Jahon | 12:23 / 16.05.2025
1504
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga chaqirdi

Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Xili Putinga bosimni kuchaytirish kerakligini aytdi. Rossiya prezidentini Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralariga majbur qilish zarur, dedi u.

Foto: Twardy/BMVg

Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Jon Xili fikricha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiyaga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar qo‘llash orqali muzokaralar stoliga o‘tirishga majbur bo‘lishi kerak. «Biz harakat qilishimiz kerak, muzokaralar olib borish uchun Putinga bosim o‘tkazishimiz kerak», dedi Xili 15 may, payshanba kuni Berlinda Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius bilan qo‘shma matbuot anjumanida.

«Bugun butun dunyoning nigohi Istanbulda», dedi Xili Turkiyada Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida kutilayotgan muzokaralar bilan bog‘liq holda. «Putin tinchlikni xohlashini aytdi, lekin u o‘t ochishni to‘xtatishdan bosh tortdi. Muzokaralar olib borishni xohlayotganini aytdi, lekin u o‘zi taklif qilgan konferensiyaga ham kelmadi», — dedi Britaniya mudofaa vaziri va «Putin ertaga urushni tugatishi mumkin» ekanini qo‘shimcha qildi.

Boris Pistorius ham Ukrainadagi urushni tugatish kaliti aynan Putinda, degan fikrni bildirdi. «U Istanbulga borib, muzokaralar boshlashi mumkin edi, o‘t ochishni to‘xtatishga buyruq berishi mumkin edi, lekin bularning hech biri amalga oshmayapti», dedi u.

«Siz Putin xuddi sirk arenasidagi kabi Amerika prezidentini burnidan tutib yetaklamoqchi deb o‘ylashingiz mumkin, ammo bu Donald Trampga yoqmasa kerak. Bu Amerika ma’muriyatining Moskvaga nisbatan tanlagan yo‘nalishini o‘zgartirishga olib kelishi mumkin», deya taxmin qildi Pistorius.

Mavzuga oid