Jamiyat | 20:18 / 12.05.2025
11501
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi maktab o‘qituvchisi o‘quvchilarga «Katyusha» yodlatgani xabar qilindi

Chilonzor tumanidagi 188-maktabning boshlang‘ich sinf rahbari dars o‘rniga 9 may munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazishga uringan. Maktab ma’muriyati unga dars vaqtida tadbir o‘tkazmaslik haqida ogohlantirish bergan, agar holat takrorlansa, ishdan bo‘shatilishi ma’lum qilingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi maktablardan birining o‘qituvchisi o‘quvchilariga «Katyusha» va «Smuglyanka» qo‘shiqlarini kuylatmoqchi bo‘lgani uchun ishdan bo‘shatilgani haqida xabarlar tarqaldi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Toshkent shahar boshqarmasi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi 8 may kuni o‘zi rahbarlik qilayotgan 4-«g» sinf o‘quvchilari bilan maktab ma’muriyatini ogohlantirmasdan dars jadvalida birinchi soatda ko‘rsatilgan matematika fani darsini o‘tmasdan, «Xotira va qadrlash kuni»ni nishonlashga uringan.

Bundan xabar topgan maktab ma’muriyati o‘qituvchini dars mahalida bunday tadbir o‘tkazishi mumkin emasligi haqida yana bir bor ogohlantirgan. Bu kabi tadbirlar darsdan keyin o‘tkazilishi zarurligi, agar o‘zboshimchalik qiladigan bo‘lsa, o‘qituvchi ishdan bo‘shash uchun ariza yozishi lozimligini bildirgan.

Munosabatda o‘qituvchi o‘quvchilarga «Katyusha» va «Smuglyanka» qo‘shiqlarini yodlatgani tasdiqlanmagan, rad ham etilmagan.

Shuningdek, mazkur holat Chilonzordagi maktablardan birida bo‘lgani tasdiqlangan, ammo rasmiylar muassasa raqamini keltirmagan.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, bu holat 188-maktabda ro‘y bergan.

Voqea qahramoni Venera Basalyamova bo‘lib, u Rossiyadagi «Ostorojno, novosti» telegram-kanaliga o‘quvchilardan biri G‘alaba kuni tadbiriga sovet askari libosida kelgani uchun ishdan bo‘shatilganini aytib, murojaat qilgan. U oliy toifali o‘qituvchi ekani va 37 yillik ish tajribasiga egaligini iddao qilib, go‘yoki o‘quvchilar bayramga qanday tayyorgarlik ko‘rganidan va konsert dasturidan xabari bo‘lmaganini bildirgan. U bolalarga faqat uyda O‘zbekistonning fashizm ustidan g‘alabaga qo‘shgan hissasi to‘g‘risidagi filmlarni ko‘rishni vazifa qilib berganini aytgan.

Uning aytishicha, bolalarning askari 8 may kungi tadbirga O‘zbekiston armiyasi harbiy liboslarini prokatga olishgan, faqat bir o‘quvchi maktabga sovet askari libosida kelgan.

Mavzuga oid