O‘zbekiston | 11:53
5408
2 daqiqa o‘qiladi

Hafta davomida harorat ko‘tarilib borishi kutilmoqda

O‘zbekistonning katta qismida hafta o‘rtasiga borib harorat maksimumi +40 darajagacha, cho‘llar va janubiy viloyatlarda esa +42 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Hafta oxirida esa mamlakatning katta qismiga navbatdagi salqin havo oqimi kuchli shamol va chang bo‘ronlari bilan kirib kelishi kutilmoqda.

Foto: Kun.uz

Bugun, 19 may kuni O‘zbekiston bo‘yicha +28...+33 daraja, janubda +35 darajagacha bo‘lgan qulay harorat fonida ob-havo kam bulutli va quruq bo‘lishi kutilmoqda.

Ertadan havo harorati ko‘tarila boshlaydi va hafta o‘rtasida kunduz kunlari havo +35...+38 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda +40...+42 darajagacha isiydi.

Ish haftasi oxiriga borib, salqin havoning yana bir qismi kirib kelishi hisobiga harorat +30...+32 darajagacha pasayadi.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 13–18 metr/soniyagacha kuchayishi, chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi kutilmoqda. 22–23 mayda ayrim joylarda ba’zida shamol 20–22 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin.

Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda 22–23 may kunlari ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Toshkent shahrida 19–23-may kunlari havo biroz bulutli, vaqti-vaqti bilan o‘zgaruvchan bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Bugun kunduzi harorat +28...+30 daraja bo‘ladi, 20–22 mayda asta-sekin +35...+38 darajagacha ko‘tariladi, 23 mayda +30...+32 daraja bo‘ladi.

22–23 may kunlari shamol tezligi 12–15 metr/soniyagacha kuchayishi, ba’zi joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.

Mavzuga oid