Jamiyat | 07:46
8607
4 daqiqa o‘qiladi

Firibgarlar qanday qilib bank kartasidagi pullarni o‘marmoqda?

Bugungi kunda o‘g‘rilar oldingizga kelib cho‘ntagingizga qo‘l solmaydi, balki sizning hisobingizdagi pullarga ko‘z olaytirmoqda. Ushbu videoda firibgarlar telefonga «kirib olish» uchun eng ko‘p qo‘llaydigan usul – zararli APK fayllar, undan saqlanish yo‘llari hamda firibgarlikka duchor bo‘lganda nima qilish kerakligini tushuntirib beramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Maqsadi o‘g‘rilik bo‘lgan bu firibgarlikka asosan yoshi kattalar, telefonga keladigan har xil fayllarning formati bilan tanish bo‘lmaganlar aldanib qolmoqda. Afsuski, bunday holatlar kamaymayapti.

Bu firibgarlikning eng keng tarqalgan turi – «o‘lja»ning smartfoniga zararli APK formatidagi dasturga o‘xshash fayl yuboriladi. Bu orqali uning telefonidagi SMSlar, plastik karta ulangan dasturlar boshqaruvi qo‘lga olinadi hamda pullarni o‘z hisob raqamiga o‘tkazadi.

Ushbu videoda firibgarlar sizning telefoningizga «kirib olish» uchun eng ko‘p qo‘llaydigan usullar, undan saqlanish yo‘llari hamda firibgarlikka duchor bo‘lganda nima qilish kerakligini tushuntirib beramiz.

Xo‘sh, firibgarlarning nayranglaridan qanday himoyalansak bo‘ladi?

  • Avvalo tabiiyki bunday shubhali faylni ochmaslik lozim;
  • Agarda ilovani ochib o‘rnatishga ulgurgan bo‘lsangiz zudlik bilan ilovani va telegram akkauntingizni (zaruratga qarab) o‘chirib yuborish lozim. Chunki sizning akkauntingizdan boshqalarga avtomatik ravishda virusli fayl yuborilgan bo‘lishi ehtimoli yuqori;
  • Keyingi o‘rinda sizga bunday faylni yuborgan tanishingizga telefon qo‘ng‘irog‘i orqali aloqaga chiqib, uni boxabar qiling.
  • Eng asosiysi, to‘lov dasturlari (Payme, Click, Paynet yoki boshqa bank ilovalari) sozlamalariga kirib u yerdagi qurilmalar bo‘limidan begona qurilmalarni chiqarib yuboring;
  • Plastik kartangizga ulangan telefon raqamingizni o‘zgartirishni ham unutmang, bu ishni bankomatlar orqali amalga oshirish mumkin.

Agar kartadagi pullar birin-ketin yechilib borayotgan bo‘lsayu, siz shoshilinch paytda nima qilishni bilmay qolsangiz: birinchi bo‘lib plastik kartangizning bankiga qo‘ng‘iroq qilib, kartangizni blokka soldirib turing. Bu firibgarlarning ishini muzlatib qo‘yadi. Shundan keyin yuqoridagi choralarga o‘tsangiz bo‘ladi.

Yana bir muhim eslatma, bu turdagi firibgarlik faqatgina APK fayli ko‘rinishida kelmaydi, balki shubhali havola (ssilka) ko‘rinishida ham kelishi mumkin. Misol, biror rasmiy saytning ko‘rinishiga o‘xshatib yasalgan sayt bo‘ladi, uning URL manzili ham juda originaliga yaqin bo‘ladi. U yerga adashib yoki tushunmay to‘lov qilish uchun kirsangiz, firibgarlar SMS kod orqali sizning bank kartangizga «dostup» oladi.

Eng to‘g‘ri va oddiy yo‘l: sizga yuborilgan hech qanday shubhali ilovayu, havolalarni ochmang. Dasturlarni faqat rasmiy do‘konlardan (Play Market, Galaxy yoki Mi Store) o‘rnating.

O‘zingiz va pullaringizni ehtiyot qiling!

Mavzuga oid