Jamiyat | 14:20
27724
4 daqiqa o‘qiladi

Bog‘otdagi hodisa: aslida nima bo‘lgan?

Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanidagi uylardan birida g‘aroyib hodisa kuzatildi: 12 may kuni yarim tunda uyning dahliz qismi qulab tushgan. Xonadonda yong‘in sodir bo‘lmagan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda uy dahlizi teshilib qolgani, ichki devorlarga esa aytarli zarar yetmagani ko‘rinadi.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Bog‘ot tumanidagi uylardan biriga asteroid tushgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi video lavha tarqaldi. Unda hodisadan oldin kuchli zarba ovozi eshitilgani aytiladi. Videoda uyning kirish qismi, ya’ni dahlizi teshilib qolgani va shifti qulab tushganini ko‘rish mumkin.  

Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, rasmiy bayonot berib, xonadonga asteroid tushganini rad etdi.

Boshqarma bayonotida aytilishicha, 12 may kuni soat 3:39 da Bog‘ot tumani Yuksalish mahallasidagi uy dahlizining taxminan 10 kv m tom qismi qulagani to‘g‘risida xabar kelib tushgan. Hodisa sodir bo‘lgan manzilda IIB hamda Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining maxsus laboratoriya xizmatlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan. O‘rganishlar davomida hodisa joyida hech qanday fazo jismlari yoki portlash xususiyatiga ega moslamalarning qoldiqlari aniqlanmagan. Shuningdek, o‘rganishlarda xonadonda 2 ta propan gaz balloni borligi ma’lum bo‘lgan.

Viloyat FVB osmon jismi tushganini rad etib, hodisaning kelib chiqish sababini aniqlash maqsadida maxsus ekspertiza tayinlanganini ma’lum qilgan. Aynan qanday predmetlar ekspertiza uchun olingani xabarda aytilmagan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatining Kun.uz’ga bildirishicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra xonadonda propan gaz chaqnashi sodir bo‘lgan va tartib bo‘yicha ekspertiza tayinlangan. Uy egalari tashqarida uxlashgani sababli tan jarohati olganlar bo‘lmagan.

Tarmoqlarda tarqalgan yana bir videoda uyning ichkari devorlariga deyarli zarar yetmagani, faqatgina shifti teshilib tushgani ko‘rinadi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot kotibi buni chaqnash turlicha bo‘lishi, jumladan zarba kuchi pastdan yuqoriga yo‘nalgan bo‘lishi mumkinligi bilan izohladi.

“Hozir mutaxassislar bilan gaplashdim, portlash turi ham har xil bo‘ladi: chaqnashda gaz qayerda to‘planishiga qarab zarba kuchi yon tomonga yoki osmonga bo‘lishi mumkin. Bu holatda gaz gaz ballondan sizib chiqqan va xonaga to‘lgan, keyin chaqnash bo‘lgan”, deydi vazirlik matbuot kotibi.

Uy egalari osmondan biror jism tushganini taxmin qilishgan.

«Kosmos-482» qulashi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinmi?

10 may kuni Rossiyaning «Kosmos-482» kosmik qurilmasi Hind okeaniga quladi. U hali koinotdaligida taxmin qilingan qulash nuqtalari orasida O‘zbekiston hududi ham bo‘lib, buning ehtimoli 0,3–0,5 foizga baholangandi.

Kun.uz Bog‘otdagi xonadonga ushbu kosmik obektning biror parchasi qulagan bo‘lishi mumkinmi, degan savol bilan «O‘zbekkosmos» agentligiga murojaat qildi. Agentlik matbuot kotibi Nodirbek Muqimov bu ehtimoldan yiroq ekanini, jumladan «Kosmos-482»ning 480 kgli asosiy moduli parchalanmasdan butun holatda okeanga tushganini bildirdi. Shuningdek, agentlik uyga boshqa kosmik jism qulagani ham haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

Mavzuga oid