Jahon | 12:18 / 15.05.2025
1527
2 daqiqa o‘qiladi

Eron AQSh ishtirokida uranni boyitish bo‘yicha konsorsium tuzishni taklif qildi

Tehron Vashingtonning Eron yadro dasturini cheklash haqidagi talabini rad etdi. Muqobil variant sifatida Eron arab davlatlari va AQSh ishtirokida uranni boyitish bo‘yicha qo‘shma korxona yaratishni taklif qildi.

Foto: report.az

The New York Times (NYT) 13 may, seshanba kuni eronlik manbalarga tayanib yozishicha, Eron Vashingtonning Tehron yadroviy dasturini cheklash talabiga muqobil ravishda arab davlatlari va AQSh sarmoyasi hisobiga uranni boyitish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etishni taklif qildi.

NYT manbalari tushuntirganidek, taklif konsorsium yaratishni o‘z ichiga oladi, uning doirasida Eron uranni qurol darajasidan past darajada boyitadi va uni arab mamlakatlariga fuqarolik maqsadlarida foydalanish uchun yuboradi.

Eronga uranni 3,67 foizgacha boyitish imkonini beruvchi kelishuv 2015 yilgi yadroviy kelishuvga o‘xshash bo‘ladi, biroq asosiy farq qo‘shimcha nazorat uchun joylarda boshqa mamlakatlar vakillarining ishtirok etishidir, deb yozadi NYT. Eron rasmiylarining ta’kidlashicha, 15 yilga mo‘ljallangan oldingi kelishuvdan farqli o‘laroq, qo‘shma korxona rejasi ochiq bo‘ladi.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aragchi 11 may kuni Ummonda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha vakili Stiv Uitkoffga bu g‘oyani aytdi, deb xabar berdi Erondagi to‘rt manba NYT'ga. Uitkoffning matbuot kotibi Eddi Vaskesning aytishicha, bu «haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi». Uning so‘zlariga ko‘ra, bu taklif «hech qachon birinchi o‘ringa chiqmagan va muhokama qilinmagan».

Mavzuga oid