Jahon | 16:02 / 11.05.2025
4371
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda Metallica konserti kuchsiz zilzilaga sabab bo‘ldi

Rok guruh Virginiya shtatida konsert berdi. Mahalliy futbol ishqibozlari uchun an’anaviy madhiyaga aylangan Enter Sandman kompozitsiyasi ijro etilgan vaqtda tomoshabinlar sinxron tarzda sakrashni boshlagan.

Foto: AP

Metallica rok guruhi Bleksburg shahrida joylashgan Virginiya texnologiya universitetining «Leyn» stadionida konsert berdi. Shtat seysmologik observatoriyasi (VsO) ma’lumotlariga ko‘ra, konsert vaqtida hududda kichik zilzila kuzatilgan.

Qayd etilishicha, kuchsiz zilzila mahalliy futbol ishqibozlari uchun an’anaviy madhiyaga aylangan Enter Sandman kompozitsiyasi ijro etilgan vaqtga to‘g‘ri kelgan. Bu vaqt stadionga to‘plangan qariyb 60 ming kishi sinxron tarzda sakrashni boshlagan.

«Leyn»dan bir kilometr uzoqlikka o‘rnatilgan seysmograf tuproqning kuchsiz harakatini qayd etgan. VsO direktori Martin Chapmaning so‘zlariga ko‘ra, zilzila kuchli Rixter shkalasi bo‘yicha 1 balldan kuchsizroq bo‘lgan va konsert o‘tkazilgan hududdan tashqarida kuzatilmagan.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil iyun oyida amerikalik qo‘shiqchi Teylor Sviftning Shotlandiya poytaxtidagi konserti davomida ham seysmik faollik qayd etilgandi. Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, yer yuzasidagi tebranishlar 7-9 iyun kunlari kuzatilgan va shou o‘tkazilgan joydan 6 kilometr uzoqlikkacha yoyilgan.

Mavzuga oid