Jahon | 08:24
5743
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh sobiq prezidenti Jo Baydenda saraton kasalligi aniqlandi

AQShning sobiq prezidenti Jo Baydenga suyaklarga tarqalgan prostata saratoni tashxisi qo‘yildi, dedi uning vakili. Bayden va uning oilasi davolanish usullarini o‘rganmoqda.

Foto: Elizabeth Frantz / Reuters

AQShning sobiq prezidenti, 82 yoshli Jo Baydenga «prostata saratonining agressiv shakli» tashxisi qo‘yilgan, dedi uning matbuot kotibi 18 may, yakshanba kuni.

«Prezident Jo Bayden o‘tgan haftada kasallik alomatlarini seza boshlaganidan so‘ng prostata bezida tugun aniqlangani sababli tekshirildi», — deya Amerikaning bir qator ommaviy axborot vositalari, jumladan CNN telekanali va The Hill internet nashri bayonotdan iqtibos keltirgan. «Juma kuni (16 may) unga prostata saratoni tashxisi qo‘yildi, u suyaklarga metastazlar bergan hamda Glison shkalasi bo‘yicha 9 ball (5-sinf guruhi) bilan tavsiflandi».

Ta’kidlanishicha, gap «kasallikning agressiv shakli» haqida ketayotgan bo‘lsa-da, saraton o‘simtasi, aftidan, «gormonlarga sezgir bo‘lib, bu uni samarali davolashga imkon beradi». Jo Bayden va uning oilasi «davolash usullarini baholash uchun shifokorlari bilan ishlamoqda», deyiladi bayonotda.

CNN veb-sayti manbaga tayanib xabar berishicha, Bayden shu dam olish kunlari Delaver shtati Uilmingtondagi uyida bo‘lib turibdi. Jurnalistlar suhbatdoshidan sobiq prezident aynan qayerda davolanayotganini bilishga harakat qilishdi, deya aniqlik kiritdi nashr.

Bir necha kun avval Baydenning matbuot kotibi AQSh sobiq prezidenti yaqinda prostata bezida topilgan «kichik tuguncha» tufayli tekshiruvdan o‘tganini aytdi, deb xabar bermoqda CNN.

Mavzuga oid