Jamiyat | 20:19 / 14.05.2025
4224
3 daqiqa o‘qiladi

Angrenda ko‘prikning bir qismi qulab tushdi

Toshkent viloyatida joylashgan Qorabog‘soy ko‘prigining piyodalar yo‘lagi qulab tushdi. «O‘zyo‘lko‘prik» klasteri xulosasida ushbu ko‘prikning umumiy texnik holati qoniqarsiz holatda deya baholangan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkent viloyati Angren shahrida joylashgan Qorabog‘soy ko‘prigining bir qismi qulab tushdi, deb xabar beradi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi.

Qayd etilishicha, 13 may kuni soat 20:00 larda Toshkent—Ohangaron—Angren—Qo‘qon—Shahrixon—Andijon avtomobil yo‘lining 85-kilometridagi Qorabog‘soy ko‘prigi chetidagi oxirgi oraliq qurilmasi, ya’ni piyodalar yo‘lagi (bir dona oraliq qurilma to‘sin — 22,1 metr) sinib tushgan.

Ushbu yo‘nalish bo‘yicha avtomobillar harakati vaqtincha cheklanib, harakatlanish vaqtincha D 019 «Angren shahrini aylanib o‘tish» avtomobil yo‘liga o‘tkazilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Qorabog‘soy ko‘prigi 1969 yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, u 1995 yilda rekonstruksiya qilingan.

«O‘zyo‘lko‘prik» klasterining Ko‘prik va sun’iy inshootlarni diagnostika qilish bo‘limi mutaxassislari Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining murojaatiga asosan qisqa muddatda mazkur ko‘prikda o‘rganish ishlarini amalga oshirib, tegishli xulosani taqdim etgan.

Unga ko‘ra, ko‘prik konstruksiyasi texnik holati o‘rganilganda, oraliq qurilma to‘sinlarining ma’naviy eskirgani, to‘sinlarning amaldagi yuklamalarni ko‘tara olmasligi, ko‘prik ustki qoplamasi qalinligi me’yoridan ortib to‘sinlarga ortiqcha yuk berayotgani aniqlangan.

Shuningdek, to‘sinlar o‘zaro yaxlit bo‘lmay, alohida element sifatida ishlayotgani hamda ko‘prik ustki qoplamasidagi yoriqlardan va qatnov qismi qoplamasining chekka qismlaridan oqib tushgan suvlar to‘sinlarni butun tanasi bo‘ylab tarqalib, karroziyaga uchratayotgani, to‘sinlardagi yoriqlardan suv sizib kirib ishchi armaturalarini ham korroziyaga uchratayotgani ma’lum bo‘lgan.

Ko‘prikning umumiy texnik holati qoniqarsiz holatda deya baholangan va kelgusida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan avariya holatlarining oldini olish maqsadida ko‘prikda to‘liq rekonstruksiya ishlarini olib borish lozimligi ko‘rsatilgan.

«Ko‘prik joylashgan avtomobil yo‘li I toifaga to‘g‘ri kelgani, ko‘prik gabariti avtomobil yo‘liga mos emasligi, avtomobillar harakatida aynan ko‘prik joylashgan oraliqda tirbandliklar hosil bo‘layotganini inobatga olib, ko‘prik rekonstruksiya ishlari doirasida avtomobil yo‘li toifasiga va zamonaviy A 14, NK 100 me’yoriy talablarga mos bo‘lgan yangi ko‘prikni qurish maqsadga muvofiqligi aytib o‘tilgan», — deyiladi xabarda.

Mavzuga oid