistonda ularni olib kirishga sun’iy to‘siqlik yaratilyapti. Mamlakatda haligacha elektromobil akkumulyatorlarini qayta ishlash infratuzilmasi mavjud emas. Bundan kelib chiqadiki, yig‘imni joriy etish haqiqiy ekologik choralar bilan asoslanmagan va ko‘proq importni cheklashga qaratilgan proteksionistik harakatga o‘xshaydi.

Hukumat qarorida 2 oy muddatda utilizatsiya yig‘imlaridan samarali foydalanish tartibi ishlab chiqilishi belgilangandi. Hozircha bu borada yangilik bo‘lganicha yo‘q.

Doston Ahrorov tayyorladi.

Mavzuga oid